Bolalarga she’rlar – alifbo haqida

ZUKKO ALIFBO


Bolalarga she’rlar – alifbo haqida


Assalom kalom boshi,


Aql odob quyoshi.


Bog’da bulbul sayraydi,


Gulga ko’ngil bog’laydi.


Dakanglar dakang xo’roz,


Don terar akang xo’roz.


Eldor o’qiydi ertak,


Elyor to’qiydi cho’pchak.


Foyda filga kerakmi,


Fil foydaga sherikmi?


Gulga o’xshar kapalak,


Qanotlari kamalak.


Humo qushi porlaydi,


Baxt yo’liga chorlaydi.


Ishyoqmas ishdan qochar,


Ming bir bahona topar.


Jiyda guli maydadir,


Cho’pon ko’ngli naydadir.


Ko’klam keldi o’lkamga,


Peshvoz chiqdik ko’klamga.


Lochin ko’kni ko’zlaydi,


Laylak yozni izlaydi.


Maymun qilib masxara,


Mushukka der tasqara.


Ninachi g’irillaydi,


Qanoti dirillaydi.


Osmonda oy nur sochar,


Hovuch-hovuch dur sochar.


Parda pishloq pishirdi,


Parpi paqqos tushirdi.


Qarg’a qishni qo’msaydi,


Qorni ko’rib shumshaydi.


Rayhon taratar atir,


Hidi olamga tatir.


Sichqon sabzi kemirdi,


Xo’p kemirib semirdi.


Tilla taqa topildi,


Darvozaga qoqildi.


Uzum uzdik azonda,


Shinni qildik qozonda.


Vali varrak uchirdi,


Ali urib tushirdi.


Xirmon to’la don tuydik,


Mehmonlarga non qo’ydik.


Yomg’ir yog’ar sepalab,


Chopqillar qir-tepalab.


Zuvillog’im zuvillar,


Shamol kabi g’uvillar.


O’rik tugdi dovuchcha,


Terdik ikki hovuchcha.


G’altagim g’ildiraydi,


To’tamay pildiraydi.


Sherga shira yoqmaydi,


Muzqaymoqqa boqmaydi.


Chumchuq chuvalchang topdi,


Chittak ortidan chopdi.


Mana sizga bodring, Yarmin menga qoldiring.


Nurulloh OSTON

manba: quvnoqbola.com