Buxoro — Minorai Kalon

Buxoro — Minorai Kalon
Buxoro shahrining ramzi hisoblanmish Minorai Kalon (Katta Minora) me’morchilik namunasi Qoraxoniylar davlatining Movarounnahrdagi amiri Arslon Bug‘roxon tomonidan bunyod etilgan.

Arslon Bug‘roxon Muhammad ibn Sulaymon (to‘liq ismi Muhammad ibn Sulaymon ibn Dovud Kuchtegin ibn Tamg‘achxon Ibrohim, 1130-1131) – Movarounnahr hukmdori (1102-1130). Qoraxoniylardan bo‘lgan bu amir Barqiyoruq vassalli Sulaymonteginning o‘g‘li bo‘lgan. U 1102-yil Samarqand taxtiga Arslonxon unvoni bilan o‘tqazilgan. 12 ming mamlukdan iborat qo‘shin tuzib Dashti Qipchoqqa bir necha bor harbiy yurishlar qilgan. Umrining oxirida falaj bo‘lib qolganligi tufayli taxtni o‘g‘illari – dastlab Nasr, so‘ng Ahmad bilan hamkorlikda boshqargan. Samarqand Saljuqiylar tomonidan egallangach (1130-yil,13-mart), Arslonxon Balxga jo‘natiladi va ko‘p vaqt o‘tmay o‘sha yerda vafot etadi. U Mavrdagi o‘zi qurdirgan madrasaga dafn etilgan. Arslonxon davrida madaniy hayot bir muncha rivojlangan. Buxoro va uning viloyatida ko‘plab binolar qurdirgan. Bulardan: Jarqo‘rg‘on minorasi va Masjidi Kalon yonidagi minora hozirgacha saqlangan.

Me’moriy obida bunyod etilgan davrdagi tarixiy shart-sharoitga to‘xtaladigan bo‘lsak, Qoraxoniylar tomonidan 992, 996, 999-yillarda Movarounnahr tomon uyushtirilgan yurishlar natijasida Somoniylar hukmronligi tugatildi. Bu davrda Saljuqiylar g‘aznaviylarga xavf sola boshlaydi. Saljuqiylar bilan jiddiy kurash boshlanadi. Qoraxoniylarning mahalliy hukmdori Ibrohim Bo‘ritegin 1038-yilda Amudaryo bo‘yi viloyatlari – Xuttalon, Vaxsh va Chag‘aniyonni g‘aznaviylardan tortib oladi. Ko‘p vaqt o‘tmay u Movarounnahrni va Farg‘onani o‘ziga bo‘ysundirib, mustaqil siyosat yurita boshlaydi. Natijada qoraxoniylar ikki mustaqil davlatga ajralib ketdi. Biri poytaxti Bolasog‘unda bo‘lgan Sharqiy qoraxoniylar, ikkinchisi markazi Samarqandda bo‘lgan Movarounnahrdagi Qoraxoniylar davlati edi. Bu davrga kelib siyosiy jihatdan tobora zaiflashib borayotgan Qoraxoniylar davlati o‘zining avvalgi mavqeyini yo‘qotib, saljuqiylar tayziqiga uchraydi va unga qaram bo‘lib qoladi.

Minorai Kalonning bunyod etilishi o‘rta asrlarning rivojlangan davriga (XII asr), aniqrog‘i, 1127-yilga to‘g‘ri keladi. Me’moriy obidaning qurilishida tosh, maxsus qir qotishmasidan, chorsu pishiq g‘ishtidan, loy, taxta va boshqa bir qator ashyolardan foydalanilgan. Uning dizayni haqida gapiradigan bo‘lsak, balandligi 50 metr, aylanma eni 9 metr. Minoraning salla shaklidagi yuqori qismi g‘isht o‘ymakorligi bilan bezatilib, karniz holiga keltirilgan. O‘qsimon tirgak o‘rtasida Arslonxonning nomi hamda binokor ustaning ismi (usta Baqo) bitilgan. Minora ichida g‘ishtin aylanma zinapoya bo‘lib, mezanaga olib chiqadi. Kursisi qirrador, tanasi g‘o‘lasimon, tepasi gumbazli davra qafasa-ko‘shk bilan bog‘langan. Minora yuqoriga ingichkalashib boradi va muqarnas bilan tugaydi. Qafasasidagi 16 ravoqli darchalar orqali atrofni kuzatish mumkin. Tepaga minora ichidagi 104 aylanma zinapoya orqali chiqiladi. Masjidi Kalon tomonidan minoraga o‘tiladigan ko‘prikcha bo‘lgan. Minorai Kalonning o‘zagi ham, bezagi ham chorsu pishiq g‘ishti (27x27x4x5 sm) ganchxok loyida terilgan. Bezak g‘ishti o‘rniga qarab turli shaklda, sirti silliq pardozlangan. Ustma-ust joylashgan turli xil handasiy shakldagi bejirim bezakli halqalari g‘ishtin dandanalar bilan hoshiyalangan. Bezaklar orasida tarixiy-diniy mazmundagi kufiy yozuvlar uchraydi. Muqarnas ostidagi moviy rang sirkor halqalarning har biri turli xil handasiy shaklda bezatilgan (keyinchalik to‘kilib ketgan).

Me’moriy obidaning uslubi haqida gapiradigan bo‘lsak, inshoot pishiq g‘ishtdan Sharq an’analarining naqshdor shakllar uslubida ishlangan. Minorai Kalon me’moriy inshootning o‘ziga xos tomoni shundaki, u Buxoro shahrida qad ko‘targan boshqa inshootlardan o‘zining me’moriy yechimi bilan ajralib turgan. Bundan tashqari, me’moriy inshoot balandligi jihatidan ham boshqa me’moriy inshootlardan ajralib turgan.

Minora o‘z davrida muazzin uchun azon aytish joyi vazifasini o‘tagan bo‘lsa, harbiy maqsadlarda esa kuzatuv obyekti ham bo‘lganligi tarixiy manbalarda saqlanib qolgan. Minoraning bugungi kungacha bo‘lgan holatlari haqida gapiradigan bo‘lsak, tanasi va muqarnaslari ta’mir etilgan (1924). Yer ostidagi asosi (kursisi) usta Ochil Bobomurodov tomonidan ochib ta’mirlangan (1960). Buxoro shahrining 2500 yilligi munosabati bilan Minorai Kalon majmuasida ham ta’mirlash ishlari olib borildi (1997). Bundan tashqari, me’moriy inshoot atroflari obod etilib, ko‘kalamzorlashtirilgan.

Me’moriy obidaga xalqaro tashkilotlar tomonidan berilayotgan e’tiborga to‘xtaladigan bo‘lsak, UNESCO tashkilotining Butun Jahon yodgorliklari ro‘yxatiga kiritildi. 1993-yilda Buxoro shahrining tarixiy markazi (1-sessiya, Kolumbiya) “Butunjahon madaniy meroslari ro‘yxati”ga kiritilgan. 2000-yil 30-avgustda “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. 2008-yil 12-sentabrda “Muzeylar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Davlatimiz tomonidan qabul qilingan ushbu qonunlar me’moriy inshoot muhofazasining huquqiy kafolatidir.

sayyoh.com