«Taloq» so‘zi lug‘atda «moddiy va ma’naviy tugunni yechish» ma’nosini anglatadi.
Shar’iy istilohda esa, maxsus lafz ila nikohni ketkazish yoki halolligini nuqsonga uchratishga taloq deb aytiladi.
Maxsus lafzdan murod taloq yoki uning ma’nosini anglatuvchi lafzdir.
Nikohni ketkazish esa, nikoh aqdini yechib, oradagi ma’naviy bog‘lanishni yo‘qotish deganidir. Bu uch taloq ila yuzaga kelib, undan so‘ng taloq qilingan ayol o‘zini taloq qilgan kishiga halol bo‘lmay qoladi.
Halolligini nuqsonga uchratish, degani esa, bir taloq qo‘ysa, uch taloq haqidan bitta kamayib, xotinning unga halolligi nuqsonga uchragan bo‘ladi.
Qolaversa, taloqning soni uch taloq bilan chegaralab qo‘yilgan. Uch taloqdan keyin xotin boshqa erga tegishi lozim bo‘lib qoladi.
Islom dini taloq haqini erkak kishiga bergan. Chunki erkak kishi oila rahbari hisoblanadi. Oilaning obro‘si uning obro‘si bilan chambarchas bog‘liq. Shuning uchun oilani buzishdan oldin erkak kishi ko‘p o‘ylaydi. Bolalar ham otaning nomida bo‘ladilar, bu masala ham erkakni iloji boricha oilani saqlab qolishga undaydi. Oila qurish uchun barcha harakatlarni va sarf-xarajatlarni ham erkak qiladi. Xotinga mahr beradi, uy-joy hozirlaydi, to‘y qiladi va hokazo. Agar u xotin qo‘yib yana yangidan uylanadigan bo‘lsa, bu savdolar ham yangidan boshlanadi.
Eng muhimi, musulmon er iloji boricha taloq qilmaslik ruhida tarbiya topgan bo‘ladi. Umuman, Islom jamiyatida taloqqa eng noxush narsa sifatida qaraladi. Taloq qilishdan Allohning arshi larzaga keladi, degan tushunchaga ega musulmon er o‘zining bu huquqini eng oxirgi chora sifatidagina qo‘llaydi. Zero taloq hadisi sharifda ta’kidlanganidek, Alloh eng yomon ko‘rgan halol narsa hisoblanadi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Alloh mening ummatimdan o‘ziga o‘zi, ichida gapirganini, modomiki talaffuz qilib aytmasa yoki amalga oshirmasa, kechib yubordi», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilishgan.
Ushbu hadisi sharifga binoan, birov ichida xotinimni taloq qildim, desa, taloq tushmaydi. Ammo ovoz chiqarib aytsa, taloq bo‘ladi. Bir kishi o‘z xotiniga sen taloqsan, desa, taloq tushadi. Undan nimaga, nima niyatda bu gapni aytding, deb so‘rab o‘tirilmaydi.
Shuningdek, gapira olmaydigan odam ishora bilan taloq qilsa ham talog‘i tushadi.
Xat yozish yo‘li bilan taloq qilsa ham tushadi.
Birovni xabarchi qilib yuborib, o‘sha orqali taloq xabarini yetkazsa ham taloq tushadi.
Agar bir odamning esi o‘z ixtiyori ila qilgan tasarrufi tufayli ketgan bo‘lsa, misol uchun, mast qiluvchi ichimliklar ichgani, nasha, qora doriga o‘xshash narsalar iste’mol qilgani uchun esini yo‘qotgan bo‘lsa, talog‘i tushadi.
Shuning uchun bu narsada juda ham ehtiyot bo‘lish kerak.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Uch narsaning jiddiysi ham jiddiy, hazili ham jiddiy: nikohning, taloqning va raj’atning», dedilar».
Abu Dovud, Termiziy va Hokim rivoyat qilishgan.
Oralarida nikoh to‘g‘ri bo‘ladigan kishilar hazillashib, aqdi nikoh qilsalar nikoh sobit bo‘ladi. Xuddi shuningdek, hazillashib qilingan taloq ham tushadi. Xotinini bir yoki ikki raj’iy taloq qilib yurgan odam idda ichida seni o‘zimga qaytarib oldim, desa, raj’at-qaytish ham sobit bo‘ladi.
Chunki bu hollarda o‘zi bilib turib, qasd qilib aytgan bo‘ladi. Islom hayotga, xususan, oilaviy hayotga jiddiyat bilan qaraydi. Er-xotin orasidagi nikoh aloqasini muqaddas aloqa sifatida ko‘radi. Muqaddas narsalarni hazil-huzulga aylantirish esa umuman mumkin emas. Hazil qiladigan bo‘lsa, kelib-kelib, eng muqaddas aloqalardan biri bilan hazillashadimi? Bir ayolning begona bir erkakka halol bo‘lishi oson narsa ekanmi?
Alloh taolo Baqara surasida taloq hukmini bayon qiluvchi oyatlardan birida «Allohning oyatlarini hazil qilib olmang» degan. Bundan nikoh, taloq masalasi Allohning oyati ekanligi ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Islom Allohning oyatlarining hazil, o‘yin-kulgi holiga tushib qolishini hech xohlamaydi.
Musulmon kishi hayotga jiddiy qarasin. O‘zining oilasini o‘zi o‘yinchoq qilib qo‘ymasin. O‘z xotini bilan bo‘lgan, ikki bir-biriga harom shaxsni halol qilgan nikoh aloqasini o‘yinchoq qilgan odam har qanday jazoga loyiq.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Qachon erkak kishi o‘z xotinini taloq qilsa, agar uch taloq qilsa ham, uni qaytarib olishga haqli edi. So‘ng bu Alloh taoloning:
«Taloq ikki martadir. So‘ng ma’ruf ila ushlashlik yoki yaxshilik ila qo‘yib yuborishlik…» degan oyati ila nasx qilindi».
Sunan egalari rivoyat qildilar.
Johiliyat davrida taloqning adadi chegaralangan emas edi. Erkak kishi xotinini xohlaganicha qo‘yib yuborar va xohlaganicha yarashib olar edi.
Imom Termiziy qilgan rivoyatda, agar yuz marta taloq qilsa ham, deyilgan. Avval aytib o‘tilganidek, bu ishda xotin kishilarga nisbatan zulm bor edi. Nikoh va oilaviy robita o‘yinchoqqa o‘xshab, qadri qolmagan edi. Shuning uchun Alloh taolo ushbu rivoyatda boshlanish qismi keltirilgan oyatni nozil qilib, erkak kishiga faqat uch taloqning haqqini berdi.
Bir taloq qilganidan keyin qayta yarashsa, bo‘ladi. Ikkinchi taloqni qilganidan keyin ham yarashsa, bo‘ladi. Uchinchi taloqdan keyin esa, yarashish mumkin emas. Oyati karimaning davomida u (ayol) (uch taloq)dan so‘ng, to boshqa erga tegmaguncha unga halol bo‘lmaydi, deyilgan.
Ya’ni, uch taloq qilingan ayol boshqa erga tegib, o‘sha ikkinchi er bilan to‘laqonli oilaviy hayot kechirib, ikkinchi erdan o‘lim yoki taloq tufayli ajrab iddasi chiqqandan so‘nggina birinchi erga halol bo‘ladi. U er mazkur ayolni qaytadan xuddi yangi uylanayotgan odam nima qilishi lozim bo‘lsa, o‘shani qilib o‘ziga nikohlab olsa bo‘ladi. O‘zini bilgan erkak uchun xotinini taloq qilish munosib ish emas. Ammo hayotda uchrab turadigan turli holatlarni hisobga olib, bir va ikkinchi taloqdan keyin qayta yarashish imkoni berilgan. Ikki marta qayta yarashib, o‘ziga nasihat olmagan va yana xotinini taloq qilishga jur’at etib, nikohni o‘yinga aylantirmoqchi bo‘lgan erga uchinchi marta taloq qilganidan keyin yarashish huquqi berilmaydi.
Taloq masalasida taloq qilish uchun ishlatiladigan lafzlarga alohida e’tibor beriladi.
Taloq qilish uchun ishlatiladigan lafzlar ikkiga bo‘linadi.
1. Ochiq-oydin lafzlar.
Bundoq lafzlardan ko‘zlangan murod ochiq-oydin bo‘lib, urf-odatda taloq qilish uchun ishlatib yurilgan lafzlardir. «Taloq», «firoq» va «saroh» so‘zlari arabchada ochiq-oydin taloqqa ishlatiladigan so‘zlardir. Barcha arab emas xalqlarda ham shu so‘zlarning ma’nosidagi so‘zlar ishlatilishiga odatlanilgan bo‘lishi mumkin. Taloq so‘zi umumiy va hamma xalqlar biladigan so‘z. «Qo‘yib yubordim», «ajraldim» kabi so‘zlar ham shu ma’noni anglatishi mumkin.
Taloq tushishi uchun quyidagilar shartdir:
1. Lug‘atda va urf-odatda taloq ma’nosini bildiradigan lafzni aytish, yozish yoki ishora bilan anglatish.
2. Taloq qiluvchi ma’noni tushungan bo‘lishi.
Birovga taloq siyg‘asi boshqa tilda o‘rgatilsa, u ma’noni bilmay turib ishlatsa, taloq tushmaydi.
3. Taloqni xotiniga nisbat berishi.
Ayolning ismini aytish, o‘ziga xitob qilish, vasfini aytish, unga ishora qilish kabidir. «Xotinimni taloq qildim», «Falonchi taloqdir», «manavini taloq qildim», «sen taloqsan», «u taloqdir» kabilar. Shuningdek, «falon ishni falon muddatda qilmasam taloq majburiyatida qolaman», desa ham taloq tushadi.
4. Taloqning lafzi va adadida shak bo‘lmasligi.
So‘zni buzib talaffuz qilsa ham taloq tushadi. Misol uchun, «taloq» deyishning o‘rniga «talog‘» yoki «talak» desa ham. Ochiq-oydin taloq so‘zi xotinga nisbat berib aytilishi bilan taloq tushadi. Niyat, maqsadni so‘rab o‘tirilmaydi.
2. Kinoya lafzli taloq.
Bunda taloqni ham, boshqa ma’noni ham anglatiladigan lafzni xotiniga nisbat berib ishlatiladi. «Ota-onangnikiga ketaver, jo‘na! Yo‘qol!» «Chiq-ket! Sen bo‘shsan, hursan, ishing o‘zing bilan» kabi lafzlar shular jumlasidandir.
Agar bu kinoya lafzlari rozilik holatida, taloq to‘g‘risida gap-so‘z bo‘lmay turib aytilgan bo‘lsa, taloq tushmaydi. Ammo er men bu gapni taloq niyati bilan aytdim desa, taloq tushadi.
Agar rozilik holati bo‘lib, er-xotin orasida taloq masalasi o‘zaro bahs qilinib turganda er «iddangni sana», «sen ajrading», «sen bo‘shsan» kabi lafzlarni aytsa, taloq tushadi. Boshqa kinoyali lafzlarni aytsa, niyatiga bog‘liq bo‘ladi.
G‘azab, urish-janjal holati bo‘lsa, «iddangni sanayver», deyish bilan taloq tushadi. Boshqa lafzlarda niyatga bog‘liq bo‘ladi.
Imom Buxoriy va Imom Muslim Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda esa:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z xotinlaridan va xodimlaridan birortasini urmaganlar», deyilgan.
Ushbu ma’nolarni har bir musulmon ayol va erkak yaxshi tushunib olmog‘i va hayotga tatbiq qilmog‘i kerak. Ayollar erlariga itoatsizlik qilib, ularga qarshi bosh ko‘tarmasinlar, o‘z chegaralarida turib, erlarini favqulodda chora ko‘rishga majbur qilmasinlar. Erlar esa, xotinlariga yaxshi muomalada bo‘lsinlar, mabodo ayollardan ba’zi bir xatolar o‘tsa sabr qilib, kechirimli bo‘lsinlar. Ana o‘shanda musulmonlarning yaxshilaridan bo‘ladilar.
A. Shonazarov tayyorladi.
“Xoja Buxoriy” nomli islom bilim yurti o‘qituvchisi