Ona allasi matni va alla haqida sherlar to‘plami

Ona allasi matni va alla haqida sherlar to‘plami: Bolaning ruhiyatiga, qalbiga, iymonni va ezgu niyatlarni solaolsak, ularning kelajakdagi kamoli shunchalik bo‘y ko‘rsatadi. Buning uchun ona allasi beqiyos ahamiyat kasb etadi.

Ona allasi haqida sherlar to‘plami

Beshikdagi bolaga


Аlla ayni avjida,
Bola topmas uyqusin.
Uy ishlari kutmoqda,
Ona sho‘rlik ne qilsin!

Аlla bolam, allayo,
Аqlligim, allayo!

Ko‘zga ko‘rinmay charchoq,
Mexrin berar allaga.
Uxlab qoldi chaqaloq,
Raxmi kelib onaga.


Аlla bolam, allayo,
Mexribonim, allayo!

Alla ayting onajon uyqum kelyapti


Siz alla aytsangiz ko‘nglim chog‘ona,
Mehringiz bulutdan buncha oq ona,
Lekin qololmayman dunyoda ortiq,
So‘ngi allangiz qiling siz tortiq.

Alla ayting unutay dunyo azobin,
Onajon ko‘zingiz bunchalar g‘amgin.
Qo‘ying yig‘lamang kerakmas ko‘z yosh,
Men uchun yosh to‘kmang bu men bag‘ritosh.

Yo‘q yig‘lamang ona yig‘lamang ona,
Men bag‘ritosh uchun yosh to‘kmang ona.
Ona holingizdan habar olmadim.
Sevgining hididan mast bo‘lgan edim…

Netay sinovli bir kam bu hayot,
Endi men ketaman ketaman nahot.
Onajon sevgidan topdim yolg‘onlar,
Yolg‘onchi ekan bu go‘zal jononlar,


Faqat mehringizdan olay oromlar,
Alla ayting ona uyqum kelyapti.
Nahot qadringizni bilmadim ona,
Iltimos kechiring kechiring ona…

Mendan rozi bo‘ling yig‘lamang ona,
Alla ayting ona alla ayting ona…

Alla bolam alla mehrim daryo senga,
Alla bolam alla shuncha azob kimga?
Alla bolam alla borar joying jannat,
Alla bolam alla sen Ollohga omonat…

Ona allasi matni: Allalar to‘plami


Alla, alla, alladan-ay,
Kokillari tillodan-ay.
O‘qib kelgan mullodan-ay,
Alla, qo‘zim, alla.

Alla, qo‘zim, ol, qo‘zim,
Olmalari nor qo‘zim.
Anjirlari bol qo‘zim,
Alla, bolam, alla.

Umrimning shirin oni,
Oq bug‘doyning noni.
Hamma yomon ko‘rsayam,
Oyisining joni, Alla-yo, alla.

Qizil gulning joni,
Dilimning mehmoni.
Darding olay o‘zim,
Onasining joni,
Alla-yo, alla.


Sen boshimning bahori,
Sen umrimning nahori.
Sen qalbimning ohori,
Onasining shunqori,
Alla-yo, alla.

Alla aytib uxlataman


Bog‘ ichida chaman gullar,
Alla, qo‘zim, alla.
Sayraydi shaydo bulbullar,
Alla, qo‘zim, alla.

Sendan kelar gul isi,
Alla, bolam, alla.
Ota-onamning birisi,
Alla, qo‘zim, alla.

O‘ymali to‘nlar bo‘yingga,
Alla, qo‘zim, alla.
Qo‘ydan-qo‘chqor to‘yingga,
Alla, bolam, alla.

Senga allalar aytaman,
Alla, qo‘zim, alla.
Soyalaringda yotaman,
Alla, bolam, alla.

Alla aytay, jonim bolam


Ko‘zlaringa tomgan suvga,
Hayron bo‘lma, alla-ya
Baxtimga sen katta bo‘lgin,
Xazon bo‘lma, alla.

Istiqboling porloq sening,
Jajjiginam, alla-ya
Baxtimga sen katta bo‘lgin,
Xazon bo‘lma, alla.

Sevganimdan yodgorimsan,
Oltin qo‘zim, alla-yo,
Men sho‘rlikday to‘kilmagin,
Ko‘rar ko‘zim, alla,

Alla, alla, alla-yo.

Alla, qo‘zim, alla


Alla, bolam, alla-yo,
Alla, qo‘zim, alla,
Qo‘zichog‘im, alla.

Yo‘rg‘ala, toy, ot mindiray, alla,
Sen bilan ishqim tindiray, alla
Alla, bolam, alla-yo,
Alla, qo‘zim, alla,
Qo‘zichog‘im, alla.

