Bitlarni shunchaki oddiygina parazit deb o‘ylasangiz, xato qilasiz. Pedikulyoz juda xavfli kasallik. Boshingiz yoki tanangizni qashib, tirnab oldingiz. Bunda parazit hasharotlarning chiqindilari qon orqali odam organizmiga tushadi. Bu esa vaqti kelib kishi salomatligiga jiddiy putur yetkazishi tayin. Bunda limfa tizimi jarohatlanib, immunitet pasayishi kuzatiladi. Bundan tashqari, bitlar terlama, turli isitmalar, teri infeksiyalari kabi xavfli kasalliklar o‘chog‘i sanaladi. Shuning uchun pedikulyoz alomatlari paydo bo‘lgani zahoti uni davolashga kirishing. Dorixonalarda bunday vositalar anchagina.
Dori vositalarini tanlashda ularning ovitsidligiga (kimyoviy vositalarga o‘ta chidamli bo‘lgan sirkalarni ham yo‘q qiladi) e’tibor bering. Masalan, «Nittifor» vositasi shunday xususiyatga ega.
✅Pedikulyozni uy sharoitida davolash
Qirg‘ichdan o‘tkazilgan 50 g xo‘jalik sovunini chorak stakan kerosin bilan aralashtirib, ustidan 900 ml suv quying. Tampon yordamida aralashmani boshingizga surtib, paxtali ro‘mol bilan sochlaringizni tang‘ib oling. 1-1,5 soatdan so‘ng boshingizni yuvib, besh foizli sirka bilan chayib tashlang. Muolajani 7-10 kundan keyin yana takrorlang. Soch tolalarining jarohat olmasligi va kuymasligi, ayniqsa, bir umr kal bo‘lib qolmasalik uchun toza kerosin yoki benzindan foydalanmang!
Sarimsoq va piyozni bo‘tqasimon holatga kelguncha ezib, bosh terisiga surtib chiqing. 15-20 daqiqadan so‘ng boshingizni yuvib tashlang. Suv iliqqina bo‘lsin, issiq suv sabzavotlarning hidini yanada o‘tkirlashtiradi. Bunday muolajani kunora bajaring.
Bir hafta davomida har kuni achchiq shuvoq suvi yoki quyuq qaynatmasini (3 osh qoshig‘iga bir stakan qaynoq suv) sochga surtib turing.
Oddiy dastorbosh (pijma obiknovennaya) qaynatmasi: 3 osh qoshiq quruq giyohga bir stakan qaynoq suv quyib, past olovga 5 daqiqaga qo‘ying. So‘ng bir soat dam yegach, suzib, giyohini siqib oling. 5-7 kun davomida soch ildiziga surtasiz.
✅Foydali maslahatlar
O‘g‘il bolalarning sochini iloji boricha kaltaroq kestiring (yaxshisi, taqir qilib oldiring). Qiz bolalarda bu masala biroz mushkulroq.
Pedikulyozga qarshi preparat sotib oling yoki uni o‘zingiz tayyorlab, muolaja kursini to‘liq oling. Faqat esingizda bo‘lsin: aksariyat preparatlar asosan katta urg‘ochi bit (sirka)larni o‘ldiradi. Shuning uchun sirka (soch ildiziga yopishib olgan lichinka)larni, yaxshisi, mayda taroq bilan tozalab tushiring.
Bolalarning bosh kiyimlarini tez-tez qaynatib, issiq dazmol bilan dazmollab turing.
Bolaga gigiyenaning eng oddiy qoidalari haqida gapirib bering. Masalan, begona buyumlar (bosh kiyim, libos, sochiq, mochalka, soch to‘g‘nog‘ichi, taroq, yostiq, choyshab, adyol)dan foydalanish yoki o‘zining shaxsiy buyumlarini do‘stlariga berish mumkin emasligini tushuntiring.
Haftada bir marta farzandingizning boshi, ensasi, quloqlarining orqasini ko‘zdan kechiring. Chunki parazitlar bu joylarni xush ko‘radi. Bolaning boshini tinimsiz qashlay boshlashi bitlashning birinchi alomati bo‘lishi mumkin.
Mabodo maktab yoki bog‘chadagi birorta bolada pedikulyoz holati aniqlansa, diqqat-e’tiboringizni ikki baravar kuchaytiring.