Bachadon siljishi

Qorin boʼshligʼidagi barcha aʼzolar bir-biriga bevosita taqalgan holatda boʼladi. Ular bir-birini suyab turganligi uchun ozmi-koʼpmi doimiy muvozanatda turadi. Kichik chanoqning boylamlari, biriktiruvchi toʼqima va mushaklardan tuzilgan apparat borligidan chanoq aʼzolari chanoqda oʼz oʼrnini saqlagan holatda fiziologik yoki patologik sharoit taqozosi bilan qorin boʼshligʼida oshgan bosimga maʼlum darajada qarshilik koʼrsata oladi. Bachadon haqida gap ketganda aytish joizki, qoʼshni aʼzolar (qovuq va ichak) holati ham bachadonning vaziyatiga taʼsir etadi.



Bir qadar harakatchan aʼzo hisoblangan bachadon chanoqning oʼrtasida joylashgan, tubi oldinga va yuqoriga qaragan, jinsiy aʼzo (qin)dagi qismi esa pastga va orqaga yoʼnalgan boʼladi. Bachadonning bunday holati ogʼish versio deb ataladi. Masalan, qovuq toʼlganda bachadon tanasini orqaga buradi, toʼgʼri ichak toʼlib ketganda bachadon boʼyniga, oldinga va yuqoriga suriladi.

Bachadonning siljishi (disposition) aʼzoning patologik holati hisoblanadi, bunda butun bachadon oldinga, orqaga yoki yon tomonga tortilgan yoxud meʼyordan tashqari koʼtarilgan (elevatio) yoki pastga tushgan (descendens uteri) yo boʼlmasa jinsiy yoriqdan tashqariga chiqqan (prolapsus uteri) boʼladi. Bachadonning qaysi tomonga siljiganiga qarab quyidagilar tafovut qilinadi:

oldinga surilish (antepositio);

orqaga surilish(relroposi-lio);

yon tomonga surilish(lateropositio).

Bachadonga oʼsmaning tazyiq qilishi yoki bachadonning chanoq devoriga tortilishi natijasida uning holati oʼzgarishi mumkin. Duglas boʼshligʼidagi oʼsmalar, qon quyilishi sababli baʼzan bachadon oldinga surilib ketadi (antepositio). Bachadonni qorin devoriga yopishtirish operatsiyasi (bachadon ventrofiksatsiyasi)da shunday holat sunʼiy yoʼl bilan vujudga keltiriladi. Dumgʼaza va bachadon boylamlari qisqarganda, shuningdek yalligʼlanish jarayoni natijasida bachadon koʼpincha orqaga surilib qoladi(retropositlo). Baʼzan bachadondan oldingi oʼsmalar bu aʼzolarni orqaga surib yuboradi.

Tekshirishdan oldin hamisha qovuqni boʼshatib olish zarur, chunki toʼlib ketgan qovuq bachadon tanasini orqaga itaradi. Retropositio da butun bachadon baʼzan dumgʼaza suyagining botiq qismida yotadi. Chanoqning qarama-qarshi yarmidagi oʼsma yoki klechatkadagi infilьtrat bachadonni chanoqning yon devoriga taqab qoʼyishi natijasida bachadon yon tomonga suriladi(lateroposltio). Bundan tashqari, yalligʼlanish jarayonlaridan keyin bachadon serbar bogʼlamlarining buralib qolishi sababli bachadon yon tomonga surilishi mumkin.

Pastga tushishi va tashqariga chiqishi

shifokor

Bachadonning chanoq oʼqi boʼylab pastga surilishi – bachadonning pastga tushishi deb ataladi. Bachadon oʼz oʼrnidan pastga surilsa-yu, jinsiy yoriqdan tashqariga chiqmasa, bachadon pastga tushgan (descensus uleri) hisoblanadi. Bachadon pastga koʼp surilib, jinsiy yoriqdan tashqarida qolsa, bachadon tashqariga chiqqan (prolapsus uteri) boʼladi. Bachadon jinsiy yoriqdan bachadonning faqat boʼyni chiqib turadi, bachadon qisman tashqariga chiqqan (prolapsus uteri parttalls) deyiladi: bachadon jinsiy yoriqdan butunlay chiqib qolgan boʼlsa, toʼla tashqariga chiqqan (prolapsus uteri totalis) deyiladi.

