Umurtqa pogʼonasi va boʼgʼimlarning surunkali autoimmun yalligʼlanishi Bexterev kasalligi deyilib, uning klinik alomatlari nevrolog rus olimi Vladimir Bexterev tomonidan ilk bor batafsil bayon etilgan. Shu bois bu kasallik olim nomi bilan ataladi.
Kasallik irsiy xarakterga ega. Аsosan 15-30 yoshlilar oʼrtasida kuzatiladi va erkaklarda ayollarga nisbatan koʼproq uchraydi. Bunda umurtqa pogʼonasining bel-dumgʼaza qismi, soʼngra koʼkrak va boʼyin hamda kamroq hollarda boshqa boʼgʼimlar zararlanadi.
Аnkiloz — boʼgʼim suyaklarining qotishi
Bexterev kasalligi umurtqalararo boʼgʼim, paylar, boylamlar, boʼgʼimlar va boʼgʼimlarni oʼrab turuvchi kapsulalarning yalligʼlanishi va suyak toʼqimasining oʼzgarishlari bilan kechadi. Boʼgʼim va toʼqimalarning surunkali tarzda bir-biriga yalligʼlanib yopishishi oqibatida umurtqa pogʼonasi suyaklarining qotishi (ankiloz) roʼy beradi.
Bemorning butun umri davomida asta-sekinlik bilan rivojlanadigan Bexterev kasalligida harakat borgan sari kamayib, bemorning qaddi-qomatida yoysimon oʼzgarish (koʼpincha bukchayib yurish holati) roʼy beradi. Uzoq yillar davomida umurtqa pogʼonasining yalligʼlanishi oqibatida qomat egilgan holatga keladi.
Organizmning kasallikka qarshi kurash kuchi (immuniteti) pasayishi, surunkali dardlar, ichak va siydik yoʼli infektsiyalari, murtak bezlarining yalligʼlanishi, gripp va boshqa viruslar, sovuqqotish, shikastlanish, zax va noqulay ish sharoitlarida mehnat qilish Bexterev kasalligi kelib chiqishida muhim rolь oʼynaydi.
Ogʼriqlar jismoniy harakat vaqtida kamayadi va tunda, tunning ikkinchi yarmida kuchayadi. Ertalablari bel-dumgʼaza qismi qotib turishi, harakatining cheklanishi bezovta qiladi.
Bexterev kasalligi
Kasallikning bir necha turlari
Kasallikning boshlangʼich davrida bemorlarni uzoq vaqt davomida bel-dumgʼaza sohasi ogʼriqlari bezovta qiladi, bunda dumgʼaza suyagining chanoq suyagi yonbosh qismiga birikkan qismida (boʼgʼimda) yalligʼlanish roʼy beradi (sakroileit).
Bemor koʼp vaqt tik turganda yoki oʼtirganda belning tez toliqib qolishi roʼy beradi. Mehnat faoliyati susayib boradi, bemor ozadi. Bel-dumgʼaza sohasidagi ogʼriq dumba va son yonbosh qismi boʼylab pastga tarqalishi mumkin.
Markaziy turida faqat umurtqa pogʼonasi zararlanadi, qaysi qismi koʼproq zararlanishiga qarab ogʼriqlar shu sohani koʼproq bezovta qiladi. Kasallik bel-dumgʼaza sohasidagi ogʼriq bilan boshlanadi.
Koʼkrak umurtqalarining zararlanishida ogʼriq koʼkrak qafasida, qovurgʼalarda, toʼsh sohasida boʼladi, koʼkrak qafasi ekskursiyasining kamayishi hisobiga nafas olishi qiyinlashadi. Ogʼriq harakat paytida, chuqur nafas olganda, yoʼtalganda ham kuchayadi.
Boʼyin umurtqalari zararlanganda bemorlarni boʼyindagi ogʼriq bezovta qiladi, boʼyin harakati chegaralanadi, yon-atrofga butun gavdasi bilan qayrilib qaraydi. Umurtqa pogʼonasi yon mushaklari taranglashgan koʼrinishda boʼladi.
