Botulizm: zaharlanishdan ehtiyot boʼling

Kuzatishlarga koʼra, bu kasallik asosan uy sharoitida tayyorlangan sabzavot marinadlarini (tuzlamalarni) isteʼmol qilish oqibatida kelib chiqadi. Buning sababi shundaki, sabzavotlar (masalan, bodring, pomidor, baqlajon singarilar) ning band qismiga tuproq orqali botulizm sporalari tushgan boʼlishi mumkin. Ular konservalanganda, idish ichidagi havosiz muhitda ana shu sporalar oʼzidan botulotoksin ajratib chiqaradi. Botulizm kasalligini aynan shu toksinlar keltirib chiqaradi.



Uy sharoitida tayyorlangan sabzavot marinadlarini isteʼmol qilish oqibatida botulizm toksini ajralib, u ichakda tez soʼriladi, qonga oʼtadi va butun organizmga tarqalib asosan, markaziy hamda vegetativ nerv tizimini shikastlaydi. Kasallik toksinli marinad (tuzlama) isteʼmol qilingandan 12-24 soat oʼtgach odatda toʼsatdan boshlanadi. Bemorlarda umumiy darmonsizlik, lanjlik, koʼngil aynashi, qusish holatlari kuzatiladi. Koʼpincha ogʼiz quriydi, oshqozonda ogʼriq sezilishi mumkin. 6 yoki 24 soat oʼtgandan keyin botulizmga xos nevrologik alomatlar paydo boʼladi. Koʼz oldi xiralashgan bemor buyumlarni aniq koʼrolmaydi, baʼzan narsalar koʼziga ikkita boʼlib koʼrinadi (diplopiya). Shuningdek, qovoqlari osilib, koʼzini ocholmaydi, koʼz qorachiqlarining kengligi oʼzgaradi va soqqalarining harakati buziladi, ovqat yutish qiyinlashadi, tovushi pasayadi, u manqalanishi, dimogʼida gapirishi ham mumkin. Yutish faoliyati buzilganligi sababli aksariyat hollarda bemor ichgan suyuqlik uning burnidan oqib chiqa boshlaydi.

Koʼp hollarda botulizm kasalligining xilma-xil simptomlari (belgilari) bemorni turli soha vrachlariga (masalan nevropatolog, okulist, otorinolaringolog, terapevt va boshqalarga) murojaat etishiga sabab boʼladi. Bu holat esa kasallikni oʼz vaqtida aniqlanmasdan qolishiga olib keladi.

Yuqorida aytib oʼtilgan alomatlar sezilishi bilanoq shifokorni uyga chaqirish zarur. “Tez yordam” kelguncha, bemorda yutish faoliyati buzilmagan boʼlsa, unga qaynatilgan suvni iliq holida ichirish yoki 2-3 litr iliq suv bilan huqna (klizma) qilish mumkin. Bu bemor ahvolini biroz yengillashtiradi. Botulizmga chalingan kishi imkon qadar tezroq shifoxonaga yetkazilishi zarur. Chunki kasallik mikroblarining zahari dastlab qonga oʼtadi, keyin ular toʼqimalar sari shiddat bilan harakatlanadi. Bordiyu davolash kechiktirilsa ogʼir asoratlar (masalan, qon-tomir tizimi faoliyatining buzilish va nafas yetishmovchiligi, zotiljam, miokardit singarilar) roʼy berishi, hatto bemor nobud boʼlishi ham mumkin.

Maslahatlarimiz shuki, bodring, pomidor va boshqa shu singari sabzavotlarni uy sharoitida tuzlamang. Yaxshisi ularni savdo shahobchalaridan xarid qiling!

Sohibjon АLIMOV,

Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar

ilmiy-tekshirish instituti klinikasining reanimatsiya va

intensiv davolash boʼlimi mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi.