Zuluk orqali davolash

Zuluk orqali davolash yoxud girudoterapiya
Girudoterapiya (zuluk bilan davolash) asrlar osha bizgacha yetib kelgan zuluklar bilan davolash uslubidir. Tibbiy zuluklar farmakopeyaga kiritilgan va dorivor moddaga tenglashtirilgan fauna (hayvonot olami)ning yagona vakilidir. U biologik faol moddalar ishlab chiqaruvchi kichik «fabrika» hisoblanadi.


Girudoterapevtlar zuluklarni ming dardga davo deganlarida, ularni xususiyatlarini oshirib emas, balki bu ajoyib mavjutodlarni xususiyatlarini kamaytirib aytishadi. Ularning haqiqatda ajoyibligini faqat ular bilan yaqindan tanishgan insonlar tan olishadi.

Fanga 400 ga yaqin zuluklar turi ma’lum. Biroq, tabobatda faqatgina zuluklarning ikkita turi (dorixona va tibbiy) ishlatiladi. Tibbiy zuluk boshchasida 5 juft ko‘z, og‘zida esa 3 ta xitin tishli jag‘ bor. Ular yordamida zuluk terini 1,5 mm chuqurlikda tishlab, 5-15 ml hajmda qon so‘radi. Tishlar izi tushgan joydan keyinchalik (3-24 soat ichida) shuncha qon oqib chiqadi. Bir davolash seansiga 5 dan 7 tagacha zuluk qo‘yiladi.

Zuluklarni miloddan ming yil avval ham qo‘llashgan. Misr fir’avnlari ham zulukdan foydalanishgan. Buyuk tabiblar Abu Ali ibn Sino, Gippokrat va Galen bu jonzotlar yordamida bemorlar dardini yengillashtirgan. XVIII asr oxiri XIX asr birinchi yarmida girudoterapiya ayniqsa, ommalashib ketdi. Tabiblar zuluklarning shifobaxsh xususiyatlariga shunchalik berilib ketdilarki, ular meyorni esdan chiqarib barcha xastaliklarda bir muolajada 200 donagacha zuluk qo‘llashgan.

Zuluklarni meyorsiz qo‘llanilishi girudoterapiyani siquvga olinishi va XX asr boshiga kelib ko‘pchilik tabiblarning bu uslubdan voz kechishiga olib keldi. Shunga qaramay bugungi kunda zuluklar yordamida davolashga bo‘lgan qiziqishning ortishi kuzatilmoqda.

Girudoterapiya usulining davolash samarasi uchta omildan iborat – ya’ni, reflektor, mexanik va biologik. Zuluklarning reflektor ta’siri teridagi faqat biologik faol (akkupunktur) nuqtalarni tishlashiga asoslangan. Mexanik ta’siri – ular tishlagan joydagi regional(mahalliy) qon aylanishini yengillashtirishi, ya’ni tishlangan joyda qonni so‘rib olinishi va undan keyingi jarohat joyidan biroz miqdorda yara bitguncha davomiy qon oqib turishidan iborat.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Limonning shifobaxshligi
Zulukning qonga yuboradigan so‘lagi tarkibida 100 ga yaqin biologik faol moddalar organizmning normal faoliyatiga ijobiy ta’sir etadi. Bu tabiiy moddalarga girudin, gialuronidaza, destabilaza, eglinlar, antibiotiklar va og‘riqsizlantiruvchi moddalar kiradi.

Girudin qon quyilishini oldini oluvchi, og‘riq qoldiruvchi, yallig‘lanishga qarshi, tromb(qon quyilishi natijasida laxta-tromb hosil bo‘lishi) paydo bo‘lishiga qarshi xususiyatlarga ega. Destabilaza esa tromblarning so‘rilishiga sabab bo‘luvchi moddadir. Gialuronidaza chandiqli kasalliklarni so‘rilishida faol ishtirok etadi. Eglinlar to‘qimalarni jarohatlanishi va yallig‘lanishini kamaytirish xususiyatiga ega.

Shunday qilib tibbiy zuluklar odam organizmini 30 xil ta’sir orqali davolash xususiyatiga egadir. Tabiiy sharoitda zuluklar o‘z o‘ljalarini hididan topadilar. Hidlarga sezuvchanligi yuqori bo‘lganligi sababli ular alkogol, tamaki va atir hidi keladigan teriga yopishmaydi. Hozirgi kunda zuluklar yashovchi suv zahiralarining tozaligi qoniqarsiz bo‘lganligi sababli, ular sun’iy, ya’ni fabrika sharoitida yetishtiriladi.Shu sababli bu jonzotlar steril holatda bo‘ladi.

Undan tashqari zuluklarning bir marotaba ishlatilishi boshqa bemorlardan turli xil kasalliklar yuqtirish xavfining oldini oladi. Muolajadan so‘ng zuluk biror chekkaroq joyga ko‘mib yuboriladi.

Shuni ta’kidlash joizki, zuluklar turli kasalliklarning oldini olish bilan birgalikda organizmga umumiy ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ya’ni, ishtahani ochib, uyquni yaxshilaydi. Muolajadan so‘ng bemorda immunitet va kayfiyatni ko‘tarilib, moddalar almashinuvi jarayonlarini tezlashadi. Vujuddagi turli yallig‘lanish o‘choqlarining so‘rilishi kuchayadi.

© Hilola PRIMUHAMЕDOVA.

© Soglom.uz


Zuluk qo‘yishning qanday foydasi bor?


Girudoterapiya muolajasi turli xil kasalliklarda tibbiyot zuluklarining ishlatilishi bilan izohlanadi. Zuluk muolajaga qaratilgan kasallikka koʻra tananing kerakli sohasiga qoʻyiladi. Dastlab bilinar-bilinmas achishish seziladi. Bu paytda zulukdan girudin moddasi ajralib chiqib, qonga tushadi. Ushbu modda qonni suyultiradi, tozalaydi. Muolaja jarayonida tananing kasallangan qismida qon aylanishi yaxshilanadi.


Xalqona tilda aytganda, zuluk tanadagi “xarom

” qonni soʻrib oladi, yaʼni bu qon tanadagi mikrosirkulyar

oqim boʻlib, aʼzolarda toʻplangan zaharli moddalar, viruslar hisoblanadi. Anglaganingizdek, zuluk qonni tozalaydi.


Aslida girudoterpiya bugun paydo boʻlgan atama emas. Maʼlumotlarga koʻra, qadimda ham zuluk bilan davolash usuli ham keng qoʻllanilgan. XX asrda dori preparatlari turining koʻpayishi hisobiga girudoterpiya

salgina unutildi. Biroq uning foydasini yaxshi bilganlar zuluk yordamida davolash sirlarini avloddan-avlodga yetkazib kelishmoqda.

.



Ushbu maqolani ham o‘qing:  Immunitet mustahkamligi uchun…
Diqqat!

Dunyoning koʻpgina mamlakatlarida, xususan, yurtimizda ham gigiyena talablariga javob bermagan sharoitda bemorlar koʻrigini tashkil etayotganlar bor. Bunday hollarda bemorlar shifo topish oʻrniga, qoʻshimcha xastaliklarni orttirib olishlari mumkin. Biror davolash maskaniga murojaat qilishdan avval, albatta, uning davlat roʻyxatidan oʻtganligi va faoliyat yuritish uchun lizensiyasi bor–yoʻqligini aniqlab oling.

Avitsenna.uz