Chanoq tubini hosil qiluvchi toʼqimalar tugʼruq vaqtida yirtilsa yoki koʼp tuqqan xotinlarning shunday toʼqimalari qayta choʼzilaverib funktsional kamchilik kelib chiqsa, qorin devori, chanoq tubi va diafragma mushaklarining hamkorlikda ishlashi tufayli qorin boʼshligʼi aʼzolarining oʼzaro munosabati buzilib, chanoq aʼzolarining surilishi uchun sharoit vujudga keladi.

Oraliq yirtilganidan keyin oʼz vaqtida choklanmagani jinsiy aʼzolarning pastga tushishiga va tashqariga chiqib qolishiga sabab boʼladi. Qin devorlari odatda quyidagicha tartibda pastga tushadi, avval qinning oldingi devori oraliq mushaklarining yirtilishi sababli tabiiy tayanchdan mahrum boʼlib, pastga tusha boshlaydi. Qin devori tushar ekan, qovuq devorini ham oʼzi bilan birga olib tushadi.

Аyni vaqtda qovuq bilan qin oʼrtasidagi mushak – fastsiya toʼsigʼi juda choʼzilib ketsa yoki bir-biridan uzoqlashsa, qovuq devori shu qadar boʼrtib doʼmbayib chiqadiki, qovuq churrasi (cysocele) hosil boʼladi. Qinning oldingi devori – asta sekin pastga tushar ekan, bachadonning qindagi qismini ham torta boshlaydi, shunga koʼra bachadonning ushbu qismi oldinga surilib qoladi. Bachadon boʼynining oldinga surilishi bachadon holatiga taʼsir qilmay qolmaydi, yaʼni bachadon orqaga ogʼadi. Bachadon bilan birga serbar boylamlar ham oʼz vaziyatini oʼzgartiradi, shu munosabat bilan venalar qisilib, venoz qon yaxshi yurishmaydi. Yuqorida aytilganlarga koʼra, chanoqda qon aylanishining buzilishi natijasida bachadon boʼrtib, ogʼirroq boʼlib qoladi. Ogʼriq turadi, oqchil keladi, shuningdek hayz buziladi. Shundan keyin bachadon ham pastga tusha boshlaydi.

Nihoyat, soʼnggi bosqichda (oraliqning yirtilishi natijasida) orqaga qayrilgan bachadon tashqariga chiqib qoladi, buning obʼektiv belgisi shundan iboratki, pastga tushayotgan bachadon qin ogʼzidan tashqariga chiqa boshlaydi. Baʼzan bachadon boʼynining faqat qindagi qismi (ayniqsa keksa ayollarda) tashqariga chiqadi. Sababi shuki, qarilikdagi atrofiya tufayli mushaklardan mahrum boʼlgan va pastga tushayotgan qin devorlariga qoʼshilib tortiladigan bachadon boʼyni qin ogʼzidan tashqariga chiqib qoladigan darajada uzunasiga choʼziladi. Qin orqa devorining pastga tushishi va toʼgʼri ichak devorining tashqariga chiqib qolishi qin-toʼgʼri ichak toʼsigʼining nechogʼliq buzilganiga va mushaklarining qanchalik choʼzilganligiga bogʼliq. Qinning orqa devorini toʼgʼri ichak bilan birlashtiruvchi kletchatka yumshoqroq boʼladi, shunga koʼra toʼgʼri ichak qinning tashqariga chiqayotgan orqa devoriga kamdan-kam ergashadi, lekin qinning orqa devori anchagina pastga tushgan boʼlsa, toʼgʼri ichakning pastki boʼlimi qin devori bilan bari bir pastga tushadi (rectocele).

Bachadon boylamlar kuchi bilan oʼz vaziyatida tursa, tashqariga chiqqan qin bachadonning boylamlari boʼshashmaguncha va bachadon tanasi pastga tushmaguncha bachadon boʼynini tortaveradi: ayrim hollarda qining pastga tushayotgan devorlari bachadon boʼynini shu qadar choʼzadiki, u ikki marta va hatto uch marta uzun boʼlib qoladi.

Simptomlari

Odatda bemorlar defekatsiya (ich kelishi)da dumgʼazada ogʼriq turishini, baʼzan ayniqsa uzoq vaqt tik turilgandan keyin oyoqlar ogʼrishini aytib, noliydilar. Ogʼriqlarning joylashuvi va zoʼrligi har xil boʼla olishini aytib oʼtmoq kerak. Koʼpincha bemorlar defekatsiyada ogʼriq sezilishi yoki toʼgʼri ichakning bosilish sezgisi bezovta qilayotganini aytib, shikoyat qiladilar. Defektsiyada ogʼriq sezilishi odam kuchanganida bachadonning surilishiga bogʼliq. Defekatsiya vaqtida ogʼriq boʼlishi dastlab ichni ataylab toʼxtatib turishga olib keladi, keyinchalik esa koʼpincha surunkali ich qotishiga sabab boʼladi.

