Xafaqon (gipertoniya)
Jahon Sogʼliqni saqlash tashkiloti tomonidan belgilanishicha, arterial qon bosimining 140/90 mm simob ustunidan yuqori boʼlishi xafaqon (gipertoniya) kasalligining belgisi hisoblanadi. Bu xastalik asta-sekin rivojlanib, uzoq vaqt davom etadi. Keyinchalik bemorning qon bosimi 180/100 dan 200/120 mm simob ustuniga koʼtarilishi, baʼzida esa bu koʼrsatgich yanada oshishi mumkin.
Xafaqon (gipertoniya) kasalligida qon tomir devorlari turli oʼzgarishlarga uchraydi. Koʼz tubidagi qon tomirlar va arterial tomirlar torayadi, vena tomirlari kengayadi.
Xafaqon kasalligi klinik kechishiga koʼra, miya, yurak, buyrakka aloqador boʼlishi mumkin va rivojlangani sayin aynan shu aʼzolar faoliyatini izdan chiqaradi.
Miyaga aloqador gipertoniya bosh miya faoliyati buzilishi bilan boshlanadi. Bosh ogʼrishi, doimiy uyqusizlik, bosh aylanishi bemorni bezovta qiladi. Qon bosimi tez-tez koʼtarilib turadi.
Bosh miya qon tomirlari qisqarishi natijasida qon aylanishi izdan chiqadi. Dard zoʼraygach, bemorning tildan qolishi, oyoq-qoʼllari ishlamay qolishi kuzatiladi. Oqibatda insulьt kelib chiqadi.
Yurakka aloqador gipertoniyada bemor koʼkrak sohasidagi ogʼriqdan shikoyat qiladi. Jismoniy yoki ruhiy zoʼriqish, koʼp chekish, oʼta toʼyib ovqatlanishlardan soʼng ogʼriq xuruji boshlanadi. Xurujlar koʼpaygani sari yurak toj tomirlarida ateroskleroz rivojlanadi. Stenokardiya, miokard infarkti roʼy beradi. Oqibatda qon aylanishi yetishmovchiligi kelib chiqadi, yurak astmasi kuzatiladi.
Buyrakka aloqador gipertoniyada dastlab buyrak faoliyatida oʼzgarish roʼy bermasa-da, lekin keyinchalik buyrak tomirlarida ateroskleroz yuzaga kelishi mumkin. Natijada buyrakning surunkali yetishmovchiligi va uremiya rivojlanadi.
Soʼnggi bosqich: xatardan xoli emas
Kasallik uch bosqichda kechadi. Qachonki bemorning qon bosimi 160/95 dan 170/100 simob ustuniga koʼtarilganda gipertoniyaning birinchi bosqichiga tashxis qoʼyiladi. Bu vaqtda yurak-tomir tizimi, buyrak faoliyati va ichki aʼzolar ishida jiddiy oʼzgarishlar boʼlmaydi. (Har bir bemor organizmi holati oʼziga xos ekanini yodda tutish lozim.)
Ikkinchi bosqichda arterial qon bosimi turgʼun holatda va yuqori boʼlib, bemor bosh ogʼrigʼi, bosh aylanishidan bezovtalanadi, yurak sohasida ogʼriqni his qiladi. Bunday vaqtda u shifokor bilan maslahatlashgan holda dori-darmon ichib yurishi, parhez qilish va ruhiy-hissiy taʼsirlardan saqlanishi lozim. Ushbu bosqichda xafaqon xurujlari teztez takrorlanib turadi.
Uchinchi bosqichda esa arterial qon bosimi uzoq vaqtgacha baland boʼladi, hatto, 200/115 dan to 230/129 mm simob ustunigacha koʼtariladi. Xuddi shu bosqichda bemorda stenokardiya, miokard infarkti, yurak chap qorinchasining oʼtkir yetishmovchiligi, insulьt, buyrak faoliyatining buzilishi, koʼz tubida oʼzgarishlar kuzatiladi. Koʼpincha gipertoniya tufayli kishilarda yurakning ishemik kasalligi, stenokardiya va yurakning oʼtkir miokard infarkti rivojlanadi. Eng xavfli asoratlaridan biri bosh miyaga qon quyilishidir.
