Burundi Respublikasi (fransuzcha Respublique du Burundi) — Markaziy Afrikadagi davlat. Maydoni 27,8 ming km.kv. Poytaxti — Bujumbura shahri. Ma’muriy jihatdan 15 viloyatga bo‘linadi. Davlat tuzumi — Respublika. Davlat boshlig‘i — prezident. 1996-yil 25-iyuldagi davlat tuntarishi natijasida 1992-yilgi Konstitutsiyaning amal qilishi va Millat majlisi hamda partiyalarning faoliyati to‘xtatib qo‘yilgan. Sentabr oyida Millat majlisi va partiyalarning faoliyati qayta tiklandi. 1998-yil 18-iyulda Millat majlisi o‘rniga O‘tish davri millat majlisi tuzildi. Tabiati. Burundi Sharqiy Afrika tog‘ligining shimoli-g‘arbida joylashgan. Kembriygacha hosil bo‘lgan kristall va metamorfik jinslar yer yuzasiga chiqib yotadi. Relyefi, asosan, yassitog‘lik. Sharqida, Nil va Kongo daryolari havzasi o‘rtasida balandlik 2000-2500 m bo‘lgan suvayirg‘ich tizma bor. Yassitog‘lik janubi-sharqda Malagarasi daryosi vodiysiga tik jarliklar hosil qilib tushgan. Mamlakat markazi va sharqida nikel, kobalt, platina, titan, mis, magniy, vanadiy, qalay konlari mavjud. Iqlimi subekvatorial. O‘rtacha oylik temperatura daryo vodiylarida 24°, yassitog‘liklarda 18-20°. Yillik o‘rtacha yog‘in miqdori 800-1600 mm. Yil davomida 2 sernam (mart — may, oktabr — dekabr) va 2 quruq (iyun — sentabr, yanvar — fevral) mavsum bo‘ladi. Daryolari Nil va Kongo havzalarida bo‘lib, gidroenergiyaga boy, lekin ularda kema qatnay olmaydi. Yirik daryolari Ruvuvu, Akanyaru, Malagarasi, Ruzizi. Asosiy tuprog‘i unumli qizil tog‘ tuprog‘idir. Ruzizi daryosining vodiysida tropik qora va sho‘rlangan tuproqlar uchraydi. O‘simliklari asosan savannalar bo‘lib, suvayirg‘ich tizmalar tropik o‘rmonlar bilan qoplangan. Hayvonot dunyosi qushlar, sudralib yuruvchilar va hasharotlarga boy. Fil, begemot, buyvol, kiyik va maymunlar uchraydi. Milliy bog‘lari — Kivira, Ruzizi, Ruvuvu. Aholisi. Burundining asosiy aholisi xutu, tutsi va tva etnoguruhlariga bo‘linuvchi rundi va ruandalar; yevropaliklar va osiyoliklar ham yashaydi. Aholining 62% katoliklar, 32% mahalliy an’anaviy dinlarga amal qiladi, 6% musulmonlar. Rasmiy tili kirundi va fransuz tillari. Aholining 6,3% shaharlarda istiqomat qiladi. Yirik shaharlari:Bujumbura, Gitega, Muramvya. Tarixi. Burundi hududida qadimdan bantu va pigmeylar qabilasi, XV-XVI asrlarda efioid toifasiga mansub urushqoq ko‘chmanchi-chorvador qabilalar yashagan. Manbalarga ko‘ra, hozorgi Burundi hududida 1558-yilda dastlabki podsholiklar tashkil topgan. Ntare 1 mayda xonliklarni birlashtirib, kuchli davlatga asos solgan. Viloyatlarni shahzodalar idora qilgan. XIX asr oxirlarida mamlakatga yevropalik missionerlar kirib keddi. 1899-yil Burundi Germaniya Sharqiy Afrikasi tarkibiga qo‘shib olindi. 1916-yil 1-jahon urushi vaqtida Burundini Belgiya armiyasi egalladi. Versal sulh shartnomasi, Millatlar Ittifoqi qaroriga muvofiq Burundi nomi bilan Belgiya ixtiyoriga o‘tdi. Davlatni Belgiya rezidenti nazoratida podsho (mvami) boshqardi. Mustamlakachilar aholini kofe, paxta kabi eksport tovarlar yetishtirishga majbur qildi. Burundi aholisi mustamlakachilarga qarshi uzoq vaqt kurash olib bordi. Bu kurash 2-jahon urushidan so‘ng Afrikada boshlangan milliy ozodlik harakati ta’sirida avj olib ketdi. 50-yillar oxirida Burundidagi ozodlik harakati tashkiliy tus ola boshladi. Mamlakatda siyosiy tashkilotlar paydo bo‘ldi. 1959-yil tuzilgan milliy taraqqiyot va birlik partiyasi Burundiga o‘zini o‘zi boshqarish huquqi berilishini, keyinchalik mustamlaka tuzumini tugatishni talab qildi. Xalq partiyaga xayrixohlik bildirdi. Belgiya hukmronlari ozodlik kurashini boshqarish maqsadida mahalliy boshqaruv organlari tuzishga rozilik berdi. Ayni vaqtda turli partiya va tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro nizo qo‘zg‘adi, qabilalarni bir-biri bilan urishtirib qo‘ydi. Biroq mehnatkash omma ozodlik kurashini susaytirmadi. Oxiri mustamlakachilar Burundi mustaqilligini e’tirof etishga majbur bo‘ldi. 1962-yil 1-iyulda mustaqil deb e’lon qilindi. 1966-yil noyabrda monarxiya ag‘darilib, respublika e’lon qilindi. 1962-yildan BMT a’zosi. 1992-yil 6-yanvarda O‘zbekiston Respublikasining suverenitetini tan olgan. Milliy bayrami — 1-iyul — Mustaqillik kuni (1962-yil). Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. Birlik va milliy taraqqiyot partiyasi (UPRONA), 1959-yilda asos solingan; Burundida demokratiya uchun front, 1986-yilda asos solingan. Burundi mehnatkashlari ittifoqi kasaba uyushmasi, 1967-yilda tuzilgan. Xo‘jaligi. Burundi — iqtisodiy jihatdan sust taraqqiy qilgan agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotning 13% ni sanoat, 48,5% ni qishloq xo’jaligi beradi. Mehnatga layoqatli aholining 90% qishloq xo’jaligi (asosan dehqonchilik va chorvachilik)da band. Bugdoy, oq jo‘xori, makkajo‘xori, banan, tariq, maniok, choy ekiladi. Kofe va paxta Burundining asosiy eksport ekinlaridir. Qoramol, echki, qo‘y boqiladi. Tanganika ko‘lidan baliq ovlanadi. Burundisanoati endi rivojlanish bosqichiga kirdi. Mamlakatda qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlaydigan o‘rta va kichik sanoat korxonalari bor. Kofe va paxta tozalash, yer yong‘oq yog‘i ishlab chiqarish, qishloq xo’jaligi uskunalari, sovun, lak-bo‘yoq zavodlari va poyabzal, mebel fabrikalari bor. Burundida temir yo’l yo‘q. Ichki va tashqi yuklar avtomobil yo‘llari (uzunligi 6,3 ming km) hamda suv va havo yo‘llari orqali tashiladi. Tanganika ko‘lida kemalar qatnaydi (asosiy portiBujumbura). Chetga kofe, paxta, ko‘n-teri mahsuloti, qoramol, qalay konsentrati chiqaradi va chetdan to‘qimachilik, oziq-ovqat, neft mahsulotlari, transport vositalari keltiradi. Belgiya, AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya va boshqalar mamlakatlar bilan savdo qiladi. Pul birligi — Burundi franki. Tibbiy xizmati, xalq maorifi, madaniy-ma’rifiy va ilmiy muassasalari. Burundida 4,5 mingdan ortiq o‘rinli 30 ga yaqin kasalxona va 120 dan ziyod tibbiy markaz bor. 1962-yilgacha aholining 98% savodsiz bo‘lgan. 1967-yildan davlat maktablarida o‘qish bepul. Burundida 6 yillik boshlang‘ich maktablar, 6-7 yillik o‘rta maktablar bor. Maktab o‘qituvchilari Bujumburadagi unversitet va oliy pedagogik maktabida tayyorlanadi. Burundida qishloq xo’jaligi instituti (1958-yil tashkil etilgan) ham bor. Ilmiy muassasalari: Qishloq xo’jalik tadqiqotlari instituti, Gidrometeorologiya milliy markazi, Tibbiyot bo‘yicha tadqiqot laboratoriyasi. Bujumburada unversitet kutubxonasi va ommaviy kutubxona, Gitega shahrida Milliy muzey ishlaydi. 1969-yil Bujumburada Burundi madaniy markazi ochilgan. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko‘rsatuvi. Burundidagi asosiy gazeta va jurnalar: «Renuvo dyu Burundi” («Burundi tiklanishi”, fransuz tilida chiqadigan kundalik hukumat gazetasi, 1978-yildan), «Ubumve” («Birlik”, kirundi tilida chiqadigan haftalik gazetasi, 1971-yildan), «Byulleten ekonomik efinansye” («Iqtisodiy va moliyaviy byulleten”, fransuz tilida oyiga 2 marta chiqadi), «Gid” («Yo‘lnoma”, fransuz va kirundi tilida chiqadigan oylik axborot byulleteni, 1970-yildan) «Kyultyur e sosyete” («Madaniyat va jamiyat”, har chorakda fransuz tilida chiqadigan jurnal, 1978-yildan). Burundi matbuot agentligi — BAP 1976-yilda tuzilgan. Burundi milliy radioeshittirishi va teleko‘rsatuvi 1960-yilda tashkil etilgan. Me’morligi va tasviriy san’ati. Xalqning turar joylari aksariyati xodachalardan sinch qadalib, orasiga shox-shabba, qamish va xashak o‘rab yasalgan yumaloq kulbalardan iborat, tomi ham xashak bilan yopiladi. Kulba ichi qamish bordon bilan bo‘linadi. Qishloq qo‘rg‘onlari tepaliklar va qir yon bag‘irlariga tarqoqholda joylashgan. 50-yillardan to‘g‘ri burchakli, peshayvon va derazali turar joylar paydo bo‘ldi. Tomini qo‘sh nishabli qilib yopish odat tusiga kirdi. Bujumburashahrida zamonaviy yevropacha binolar qurila boshladi. Badiiy hunarmandchilikda bo‘yra, savat, idish, qopqoq kabi turli hajm va shakldagi narsalar to‘qish rivojlangan. Buyumlar har xil naqshlar bilan bezatiladi. Yog‘ochdan odamlar va hayvonlarning haykallarini, qalqon va o‘qdonlarni, g‘iloflarni yasaydilar. Musiqasi. Burundi an’anaviy musiqiy madaniyati qo‘shiqjanrlari, cholg‘u asboblari ijro uslubi xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Turli rasm-rusumlar, dafn marosimi va farzand tug‘ilishiga bag‘ishlangan o‘ziga xos musiqalar mavjud. Mamlakat mustaqillikka erishgach, san’at an’analari muntazam ravishda o‘rganila boshladi, bir necha ashula va raqs ansambllari tuzildi.
Ma’lumot: O’zbekiston milliy ensiklopediyasi. Toshkent. 2000.