Muzeylar har bir xalq tarixi, madaniyati, turmush tarzi, milliy an’ana va qadriyatlarini o’rganish, ularni targ’ib etish va kelgusi avlodlarga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mamlakatimizda muzeylar tashkil etish XIX asrning 70-yillariga borib taqaladi. 1876-yilda tashkil etilgan O’zbekiston xalqlari tarixi muzeyi Markaziy Osiyodagi ilk muzeylardan sanaladi. Ushbu muzeyda yurtimiz hududidagi ibtidoiy jamoa tuzumidan to shu kunga qadar madaniy hayotdan darak beruvchi arxeologik topilmalar, turli davrdagi taraqqiyot, fan va madaniyatning yuksalgan davri, foto hujjatlar, tasviriy san’at namunalari o’rin olgan. Muzeyda har oyning oxirgi juma kunida «Ochiq eshiklar kuni» tashkil etib kelinadi. Bundan tashqari, to’garaklar faoliyati ham yo’lga qo’yilgan bo’lib, unda muzey tematikasiga oid mashg’ulotlar o’tkaziladi hamda o’quvchilar tomonidan o’zlashtirilgan bilim va ko’nikmalar mustahkamlab boriladi. Shu bilan birga, har oyda viloyatimizda ijod qilayotgan etnograf, rassom, shoir va yozuvchilar, olimlar bilan uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etib kelinadi.