Аyollar orasida sut bezlari oʼsmalari koʼp uchrayotganini hisobga olib, bunday kasallikning oldini olish endilikda juda muhim sanaladi. Аks holda dard rivojlanib oqibati jiddiy tus olishi mumkin.
Men bu holni yigirma yillik ish faoliyatim davomida koʼp bora kuzatganman. Namangan viloyat onkologiya dispanseri poliklinikasiga tekshiruvdan oʼtish uchun kelayotgan ayollarning koʼpchiligi xastalikni oʼtkazib yuborganliklari tufayli bir necha bosqichlarda muolajalar olishadi. Bu kabi noxush holatni bartaraf etish uchun ayollarga oʼz sogʼliqlari oʼzlarining qoʼllarida ekanligini taʼkidlab turamiz. Zamonaviy tekshiruv va davolash usullari qanchalik takomillashgan boʼlmasin, baribir har bir ayol 30 yoki 40 yoshdan oshgandan soʼng yilda ikki marotaba tibbiy tekshiruvdan oʼtib turishi zarur. Boshqa vaqtlarda esa uy sharoitida oʼzlari koʼkrak bezlari holatini tekshirib turganlari maʼqul. Buning uchun quyidagi tavsiyalar ayollarga asqotishi mumkin.
Ichki kiyimingizning sut bezi uchiga tegib turadigan joylarini sinchiklab kuzating. Kiyimda rangsiz yoki qoramtir dogʼlar borligi sut bezidan ajralma chiqqanligidan darak beradi. Sut bezlari uchlarining shakli, ichkariga tortilgan yo tortilmaganligi, yaralangan yoki poʼst bilan qoplangan joylari bor yoʼqligini tekshiring. Yaʼni ikkita qoʼlingizni belingizga qoʼygancha boʼshashib turgan holda sut bezi terisida shishgan (limon poʼstiga oʼxshagan) yoki ichkariga tortilgan joylar bor-yoʼqligini payqashga harakat qiling.
Qoʼllaringizni belingizga qoʼyib tursangiz koʼkrak qafasining mushaklari taranglashib, sut bezlari bir-biridan baravariga uzoqlashadi. Keyin qoʼllaringizni boshingiz uzra koʼtaring, panjalaringizni qising, shunda koʼkrak qafasining mushaklari taranglashadi. Koʼkrak qafasini chapga va oʼngga burib, sut bezlarining baravar tebranishini kuzating.
Chalqancha yotgan holatda tanangizni boʼshashtiring. Chap sut bezi paypaslanganda chap qoʼlingizni yoningizga qoʼying, oʼng qoʼlingiz barmoqlari yordamida yumshoq aylanma harakatlar bilan navbatma-navbat sut bezi uchidan chekkaga tomon paypaslash kerak.
Qoʼltiq ostini yelkani sal oldinga burgan holda tekshirib koʼring. Chap sut bezining pastki va ichki qismlarini paypaslash qulay boʼlishi uchun, chap kaftingizni boshingiz ostiga qoʼying. Toʼrttala barmoq yuzasini sut beziga bosish va uncha katta boʼlmagan (diametri 4 sm gacha) aylanma harakatlar bilan chekkadan sut bezi uchi tomon yurgizing. Oʼng tomondan chap sut bezini, chap qoʼlingiz bilan esa oʼng sut bezini paypaslang. Sut bezlari hajmi katta boʼlsa, paypaslash oson boʼlishi uchun tekshirilayotgan sut beziga qarama-qarshi yonboshingizga buriling. Masalan oʼng sut bezini tekshirmoqchi boʼlsangiz, chap yonboshingiz bilan yoting. Ham tikka turgan holda, ham yotgan holatda oʼzini tekshirib koʼrish juda muhim. Chunki bu holatlarda siz sut bezining koʼp joyini yaxshilab koʼzdan kechirishingiz mumkin boʼladi.
Choʼmilayotgan vaqtingizda ham barmoqlaringizni sovunlab sut bezlari terisi ustiga ohista sirgʼaltiring. Shunda mabodo sut bezida kichkina tugunlar boʼlsa, darrov bilinadi.
Unutmang, sut bezi oʼsmalarini oʼz vaqtida davolatgan koʼpchilik ayollar butunlay tuzalib ketadilar va eson-omon yuradilar. Sut bezida uchraydigan koʼpchilik oʼsmalarni (agar barvaqt aniqlansa) tezda davolab tuzatsa boʼladi. Masalan, 80 foiz hollarda jarrohlik yoʼli bilan olib tashlanishi kerak boʼlgan oʼsmalar xavfsiz hisoblanadi.