Ogʼiz boʼshligʼida muammo boʼlsa

Pastalarni toʼgʼri tanlang. Ftorli pastalar tarkibida ftorid mikroelementlari boʼlib, ular tish kariesining oldini olishda naf beradi. Ftoridlar tish emali bilan birikib, kislotalar taʼsiriga berilmaydigan moddaga aylanadi va tishlardagi kalьtsiy miqdorini oshiradi.


Giyohli pastalar tarkibidagi biologik faol moddalar antiseptik va yalligʼlanishga qarshi xususiyatga ega. Аyniqsa 40 yoshdan oshganda paydo boʼladigan milk kasalliklari (gingivit yoki parodontit)dan qiynalayotgan bemorlar uchun giyohli pastalar mos keladi. Chunki ular bilan tish tozalab turilsa, milklarning qonashini kamaytiradi, shish va yalligʼlanishlarni yoʼqotadi.

Gigienik pastalar qatoriga kiradigan sodali pastalar ham ogʼiz boʼshligʼini tozalaydi va tishlarni maʼlum darajada oqartiradi. Xuddi shuningdek maxsus oqartiruvchi pastalar ham mavjud. Lekin ular bilan tish emali ishqalanganda biroz zarar ham keltiradi. Demak, maxsus oqartiruvchi pastalardan muntazam foydalanmagan maʼqul.


Tish kukuni (poroshogi) tarkibida abraziv (tozalovchi) moddalar bor. Kashandalar, tez-tez qahva va quyuq damlangan choy ichuvchilar hamda tish protezidan foydalanuvchilar haftasiga tish kukunini ishlatishlari mumkin.

Gelli pastalarning tozalash xususiyati unchalik kuchli emas. Shuning uchun koʼpincha ular bolalarga tavsiya etiladi. Unutmaslik kerakki, har bir odam uchun tishlarni yaxshi tozalash bilan birga tish emaliga ziyon yetkazmaydigan oddiy pastalar juda qulay va xavfsizdir.

Yogʼ – tabiiy antiseptik. Ogʼiz shilliq qavati, tishlar, tildagi karash va badboʼy hid bilan bogʼliq muammolardan qutulishda rafinadlanmagan oʼsimlik yogʼi tabiiy antiseptik hisoblanib, ogʼizdagi mikroblarni yoʼqotadi. Buning uchun zaytun yoki kungaboqar yogʼi (bir choy qoshiq) bilan ogʼzingizni chaying, 15-20 daqiqa davomida ogʼzingiz ichidagi yogʼ avval quyuq, keyin suyuq xolga oʼtganini sezasiz. Yogʼni yutmasdan, albatta tuflab tashlang, chunki ogʼiz boʼshligʼini “tozalagan” yogʼ tarkibida haddan tashqari koʼp toksinlar mavjud. Muolajani har kuni ertalab bajarganingiz maʼqul.

Tish choʼtkasini almashtirib turing. Maʼlumki, tishlar ustida yelimga oʼxshash qalin parda mavjud. Аna shu yelimda behisob mikroblar yashaydi. Shuning uchun tishni tozalayotganda pardani sindirib tashlash kerak. Bir marta tish tozalangach, parda yana paydo boʼladi. Pardani sidirib tashlash uchun tish yuzasida choʼtkani kamida 20 marta yurgizish lozim. Аgar tishlarni tozalashdan oldin suvda eritilgan ichimlik sodasi bilan chaysangiz, parda yumshaydi va koʼchishi osonlashadi.

Tishlarni tozalashda kichik choʼtkalardan foydalaning, shunda tishlarning eng ichki kavaklarini ham tozalash mumkin. Unutmangki, sunʼiy tolalardan tayyorlangan tish choʼtkalari milklarni jarohatlaydi.

Tish choʼtkalarini har uch oyda almashtirib turing. Аyniqsa, shamollab qolganda yoki grippga chalinganda, tuzalgandan keyin, albatta, yangi choʼtka tutish shart. Аks holda, choʼtka qillariga oʼtirib qolgan mikroblar kasallikni qayta qoʼzgʼashi mumkin.

Sabzavot, sut va saqich foydasi. Tishlar salomatligini taʼminlashda va organizmga kalьtsiyning singishiga koʼmaklashishda sabzavotlarga yetadigani yoʼq. Sabzavotlar isteʼmol qilinganda tishlarda ularning mikroskopik zarralari qoladi va ular bakteriyalarni nobud qiladi.

Tish emalini yaxshi saqlashning asosiy omillaridan biri sut mahsulotlarini muntazam isteʼmol qilishdir. Sut mahsulotlari tarkibida kalьtsiydan tashqari kozein, oqsil va gidroksiapatit moddalari mavjud boʼlib, ular tishlarni har xil xastaliklardan asraydi.

Shakarsiz oddiy saqichning tishlar sogʼlomligida oʼrni katta ekanligini shifokor olimlar koʼp taʼkidlashadi. U soʼlak ajralishini ragʼbatlantirib, tish emalini tabiiy ravishda tozalaydi. Saqichlarning koʼpgina turlarida ksilit boʼlib, u ogʼiz boʼshligʼidagi zararli bakteriyalarga qiron keltiradi.

Zaynab VАLIEVА,

shifokor, pedagog.