Burun-halqum murtak bezining kattalashuvi adenoid deyilib, 2 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarda uchraydi. Ba’zan kattalarda ham kuzatilishi mumkin. Adenoid o‘sib kattalashganda burun-halqum gumbazini to‘ldirishi va yon devorlari bo‘ylab pastga, eshitish naylarining halqum og‘zigacha tarqalishi mumkin.
✏️Adenoidlarning paydo bo‘lish sabablari
Burun-halqum murtagi to‘qimalarining patologik o‘sishi odatda maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarda, yuqumli kasalliklar bilan og‘rigandan keyin paydo bo‘ladi. Masalan, skarlatina, difteriya, qizamiq, angina, gripp kabi kasalliklarning kelib chiqishi shu jarayon bilan bog‘liq. Ba’zida irsiy sabablar, shuningdek tez-tez shamollashlar, ota-onalarning o‘z farzandlarining chiniqishlariga, sport bilan shug‘ullanishlariga va vaqtida tibbiy ko‘riklardan o‘tishlariga e’tiborsizlik bilan qarashlari ham adenoidlarga imkon yaratadi.
✏️Adenoid alomatlari
Avvalo burundan nafas olish buziladi, bola og‘izdan nafas ola boshlaydi. Bemor bo‘shashgan va parishonxotir bo‘lib qoladi. Adenoid tufayli organizmda kislorod yetishmasligi ro‘y beradi va bunda quyidagi holatlar kuzatiladi: bosh og‘rig‘i; umumiy madorsizlik; uyqusizlik; tez-tez charchash; badjahllik; eshitish qobiliyatining pasayishi; yuqori jag‘ tishlarning noto‘g‘ri rivojlanishi.
✏️Adenoidlarning turlari
Adenoidlar uch darajada farqlanadi: I darajada adenoidlar dimog‘ suyagining 1/3 qismigacha yopib turadi, II darajada 1/2 qismigacha va III darajada 2/3 qismigacha yoki deyarli butunlay bekitadi. I darajada adenoid bolaning uyg‘oq paytida burundan nafas olishini sezilarli darajada qiyinlashtirmaydi, lekin uyqu paytida venalarning qonga to‘lishi tufayli ularning hajmi ozmi-ko‘pmi kengayadi. Shuning uchun kasallik anamnezida bolaning uxlash vaqtida og‘zi ochiq bo‘lishi aniqlansa, bu adenoid borligidan dalolat berishi mumkin.
✏️Rivojlanishi
Murtak hajmining kattalashishi shu darajaga yetadiki, ayrim hollarda burun-halqum bo‘shlig‘ini, xoanalarini, eshituv nayini, burun-halqumni to‘liq egallashi mumkin. Bunday hollarda bemorda, quloqni tez-tez surunkali shamollashi eshitish qobiliyati keskin pasayadi, tovush jarangdorligi o‘zgaradi, manqalik, teri va yumshoq pardalarning oqarishi sodir bo‘ladi. Burun orqali nafas olishning o‘zgarishi buzilishidan so‘ng, burundan doimo seroz suyuqlik oqib turadi, burun bo‘shlig‘i tez-tez yallig‘lanib sinusitlar paydo bo‘ladi.
✏️Adenoidlar qanday asorat berishi mumkin?
Bolalarda kasalliklar uzoq davom etganda yuz skeletining rivojlanishida beso‘naqay buzilishlarga olib keladi. Doimo osilib turadigan pastki jag‘ tor va cho‘zinchoq bo‘lib qoladi, yuqori jag‘da esa qattiq tanglay noto‘g‘ri rivojlanadi. U baland va tor bo‘lib shakllanadi, tishlaring noto‘g‘ri joylashishi tufayli prikus buziladi. Adenoidlar nafas funksiyasiga, miya qon aylanishining ayrim mexanizmlariga salbiy ta’sir qiladi. Xotira zaiflashib har xil nerv-psixik o‘zgarishlarga olib keladi. Burun-xalqum murtagining gipertrofiyasi bilan kasallangan bolalarda vaqt o‘tishi bilan ko‘krak qafasi shakllanishining buzilishi (g‘oz ko‘kragi), kamqonlik, ko‘z tubidagi dog‘ o‘lchamining kattalashishi kuzatilishi mumkin.
✏️Adenoidni davolash
Konservativ davo o‘tkir shamollash vaqtida qo‘llaniladi, qolgan holatlarda adenoid faqat jarohlik usuli bilan olib tashlanadi. Konservativ usul murtaklar oz-moz kattalashganda yoki operatsiya qilib bo‘lmaydigan hollarda qo‘llaniladi. Bemorga antigistamin preparatlar va kalsiy glyukonat buyuriladi. Kattalashgan murtaklar burundan nafas olishni qiyinlashtirib qo‘yganda operatsiya zarur bo‘lib, u ko‘pincha 5-7 yoshlarda qilinadi. Biroq burundan nafas olish ancha qiyinlashganda, eshitish qobiliyati pasayib ketganda va adenoidlar tufayli boshqa patologik hodisalar ro‘y berganda adenotomiya ko‘krak yoshidagi bolalarda ham amalga oshiriladi.