O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati 2020 yil (1441 hijriy yil) Ramazon oyi uchun fitr sadaqasi va fidya miqdoriga doir qarorini e’lon qildi. Taqdim etilgan qarorda, fitr sadaqasi va fidya uchun mezon qilib olingan narxlar Toshkent shahriga oid ekani, har bir viloyat vakilliklari o‘z hududidagi bozorlardagi o‘rtacha narxlardan kelib chiqqan holda fitr sadaqasi va fidya miqdorini belgilashi alohida ta’kidlangan.
Fitr sadaqasi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning hadislarida bayon etilgan quyidagi to‘rt narsaning qiymati barobarida chiqariladi. Ular: bug‘doydan yarim so’, arpadan bir so’, mayizdan yarim so’ va xurmodan bir so’dir. Bir so’ taqriban (≈) 4 kilogrammga teng.
2020 yil Ramazon oyi uchun fitr sadaqasi va fidya miqdori ma’lum qilindi
Bugungi kunda mazkur mahsulotlarning Toshkent shahar bozorlaridagi narxlari o‘rganilganda 1 kg. bug‘doy o‘rtacha to‘rt ming so‘m, 1 kg. arpa o‘rtacha uch ming so‘m, 1 kg. mayiz o‘rtacha o‘ttiz besh ming so‘m va 1 kg. xurmo o‘rtacha o‘ttiz ming so‘m ekani ma’lum bo‘ldi.
Shunga ko‘ra, 2020 yil (1441 h.) uchun FITR sadaqasining miqdori:
≈ 2 kilogramm bug‘doy 8 000 (sakkiz ming) so‘m;
≈ 4 kilogramm arpa 12 000 (o‘n ikki ming) so‘m;
≈ 2 kilogramm mayiz 70 000 (yetmish ming) so‘m;
≈ 4 kilogramm xurmo 120 000 (bir yuz yigirma ming) so‘m deb belgilansin.
Har kim o‘z imkoniyatidan kelib chiqqan holda, yuqoridagi to‘rt mahsulotning xohlagan bir turidan fitr sadaqasini bersa kifoya.
Bu yilgi fidya miqdori bir miskinning bir kunlik oziq-ovqati barobarida bo‘lib, uning o‘rtacha qiymati 20 000 (yigirma ming) so‘m, deb belgilansin!
Ma’lumki, fitr sadaqasi moli zakot nisobiga yetgan musulmon kishi tomonidan miskinlarga berilishi vojib bo‘lgan sadaqa bo‘lib, uni hozirgi sharoitdan kelib chiqib, Ramazon oyi davomida berish maqsadga muvofiqdir.