AMMALARNI YAXSHI KO‘RING
Choptiradi omad degan otingizni,
Yashiradi, to‘g‘irlaydi xatongizni,
Sizdanda zo‘r qadrlaydi otangizni,
Ammalarni yaxshi ko‘ring, ammalarni.
Jiyanga xos burchingiz bor bo‘yningizda,
Chopib, chopib xizmat qilar to‘yingizda,
Bittagina rasmi bo‘lsin uyingizda,
Ammalarni yaxshi ko‘ring, ammalarni.
Kulgu berib turing mahzun yuzlariga,
Taftingizni tuting yurak muzlariga,
Ko‘zlaringiz o‘xshab ketar ko‘zlariga,
Ammalarni yaxshi ko‘ring, ammalarni.
Jiyanlarga joni qurbon, mehri bo‘lak,
Jigarlari baxti uchun joni halak,
Olib bermang mayli unga bitta ko‘ylak,
Ammalarni yaxshi ko‘ring, ammalarni.
Xudoyimga borib yetar tilaklari,
Duolardan to‘xtamaydi bilaklari,
Otangizning bu hayotda tirgaklari,
Ammalarni yaxshi ko‘ring, ammalarni.
Saqlab oling va yaqinlarga xam ulashing!
👉 @Salomatlik_uz 💊