13-iyun norasmiy ravishda tikuv mashinkasi kuni nishonlanadi. Eng birinchi tikuv mashinalari sanoat korxonalarining ramzi hisoblangan. Bir necha o’n yillar oldin tikuv mashinkalari har bir xonadonda bo’lgan. Birinchi tikuv mashinkasini ingliz ixtirochisi Tomas Seynt patentlagan. Lekin uning ixtirosi keng tarqalib ketmadi. Birinchi bo’lib ishlatishda qulay bo’lgan tikuv mashinkasini fransuz Bartelemi Timonye 1830-yilda ishlab chiqdi va jahonda birinchi tikuv fabrikasini ochdi. Turli ixtirochilar tikuv mashinkalarini zamonaviy turlarini o’ylab chiqa boshladilar. Mexanik mashinkalar qatorida elektromexanik tikuv mashinkalari, undan so’ng mikroprotsessor boshqaruvli (kompyuterlashgan) tikuv mashinkalari ishlab chiqarila boshlandi. Tikuv mashinkalarning aniq vazifalarni bajaruvchi, maxsus mashinkalar ham chiqarilmoqda. Keyingi yillarda tikuv mashinkalari o’zining ommabopligini yo’qotib bormoqda, chunki hozirda ko’pchilik tayyor kiyimlarni sotib olishni lozim ko’radilar. Ammo tikuv mashinkasi kuni o’zining aktualligini yo’qotmagan. Chunki tikuv mashinkalarining paydo bo’lishi kiyimlarni ishlab chiqarishda keskin burilish bo’ldi.