To‘ylaringga qo‘y so‘yayin, alla,
Qo‘y emas, qo‘chqor so‘yayin, alla,
Alla, bolam, alla-yo…

Onalar allasi


Onamanu onaman, alla,
Bolam uchun yonaman, alla.
Bolam tinchlikda o‘ssa, alla.
Orzularga qonaman, alla.

Qizil gul novdasidan, alla.
Kamar qilay belingga, alla.
Sochlarim tolasidan, alla,
Bog‘ich qilay to‘ningga, alla.

U yonimga qo‘yayin, alla,
Bu yonimga qo‘yayin, alla.
Guldek shirin isingni, alla,
Hidlab-hidlab to‘yayin, alla.

Alla aytsam yayraysan, alla,
Kulib-kulib qaraysan, alla.
Polvon qilib o‘stirsam, alla,
Bir kunimga yaraysan, alla.

Jonimning uchi, bolam, alla,
Mehrimning kuchi bolam, alla.


Ko‘rar ko‘zim, alla-yo

Gulim-a, ona gulim

Alla mening bir gulim-o,
Gulga qo‘ngan bulbulim-o,
Alla-yo, alla.

Alla aytarman o‘zingga-yo,
Uyqular kelsin ko‘zingga-yo,
Alla-yo, alla.

Alla jonim, otingdan-ey,
Nur yog‘ilsin murtingdan-ey,
Alla-yo, alla.

Alla jonim, orom ol-ey,
Ko‘zing yumib, uxlab qol-ey,
Alla-yo, alla.

Alla seni yalqasin-o,
Panohida saqlasin-o,
Alla-yo, alla.

Qaynoq qonim san mani-ey,
Otam-onam san mani-ey,
Alla-yo, alla.

Onam allasi


Aylanayin qarog‘im, alla,
Uyda yongan chirog‘im, alla.
Do‘stim ko‘rsa, yarashib, alla,
Dushmanimga yarog‘im, alla.

Qalam-qalam qoshingdan, alla,
Qalandarlar aylansin, alla.
Humor-humor ko‘zingdan, alla,
Humoralar aylansin, alla.

Chimchilab qo‘ygan burningdan, alla,
Chimqo‘rg‘onliklar aylansin, alla.
Angishvonadek og‘zingdan, alla,
Arovonliklar aylansin, alla.

Qulog‘ingning qatidan, alla,
Qo‘ng‘irot ellari aylansin, alla.
To‘shagingning tahidan, alla,
Turkman ellari aylansin, alla.
Beshigingning bandidan, alla,
Bog‘dod ellari aylansin, alla.

O‘rik yog‘ochdan beshiging, alla,
O‘rgilib ketsin onang, alla.
Tut yog‘ochdan beshiging, alla,
Termulib o‘tsin onang, alla.

Jiydalardan beshigi, alla,
Jirkanmasin opasi, alla.
O‘riklardan beshigi, alla,
O‘ynatadi akasi, alla.

Babalaki do‘ppisi bor, alla,
Boshchasida do‘ppisi bor, alla.
Kayvoni buvisi bor, alla,
Sarkori buvasi bor, alla.


Bolaginam bolasi, alla


Olmalardan beshigi, alla
Olib qo‘ysin otasi, alla.
Behilardan beshigi, alla.
Belab qo‘ysin buvisi, alla.

Allalari yodimda, alla.
Belanchagi yonimda, alla,
Momosi alla aytar, alla,
Nevarasin otindan, alla.

Men seni alla qilay, alla

Alla, alla, oppog‘im, alla

Sutdan oppoq, guldan islim, alla,
Bu dunyoda yo‘qdir misling, alla.
O‘g‘illarimning sultoni, alla,
Senga tasadduq. shu jonim, alla.
Orzularim oltin toji, alla,
Mening jonim – shuning boji, alla.

Alla, bolam – bozorim, alla,
Diqqat bo‘lsam, yozarim, alla.
Uxla, ko‘zi xumorim, alla,
Orom ol, beozorim, alla.

Oq shohidan ro‘molim, alla,
Oq yuzingni artayin, alla.
Cho‘lpon ko‘zingni yum qo‘zim, alla,
Senga alla aytayin, alla.

Bog‘imdagi gul-g‘uncham, alla,
Uxlab olsin to‘yguncha, alla,

Ko‘k guli yulduzgina, alla,
Oy yorug‘ yolg‘izgina, alla.
Oy – yuzi, yulduz – ko‘zi, alla,
Muncha shirin bu qizgina, alla.

Alla, alla oppog‘im, alla,
Gul ichida yaprog‘im, alla.
Yaproqlari so‘lmagay, alla,
Paymonasi to‘lmagay, alla.