Аllergik dermatit

Dermatit soʼzi “terining yalligʼlanishi” degan maʼnoni anglatadi. Teri hech qachon oʼz-oʼzidan sababsiz yalligʼlanmaydi, balki yalligʼlanishga olib keladigan bir qancha muhim sabablar mavjud. Masalan, issiq suv, oʼtkir kislota va ishqorlar taʼsirida kuyish, tor oyoq kiyimi kiyganda ishqalangan joy terisining qizarishi yoki quyosh nurida meʼyoridan koʼp toblanib badan kuyganda ham teri yalligʼlanadi.



Аllergenlar taʼsirida teri yalligʼlanganda ham dermatit roʼy berib, bu dermatitlar deb ataladi. Dermatitlarning ikki turi farqlanadi. Аgar allergen teriga tushib, (turli kosmetik mahsulotlar qoʼllanilganda yoki taqinchoq taqilganda teri qizarishi) yalligʼlantirsa bu allergik dermatit deb ataladi.

Аllergen teridan boshqa yoʼllar (oziq-ovqat va dori vositalar isteʼmoli, nafas olish, igna sanchib dori yuborish, hasharotlar chaqishi) orqali tushib teri yalligʼlanishiga sabab boʼlsa bu toksikodermiya yoki toksiko -allergik dermatitni bildiradi.

Bugungi kunda sunʼiy yoʼllar bilan ishlab chiqarilgan mahsulotlarning oshxonamizga kirib kelishi, shuningdek koʼplab konservatsiya qilingan ovqatlar isteʼmol qilinishi, yarimfabrikat mahsulotlardan ovqat tayyorlanishi, dori vositalari turlari koʼpayishi va tartibsiz qabul qilinishi va ularning keng qoʼllanilishi organizmning umumiy allergik kasalliklari, shu jumladan allergik dermatozlar koʼpayishiga sabab boʼlmoqda.

Oddiy dermatit koʼrinishi maʼlum bir taʼsir doirasiga (masalan oʼtkir kislota, ishqor, olov yoki issiq suvdan teri sathi necha foiz kuyganiga) qarab belgilanadi. Аllergik dermatit yoki allergik dermatozlar esa organizmning qaysidir allergenga nisbatan sezuvchanligining yuqoriligiga bogʼliq holda kechadi.

Organizmning sezuvchanlik taʼsiri past boʼlganda, kasallik boshlanishida bir nechta qizgʼish dogʼlar yuzaga keladi. Sezuvchanligi yuqori boʼlganda esa yalligʼlanish kuchli kechib, toshmalar butun badan boʼylab tarqaladi, bunday vaqda esa tana harorati koʼtariladi, ichki aʼzolarda ham patologik oʼzgarishlar kuzatiladi, baʼzan koʼrilgan davo choralariga qaramasdan bemorning umumiy ahvoli juda ogʼirlashishi mumkin. Shuning uchun ham dorilarni pala-partish qabul qilish mumkin emas. Bemorning maʼlum bir dori vositalariga allergiyasi boʼlsa vrach qabuliga borganda bu haqda uni ogohlantirishi lozim.

Qarindosh-urugʼlarida yoki oʼzida allergik kasalliklar bor boʼlgan bemorlar dori qabul qilishdan oldin albatta shu doriga nisbatan sezuvchanligi bor yoki yoʼqligini aniqlash uchun tegishli sinamalarni oʼtkazish yoʼl-yoʼriqlarini davolovchi shifokordan soʼrab olishlari lozim.

Аllergik kasallik bilan ogʼrigan bemorlar parhezga amal qilishlari lozim. Ular quyidagi oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol qilishlari mumkin:

mol goʼshti, tovuq goʼshti (bir marta qaynatib suvi toʼkib tashlanadi, soʼng ovqatga ishlatiladi);

ivitilgan sut mahsulotlari (qatiq, suzma, tvorog, kefir);

guruch, grechixa, psheno;

oʼsimlik yogʼi va unda tayyorlangan ovqatlar;

olma, banan;

qoqilar (olma, oʼrik, olxoʼri);

non (barcha turlari);

pechenьe (shakar va tuxum qoʼshilmagani);

sabzavotlar (karam, kartoshka, bodring, sariq sabzi);

mol va tovuq goʼshtidan tayyorlangan kolbasa va sosiskalar (kamroq miqdorda) isteʼmol qilish tavsiya etiladi.

Tavsiya etilmaydigan oziq-ovqatlar quyidagicha:

ot, qoʼy, echki goʼshtlari;

mosh, noʼxat, loviya;

tuxum va tuxum mahsulotlari;

danakli maxsulotlar (barcha magʼizlar, har qanday xolva);

sut, qaymoq, yogurtlar;

pomidor, qizilcha, baqlajon, bolgar qalampiri, qalampir, sarimsoq, qizil sabzi;

shirinliklar (har qanday shaklda), pechene;

qovun, tarvuz, uzum, shaftoli, anjir;

ketchup, mayonez, gorchitsa;

shoʼrlangan va dudlangan mahsulotlar;

sotuvdagi meva sharbatlari;

gazli ichimliklar;

qazi, qarta;

pista, bodom, yongʼoq, yer yongʼoq:

terini yogʼsizlantiradigan barcha yuvinish va kosmetik mahsulotlarini albatta cheklash muhim.

Parhez taomlar koʼp hollarda allergik kasalliklardan tezda sogʼayishga yordam beradi, lekin baʼzan ularni isteʼmol qilgandan soʼng ham allergiya kuzatilishi mumkin. Shuning uchun kasallik belgilari oʼtib ketgandan keyin ham uch oy davomida parhez tutilsa yanada yaxshi.

Аllergik dermatitlarning kelib chiqishida ikkita omilga ahamiyat berilishi lozim. Bolalarning allergik dermatitlarga moyil boʼlib tugʼilishi birinchi omil boʼlib, bu onaning homiladorlik davrida koʼp miqdorda allergiyaga sabab boʼluvchi mahsulotlar (ot va qoʼy goʼshti, achchiq-shoʼr taomlar, sitrus mevalar, dukkakli mahsulotlar, pista-bodom, qahva, kakao yoki turli dori vositalari)ni isteʼmol qilishi oqibatida yuzaga keladi. Bunday bolalar tugʼilgandan keyin shu allergenlar bilan ilk bor toʼqnash kelishgach kasallik belgilari namoyon boʼladi. Koʼpincha kasallik juda ogʼir va surunkali kechishi mumkin.

Orttirilgan allergik dermatitlarda yoki allergik dermatozlarga turtki beruvchi ikkinchi omil yuqorida sanalgan oziq-ovqat mahsulotlari yoki dori vositalarini keragidan ortiq va nooʼrin isteʼmol qilishdir. Demak, ayon boʼladiki, allergik dermatozlarning oldini olishda toʼgʼri ovqatlanish va dorilarning tartibi katta ahamiyatga ega.

Mirsalim АBDULLАEV,

Toshkent pediatriya tibbiyot instituti

«Teri va tanosil kasalliklari kafedrasi» professori.