Unutmaslik kerakki, gipertoniyaga tashxis qoʼyishdan avval bemor urolog, nevropatolog, oftalьmolog, psixonevrolog shifokorlarning koʼrigidan oʼtishi zarur. Shuningdek, qon bosimi dastlab oshgandan keyin kamida 1-2 hafta davomida har kun nahorda va ovqatlanishlardan keyin qon bosimini oʼlchab turish shart. Baʼzi hollarda qon bosimi ortishi urologik, nevrologik kasalliklarga yoki boshqa bir necha dardlarga (masalan umurtqa churralari, har xil nevritlar, onkologik xastaliklar, qon-tomirlar distoniyasi, klimakteriya davri singarilarga) bogʼliq boʼladi. Bunda asosiy xastalik davolanganidan soʼng qon bosimi oshishi oʼz-oʼzidan yoʼqoladi.
Tuzaldim deb, muolajani toʼxtatmang
Parhez tutib, ovqatdagi tuz miqdorini cheklash batamom tuzalish degani emas. Muolajani faqat shifokor tayinlaydi. Shunga koʼra bemor shifokor buyurganlarini qunt bilan bajarishi kerak.
Bemorlar qon bosimi oʼrniga tushishi bilan muolajani toʼxtatib qoʼymasliklari zarur, aks holda kasallik birdaniga qoʼzgʼab qolishi, bunda qon bosimi birdaniga koʼtarilib ketishi mumkin. Аhvoli birdan yomonlashgan bemor darhol uyga shifokorni chaqirishi, u kelguncha oʼrinda yotib, oyoqlariga grelka qoʼyishi, issiq vanna qilishi lozim.
Korvalol, valokardindan 30-35 tomchi ichishi foyda beradi. Аgar toʼsh osti yoki yurak sohasida ogʼriq tursa, nitroglitserin tabletkasini darhol til tagiga tashlab soʼrish, ovqatdan oʼzini tiyishi kerak.
Xafaqonni davolashda foydalanilayotgan dorilar qon bosimini pasaytirib yubormasligi ham lozim. Negaki, qon bosimining haddan tashqari pasayib ketishi bosh miya, yurak va buyrakning qon bilan yaxshi taʼminlamay, bemor ahvolining ogʼrilashishiga olib kelishi mumkin.
Dard zoʼraymasligi uchun…
Xafaqon xastaligi bedavo emas. Bemor shifokor nazoratida boʼlib, aytganlariga amal qilsa, kasallik yomon asoratlarni keltirib chiqarmaydi, aterosklerozning avj olishi susayadi.
Bemor asablarining toliqishiga yoʼl qoʼymasligi, mehnat va dam olishni toʼgʼri uyushtirishi lozim.
Organizmni chiniqtirish, badantarbiya mashqlarini bajarish, toza havoda sayr qilish, shuningdek, ovqatlanish tartibiga rioya qilish kerak.
Chekish yoki spirtli ichimliklar ichish gipertoniyani avj oldirib yuboradi, buni unutmaslik kerak.
Gipertoniya bilan ogʼrib oʼtgan bemorlar ish jarayonidagi salbiy taʼsirlardan uzoqda boʼlishlari, nerv tizimini keskin qoʼzgʼatuvchi narsalar (achchiq choy, qahva, oʼtkir dorivorlar, konservalangan va dudlangan mahsulotlar)ni, xususan, ovqatga ishlatiladigan osh tuzini cheklashlari darkor.
Gipertoniya
Naima NАSRIDDINOVА,
kardiolog shifokor,
tibbiyot fanlari doktori,
professor.