Rizomielik turida umurtqa pogʼonasi bilan bir vaqtda unga yaqin boʼlgan boʼgʼimlar: yelka, chanoq-son boʼgʼimlari zararlanadi. Bemorlarda yelka, chanoq-son boʼgʼimlarida ogʼriq turadi. Bemorning qoʼl harakati cheklanib, oʼtirib-turishi qiyinlashadi, oyogʼini bukish harakati chegaralanadi.
Periferik turida umurtqa pogʼonasi, tizza, boldir-tovon boʼgʼimlari zararlanadi. Bunda umurtqa pogʼonasida ogʼriq bilan bir vaqtda tizza, boldir-tovon boʼgʼimlarida ham ogʼriq, shish kuzatiladi.
Skandinav turida umurtqa pogʼonasi bilan bir vaqtda revmatoid artritga oʼxshash tarzda qoʼl panja boʼgʼimlari ham zararlanadi. Bunda umurtqa pogʼonasida ogʼriq, qoʼl panja boʼgʼimlarida ham ogʼriq, shish, ertalabki 30 daqiqadan – 2-3 soatgacha boʼgʼimlar qotishi kuzatiladi. Bunday bemorlar koʼpchilik hollarda revmatoid artrit tashhisi asosida davolanib yurishadi. Kasallikka rentgenologik tekshirishlar oydinlik kiritadi.
Umurtqa pogʼonasining oʼzgarishiga qarab yana ikki turi farq qilinadi, birinchisi – kifotik turi boʼlib, u kishi gavdasining egilib borishi va bukrilik rivojlanishi bilan xarakterlanadi. Ikkinchi rigid turida umurtqa pogʼonasi tik koʼrinishda boʼlib bemor gavdasining kekkaygan holati bilan namoyon boʼladi. Baʼzi hollarda umurtqa pogʼonasi, boʼgʼimlar bilan bir vaqtda koʼz, aorta, buyraklar, yurak-qon tomir, oshqozon-ichak, oʼpka-nafas yoʼllari aʼzolari ham zararlanishi mumkin.
Muolajani toʼxtatmaslik kerak
Tekshiruvlarda qon tahlilida kamqonlik, EChT 30-60 mm/s qadar oshishi qayd etiladi. Rentgenologik tekshiruvda ikki tomonlama sakroileit 2-4 darajasi va umurtqalararo spondiloartrit aniqlanishi Bexterev kasalligi tashhisi qoʼyish uchun yetarli asos boʼla oladi.
Bexterev kasalligiga shubha qilinganda odamda HLA V27 antigeni mavjudligini aniqlash kerak boʼladi, ushbu antigenning aniqlanishi bu kasallikka irsiy moyillik borligidan dalolat beradi. Ushbu antigen 80-90% bemorlarda aniqlanadi.
Bemorlar butun umri davomida davolanib yurishlari lozim. Imkon topilsa, har 6 oyda bir marotaba statsionar sharoitida yotib muolaja olishlari kerak. Muntazam ravishda mahalliy sharoitda revmatolog nazoratida boʼlishi va tekshiruvlardan oʼtib turishi zarur. Oʼzbilarmonlik bilan davolanish tavsiya etilmaydi. Dori vositalari yordamida, jismoniy tarbiya va fizioterapevtik usullardan foydalaniladi. Bu esa kasallik uzoq davr oraligʼida remissiya (tinch holat) da boʼlishi imkonini yaratadi.
Аlohida tavsiyalar
Ogʼir yuk koʼtarishdan saqlaning.
Аgar kun boʼyi oʼtirib ishlashga toʼgʼri kelsa, har ikki soat oraligʼida oʼrningizdan turib umurtqani harakatga keltiruvchi yengil mashqlarni bajaring.
Uxlaydigan oʼrningiz juda yumshoq boʼlmasin, taxta karovatda yotganingiz maʼqul.
Ertalab oʼrindan turishdan avval obdon kerishing, gavdangizni shunday choʼzingki, umurtqalaringiz tortilayotganini oʼzingiz ham his eting.
Qaltis harakat qilishdan, yelvizakda oʼtirishdan va ayniqsa infektsion kasalliklarga chalinib qolishdan oʼzingizni asrang.
Qishda changʼi uchish, yozda suzish mashgʼulotlarini bajarib turing. Umurtqa pogʼonasi va boʼgʼimlar uchun shifokor tavsiya etgan mashqlarni muntazam bajarib yurish foydali.