Prostatit kasalligi yuzaga kelishiga sabab bo‘luvchi omillarga quyidagilar kiradi:
Prostatit kasalligi yuzaga kelishiga sabab bo‘luvchi omillarga quyidagilar kiradi:
— prostata bezi anatomik tuzilishining o‘ziga xosligi;
— gormonlar almashinuvining buzilishi;
— yosh bilan bog‘liq o‘zgarishlar;
— siydik yo‘llari yallig‘lanish kasalliklari;
— buyrak va siydik qopining yallig‘lanish kasalliklari;
— pala-partish jinsiy hayot tarzi;
— butun tananing sovqotishi;
— siydik yo‘llarida peshobning yig‘ilib turishi;
— kam harakat turmush tarzi;
— immun tizimini susayishi.
Yuqorida keltirilgan omillarning har qanday kombinatsiyasi prostata bezining yallig‘lanishiga olib kelishi mumkin.
Prostatitni davolash uchun antibakterial terapiya, prostata bezini massaj qilish, fizioterapiya, immun tizimini mustahkamlash va hayot tarzini o‘zgartirish kerak.
Bemorlar uchun kerakli eslatma
— Prostatitni keltirib chiqaruvchi sabablar turlicha bo‘lgani uchun yagona sababni qidirish va uni davolash uchun qaratilgan muolajalar kutilgan natijaga olib kelmaydi. Kasallikning klinik belgilari sezilarli bo‘lmasligi mumkin, agar sizda chanoq oralig‘ida og‘riq kuzatilsa, peshob qilish vaqtida yoqimsiz sezgilar bo‘lsa, siydik tomchilashi, siydik qolib ketish xissi, to‘liq bo‘shamaslik, tunda siyish uchun turilsa, siydik yo‘lidan ajralmalar kelsa, kamdan-kam holatda jinsiy aloqada sustlik kuzatilsa albatta, urolog bilan maslahatlashing;
— prostatit tashxisi kompleks tarzda qo‘yiladi, chunki kasallik turini, kechish bosqichini, asoratlarini va davolash usulini belgilovchi boshqa omillarni ham e’tiborga olish kerak. Prostatit klinikasi turli bemorlarda turlicha bo‘lishi mumkin. Shuning uchun to‘g‘ri tashxisni faqat mutaxassis-shifokor qo‘ya oladi;
— kasallik kechishi o‘ziga xos bo‘lganligi uchun davolash muolajalari ham o‘ziga xos bo‘ladi. Prostatitning klinik kechishi bir xil emas, ba’zida kasallik qo‘zg‘aladi, ba’zida asoratlar yuzaga keladi, ba’zida yashirin kechishi mumkin. Shu sababdan doimiy shifokor kuzatuvi kerak bo‘ladi;
— prostatitni davolash uchun antibiotikni to‘g‘ri tanlash kerak, ularning dozasi va davolash sxemasini har bir bemor uchun individual holda tanlanadi va bu urogenital mikroflorani aniqlagandan keyin amalga oshiriladi;
— infeksiyadan qutulish bilangina prostatitni davolab bo‘lmaydi. Prostata bezida qon aylanishini ham to‘g‘rilash kerak;
— prostata bezining patologik o‘zgarishlari o‘ziga xos va turlicha bo‘lganligi uchun ham uni davolovchi universal dori vositasi yo‘q. Shifokor sizga turli dori vositalarini va har xil davo muolajalarini tavsiya qilishi mumkin;
— davolash natijasida uzoq vaqtli remissiyaga (surunkali kasallikning bosilishi) erishilgan taqdirda ham, profilaktik tarzda shifokor ko‘rigidan o‘tib turing (6-12 oy), chunki kasallik qo‘zgaganda buni siz sezmasligingiz mumkin;
— bir necha shifokorlar maslahatini bir vaqtda bajarish to‘g‘ri degan bemorlar yanglishadilar, chunki to‘g‘ri maslahatlar ham ba’zida bir-biriga zid bo‘lishi mumkin. Shuning uchun kasallikni bir shifokor maslahati asosida davolang;
— jinsiy hayot tarzingizni normallashtiring;
— davolanish davomida spirtli ichimliklarni iste’mol qilmang, ular prostatitning qo‘zg‘atuvchi va davolanish samarasini yo‘qotuvchi hisoblanadi;
— tananing sovqotishi qiska vaqt davomida bo‘lsa ham, kasallikning kuchayishiga olib keladi;
— jismoniy mehnat va sport prostatitni davolashga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi;
— surunkali ich qotish prostata bezida qon aylanishini buzadi, prostatitning kechishiga va davosiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi;
— o‘z vaqtida aniqlangan retsidiv (kasallik qaytalanishi) yengil davolanadi, shifokoringiz tavsiyasiga remissiya vaqtida ham rioya qiling;
— qanday kasallik bo‘lishidan qat’i nazar, to‘g‘ri olib borilgan sog‘lom turmush tarzi va odamning o‘ziga bo‘lgan ishonchi va optimizm ruhi kasallikdan tez va samarali qutilish garovidir.