Mazhab so’zi arab tilidan olingan bo’lib lug’atda yo’nalish, oqim, yo’l, ta’limotdemakdir. Muqaddas dinimiz istilohida esa fiqhiy yo’nalishlarga nisbatan aytiladi.
Fiqh so’zi ham arab tilidan olingan bo’lib lug’atda bir narsani nozik joylarigacha tushunishga aytiladi. Shariat istilohida esa “shar’iy dalillardan far’iy hukmlarni chiqarishga fiqh deb ataladi”. Fiqh fani tarixiga nazar soladigan bo’lsak Islomning avvalgi davrida tafsir , hadis usulul fiqh, va boshqa ilmlar kabi fiqh ilmi ham alohida ilm shaklida ajralib chiqmagan edi.
Hijriy birinchi asrning ikkinchi yarmi va ikkinchi asrda Islom dini dunyo bo’ylab keng tarqaldi . Arab bo’lmagan turli xalqlar ham musulmon bo’ldilar. Tabiiyki ular o’zlariga Qur’oni Karim va Nabiyyimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan shariat ahkomlarini chiqarib, tartibga solish imkoniga ega emas edilar. Shunday qilib, asta — sekin, kishilarga diniy hukmlarni o’rgatadigan, ularning savollariga javob beradigan kishilar ajrab chiqa boshladi. Asta- sekin Islom olamining turli joylarida faqih ulamolar yetishib chiqa boshladilar. Ushbu ulamolar o’z ilmiy ishlarida fiqhiy ijtihodlariga to’rtta narsani asosiy manba’ qilib olganlar .
Birinchisi: Qur’oni Karim.
Ikkinchisi: Rasullulloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari.
Uchinchisi: Ijmo’ — bir davrning ijtihod ahli bo’lgan ulamolarning bir ovozdan biror masalani qabul qilishlaridir.
To’rtinchisi: Qiyos. Ya’ni, avvalgi manba’larda hukmi kelamagan masalani, shunga o’xshash mazkur manba’larda hukmi bor narsaga qiyoslab hukm chiqarish.
Faqihlarimiz suyanadigan masdarlardan yana urf, masolihul mursala, shar’u man qablana shar’un lana kabi ba’zi maba’lar ham bor. Ular mazkur to’rtta asosiy va qolgan yordamchi manba’larga suyangan holda ko’p masalalarni hal qilganlar. O’shadavrda ko’plab faqihlar yetishib chiqqanlar. Ularning ko’pchiligi o’zlari dunyodan o’tishlari bilan, fiqhiy ishlari ham qolib ketgan.
Ammo musulmonlar orasiga keng tarqalgan shogirdlari va orqasidan ergashuvchilari ko’p bo’lgan ulamolar “fiqhiy mazhab sohiblari” deb tan olingan. Shulardan to’rttalari butun dunyoga mashhur bo’lganlar va ularning mazhablari musulmonlar jumhuri tomonidan “rasmiy fiqhiy mazhablar” deb tan olingan. Bular quyidagi mazhablar: Hanafiy mazhabi. Shofe’iy mazhabi. Molikiy mazhabi. Hanbaliy mazhabi.
Aminov Rustam, o’qituvchi.
“Fiqhiy yo’nalishlar va kitoblar” asari asosida tayyorladi.