Xiva — Juma masjid

Xiva — Juma masjid
Juma masjid — Xiva (Xorazm)dagi me’moriy yodgorlik (X-XVIII asrlar). Ichan qal’aning markaziy qismida Ota darvoza va Polvon darvozalarni birlashtiruvchi ko‘chada joylashgan. Juma masjid haqidagi ilk ma’lumot X asrda Xorazmga kelgan arab sayyohlari al-Muqaddasiy (Maqdisiy) va al-Istaxriy yozmalarida uchraydi. Manbalarga ko‘ra, Juma masjidning dastlabki binosi buzilib ketgan va o‘rniga Abdurahmon Mehtar buyrug‘iga binoan xuddi shu usulda kattaroq yangi masjid qurilgan (1788). Masjid o‘ziga xos tarixi va hajmi bilan ajralib turgan. Masjid bir qavatli bo‘lib, atrofi g‘ishtin devor bilan o‘ralgan. Uning boshqa masjidlardan farqi qadimiy arab me’morligiga xos uslubda (yopiq, ko‘p ustunli hamda hovlisiz qilib) qurilganligidadir. Unda ayvonlar bilan o‘ralgan hovli ham, ulkan peshtoq ham, gumbazli xonalar ham yo‘q. Xonaqoh ichi shipdagi ikki tuynuk orqali yoritiladi. Tomi yassi, to‘sinli, shipini 212 ustun ko‘tarib turadi. Ustunlar 17 qatorli, oralig‘i 3,15×3,15 m. Mehrobi janubiy devor markazida joylashgan. Tashqi devorlari oddiy bezaksiz. Bosh tarzidagi eshik yog‘och o‘ymakorligida ishlangan noyob namuna hisoblanadi. Ichki bezaklari sodda ganch suvoq qilingan. Mehrob ravog‘ida iroqi muqarnas va ko‘k rangli bo‘yama naqsh (XVIII asrga oid) saqlangan. Ustunlar masjid tuzilishining asosini tashkil etish bilan birga uning badiiy bezagi hamdir. Ular o‘ziga xos mutanosiblik va ko‘rinishga ega. 212 ustundan X-XIV asrlarga oid 25 ustun eng qad.si bo‘lib, tuzilishida bir qancha uslub namunalari bor. X-XI asrlarga oid 4 ustun chuqur bo‘rtma naqshli, kufiy xati islomiy naqsh bilan uyg‘unlashgan. Unda faqih Abul Fadal Muhammad Laysiy farmoni bilan qurilgani yozilgan. XI-XII asrlarga oid 17 ustun nisbatan sayoz o‘yilgan, undagi handasiy naqshlar oralig‘i uslublashtirilgan, nabotiy shakllar bilan to‘ldirilgan, yozuvlari kufiy xatida bitilgan (yaxshi saqlanmagan) XV asrga oid 3 ustun islomiy, girih naqshlar va nasx xatida hoshiya qilib terilgan. Bu uslubdagi o‘ymakorlik bezaklari mehrob yaqinidagi yog‘och taxtachalarda va eshik tabaqalarida uchraydi. Ustunlarning birida mil. 1510 y. saqlangan. Ular mehrob yaqinidagi marmar taxtalar bilan bir vaqtda o‘rnatilgan bo‘lishi mumkin. Kichik marmar taxtada 1666 y., ikkinchi marmar taxta yozuvidagi vaqfnomada vazir Abdurahmon amri bilan Quyuqtom va Bekobod qishloqlarida masjidga vaqf yerlari ajratilganligi va daromadni xayr-ehsonga hamda masjid zaruriyatiga sarf qilish lozimligi yozilgan (1788—89). Qolgan ustunlar Xorazmdagi turli binolardan yig‘ib keltirilgan. Uzunlari masjid qurilishiga moslab qirqilgan, kaltaroqlari murabba shakldagi tosh poyustun ustiga ko‘zagi va kallaklar ishlanib o‘rnatilgan. Hamma ustunlar muayyan mujassamot asosida joylashtirilgan. Masjid yonidagi minora XVII asrda qulab tushgan, XVIII asrda mayda pishiq g‘ishtdan qayta tiklangan. Minora yuqoriga tomon ingichkalashib boradi. Tepasiga sharafa va g‘ishtdan dandana xoshiya belbog‘lar ishlangan. Juma masjid bir necha bor ta’mirlangan, oxirgi ta’miri 1990 yilda Xiva shahrining 2500 yilligi arafasida bajarilgan.

sayyoh.com