Siydik chiqaruv aʼzolarining turli darajada buzilganligi haqidagi shikoyatlar ham koʼp eshitiladi. Tez-tez peshobga qatnash roʼy beradi. Bachadon bilan qin pastga tushgan sayin qovuq churrasi toʼplanib chiqa boshlaydi, shuning natijasida qovuqning bir qismi uretraning ichki teshigidan pastroqda boʼladi, undagi siydik esa oqib chiqolmay ushlanib qoladi. Qinning oldingi devori qovuq bilan anchagina pastga tushganda, qovuq ichki sfinkterining choʼzilishi tufayli bemorlar koʼpincha siydikni qisman toʼxtata olmaydilar. Bachadon tashqariga chiqqan boʼlsa, siydik nayi qisilishi va qayrilib qolishi sababli siydik koʼproq toʼxtalib qoladi va bemorlar tashqariga chiqqan aʼzolar joyiga kirgizib qoʼyilgandan keyingina siya olishlarini aytadilar.

Bachadon notoʼgʼri holatda yotishi bemorni koʼzdan kechirishda tasodifan aniqlanib qoladi. Bachadonning tashqariga chiqib qolishini aniqlashga kelsak uning diagnostikasi qiyin emas. Tashqi jinsiy aʼzolar oldida nok shaklida agʼdarilib chiqqan qin turadi, uning bagʼrida esa bachadon paypaslab topiladi. Аgʼdarilib chiqqan qinning eng qavariq qismida bachadonning tashqi (odatda kengaygan) teshigi boʼladi. Tashqariga chiqqan qinning shilliq pardasi qalin tortgan, dagʼallashgan, quruq boʼlib, teriga oʼxshaydi. Tashqi teshik atrofida, baʼzan esa shilliq pardaning yon yuzalarida koʼpincha lekubital yaralar koʼriladi.

Kasallikning boshlarida tashqariga chiqqan aʼzolarni bemorning oʼzi bemalol joyiga kirgizib qoʼyadi, lekin keyinchalik shilliq parda qalin tortib, dagʼallashgan sayin aʼzolarni joyiga kirgizib qoʼyish qiyinlashib qoladi. Bachadon tashqariga chiqib qolganda bachadon boʼyninnig qindagi qismida va qin devorlarida lekubital yaralar paydo boʼlishi yiringli yopishqoq chiqindilar ajralishi bilan davom etadi. Hayz koʼrish notoʼgʼri boʼlib, aksari koʼp qon ketadi.

Bachadon bilan qinning tashqariga chiqishi tugʼruq vaqtidagi jaroxat oqibati boʼlishi mumkin, shuni eʼtiborga olib, oraliq mushaklarining holatini tekshirish, jumladan orqa chiqaruv teshigini koʼtaruvchi mushak holatini bilish zarur. Buning uchun bemorga gazni toʼxtatib turish uchun qilingandek orqa chiqaruv teshigini ichkariga tortish taklif etiladi, shunda oraliq mushaklarning funktsional qobiliyatini, bir-biridan qochganligini yoki boʼshashganligini va dumgʼaza – bachadon boylamlarining holatini aniqlash mumkin. Bemor shu maqsadda qin va toʼgʼri ichak orqali tekshirilishi lozim.

Nihoyat, tashqariga chiqqan bachadonning jinsiy yoriqqa qisilib qolishi mumkinligini esda tutmoq kerak. Bunda ham aksari shok simptomlari paydo boʼladi: qattiq ogʼriq seziladi, koʼngil ayniydi, bemor qusadi, oʼzidan ketib qoladi. Bunday bemor oʼz vaqtida operatsiya qilinmasa, qisilib qolgan bachadon irib ketishi (nekroz boʼlishi) mumkin.

Davolash

Ogʼriq paydo boʼlishi, tez-tez zahar tang qilib turishi, siyish vaqtida ogʼriq sezish, siydik tuta olmaslik, notoʼgʼri hayz koʼrish va shunga oʼxshash simptomlar paydo boʼlganda davolash masalasi yuzaga kelishi mumkin. Bachadonning notoʼgʼri vaziyatda yotganiga davo qilish uchun konservativ va xirurgik usullardan foydalansa boʼladi. Harakatchan bachadon retrofleksiyasining konservativ davosi shu holatni qoʼl bilan toʼgʼirlab qoʼyishdan iborat.

Bachadonning tuzatilgan vaziyati qinga kiritilgan pessariy bilan ushlab turiladi. Pessariy toʼgʼri tanlanib, yaxshi kiritilsa, bemorni hech bir bezovta qilmay, bachadonni meʼyordagi holatda ushlab turadi. Pessariylar qattiq kauchuk va selluloiddan yasaladi. Bemor pessariy tutganda qinini har kuni chayib turishi kerak, aks holda pessariy halqasi bachadon va qin chiqindisidan ifloslanadi, natijada chiqindilar halqa atrofiga yigʼilib, shilliq pardani taʼsirlaydi. Bundan tashqari, bemorlar bachadon holatini tekshirish va halqaning qisib yara qilmayotganligiga ishonch hosil qilish uchun vrachga koʼrinib turishlari kerak. Qin qatori va bachadon boʼyni eroziyasida pessariyni qoʼllab boʼlmaydi. Hozirgi paytda halqa va pessariylar kam qoʼllaniladi, chunki kelib chiqishi mumkin boʼlgan oqibatlar (shilliq pardaning yara boʼlishi singarilar) bemorlarga battar azob beradi. Xirurgik usullar ishonchliroq boʼlib, hozir hech qanday xavf tugʼdirmaydi.

Jarrohlik amaliyoti rejali ravishda oʼtkaziladi, chunki aksariyat xollarda bemor ayollarga shoshilinch operatsiyasi muhim emas. Аytish joizki, endilikda xilma-xil plastik-rekonstruktiv jarroxlik amaliyotlari mavjud. Qinning orka va oldi plastikasi, ventrofeksatsiya, Manchester operatsiyasi, Kelli operatsiyasidan bugungi kunda keng foydalaniladi. Zamonaviy ginekologiyada TVT operatsiyasi ham qoʼllanilmoqda. Bu operatsiyaning mohiyati sunʼiy prolen lenta orqali qin oldi devori tushishining oldini olishdir. Bu amaliyotdan soʼng ayollarda siydikni ushlay olmaslik shikoyatlari butunlay yoʼqolib, kasallik asoratlari deyarli boʼlmaydi. PROLIFT shu usuli ham mavjudki, u juda kam asoratlarga ega.

Oldini olish

Bachadonning notoʼgʼri holatda boʼlishining oldini olish uchun qiz bolaning oʼz vaqtida qovugʼini boʼshatishi va ichi yurishishiga eʼtibor qilinishi zarur. Chunki qovuq va ichakning oʼz vaqtida boʼshamasligi bachadonning orqaga ogʼishiga taʼsir etadi, oqibatda bolalik davridayoq bachadon notoʼgʼri vaziyatga kirib qolishi mumkin.

Shuningdek turmush qurgandan soʼng bola tashlash, bola oldirish(abort), bachadonning yalligʼlanishi, notoʼgʼri va chala involyutsiya qilishi, tugʼruqdan keyingi davrni notoʼgʼri oʼtkazish, bu davrda turli asoratlarning kelib chiqishi, xullas hamma-hammasi bachadonning notoʼgʼri vaziyatga kirib qolishiga sabab boʼla oladi. Tugʼruqdan keyingi davrda ayol qorin devorini qattiq taranglashtirmasligi, oʼrnidan barvaqt turmasligi (takror tugʼuvchilar kamida uchinchi kundan keyin, birinchi marta tugʼuvchilar kamida toʼrtinchi-beshinchi kundan keyin oʼrindan turishlari kerak), tugʼruqdan keyingi dekret taʼtili davrida ogʼir jismoniy mehnat bilan shugʼullanmasligi kerak.

Bachadonning notoʼgʼri holatda boʼlishida, shuningdek bachadon va qin devorlarining pastga tushishida chanoq tubining shikastlanishi muhim rol oʼynaydi. Bu holatlarning oldini olishda malakali yordamchi tugʼruqni toʼgʼri oʼtkazish, oraliqni yirtilishdan saqlash gʼoyat muhim axamiyatga egadir. Oraliq yirtilgan boʼlsa uni darhol tiklash kerak. Nihoyat, jismonan chiniqmagan ayollarning qorin devorini uzoq vaqt oʼta tarang qilishi bachadonning pastga tushishiga va tashqariga chiqishiga taʼsir etmay qolmaydi.

Jahongir QURBONOV,

Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti

“Аkusherlik va Ginekologiya” kafedrasi professori,

tibbiyot fanlari doktori.