Hamid Olimjon sherlari

Hamid Olimjon sherlari


O’rik gullaganda
Derazamning oldida bir tup

O’rik oppoq bo‘lib gulladi…



Novdalarni bezab g‘unchalar,

Tongda aytdi hayot otini

Va shabboda qurg‘ur ilk sahar

Olib ketdi gulning totini.


Har bahorda shu bo‘lar takror,

Har bahor ham shunday o‘tadi,

Qancha tirishsam ham u beor

Yellar meni aldab ketadi.


Mayli, deyman va qilmayman g‘ash,

Xayolimni gulga o‘rayman;

Har bahorga chiqqanda yakkash,

Baxtim bormi, deya so‘rayman.


Yuzlarimni silab, siypalab,

Baxting bor, deb esadi yellar.

Etgan kabi go‘yo bir talab,

Baxting bor, deb qushlar chiyillar…


Hamma narsa meni qarshilar,

Har bir kurtak menga so‘ylar roz,

Men yurganda bog‘larga to‘lar

Faqat baxtni maqtagan ovoz:


«Mana senga olam-olam gul,

Etagingga siqqanicha ol,

Bunda tole har narsadan mo‘l,

To o‘lguncha shu o‘lkada qol.


Umrida hech gul ko‘rmay, yig‘lab

O’tganlarning haqqi ham senda,

Har bahorni yig‘lab qarshilab

Ketganlarning haqqi ham senda…»


Derazamning oldida bir tup

O’rik oppoq bo‘lib gulladi…



Xayolimda bo’lding uzun kun…
Xayolimda bo‘lding uzun kun,

Seni izlab qirg‘oqqa bordim.

Och to‘lqinlar pishqirgan tunda,

Topib ber, deb oyga yolvordim.


Ishon, bunda seni doimo

Esga solar chiroyli tunlar,

Sho‘x yulduzlar, salqin saharlar,

Esga solar baxtiyor kunlar.


Toleimning oshinosi sen,

Sen sevgimning ko‘kargan bog‘i.

Sening bilan birga iqbolim,

Ishonchimning sen vafo tog‘i.


Meni qurshar salqin bir havo,

Suv ustidan tun quyuladi.

Shunda qancha-qancha gaplarni

Esga solib oy ham to‘ladi.


Kecha jim-jit, yolg‘iz to‘lqinlar

Pishqiradi bilmay tinimni.

Hiylagar oy, sehrgar dilbar,

Solib qo‘yding yodimga kimni?..



Sevgi desam
Sevgi desam, faqat sen desam,

Sening bilan yashasa qalbim;

Sen desam-u, butun dunyoning

Sho‘rishiga quloq solsam jim…


Quyun kabi aylanar boshim,

Qarayman-u, ko‘zim tinadi

Va jilvangdan ko‘ngil ko‘zgusi

Parcha-parcha bo‘lib sinadi.


Shu qarashga bormi nihoya,

Bo‘larmanmi maqsadga vosil?

Toparmanmi bir yangi g‘oya,

Bo‘larmikan bir murod hosil?


Topilarmi unda bir chora,

Agar meni qurshasa junun:

Bo‘lib qolsa sirim oshkora,

Atasalar nomimni Majnun?



Hol
Qaydan kelding, fikrimni bo‘lding,

Nega etding meni parishon?

Nega buzding munis holimni,

O’ylarimni nechun bemakon?


Ehtiroslar, hislar, yonishlar

O’lkasini kezardi xayol,

Hokim edi mening ruhimda

Shunday latif ilhomiy bir hol.


Bir kichik tor, bir yoniq parda

Qancha gapni aytib berardi…

Onasidan o‘rganganini

Chumchuq chuvlab qaytib berardi…


Tikkan edim qalb qulog‘ini

Va fikrimga bergan edi jon,

Chivin uchsa kelardi malol,

Shunga edi sadoqat, imon.


Xalal berma, ozroq qo‘nib tur,

Tamom qilay shu gul suratni,

Qo‘ygil meni, yurakning qoni

Bilan tortay eng so‘nggi xatni.



Tinimsizdir yolg’iz shabboda
Tinimsizdir yolg‘iz shaboda,

Maysalarning sochi silkinar,

Mana, hozir chirqirab turgan

Parrandalar, qushlar ham tinar…


Hamma uxlar va faqat tunni

Mening o‘zim qarshi olurman.

Qarshi olur va tongga qadar

Mening o‘zim uyg‘oq qolurman.


Qulog‘imga sekin shivirlab

Tun uyquni o‘rgatar menga,

Bo‘lganmisan tunda sahroda?

Bo‘lmasa kel, so‘ylayin senga…



Janub kechasida
Sen bo’lmasang, shu och to’lqinlar

Ko’rinmasdi sira ko’zimga,

Sen bo’lmasang o’zimning ko’nglim

Kirmas edi aytgan so’zimga.


Sen bo’lmasang, etmasdi xursand

Suv ustida suzib yurgan oy.

Hamisha sho’x, doimo baland,

Yulduzdagi jon yoqar chiroy.


Qarashlaring tinchimni olib,

Chertib ketdi qalbim torini,

Shundan keyin sezdim yurakda

Shuncha kuchli o’tning borini.


Aytib ber-chi, shuncha sevganlar

Bo’lganmikin mencha baxtiyor?

Aytib ber-chi, qaysi qiz burun

Sevib bo’lgan umid bilan yor



Holbuki, tun…
Shag’irlaydi betinim daryo,

Shag’irlaydi vahm to’lgan jar,

Shag’irlaydi qorong’i dunyo,

Shag’irlaydi vodiy, daralar.


Shag’irlaydi… Bermaydi uyqu,

Xayollarim bo’lar parishon,

Bir izlanish boshlanar menda

Tushunchamga yana kirar jon.


Holbuki, tun — bunda odatda,

Butun borliq uxlarday sokin,

Butun yer osmonga o’ranib

Olar kebi kunduzidai tin…


Soyga tushdim, ko’kda chiqdi oy,

Nur yog’ildi oq bulutlarga.

Nurga to’ldi dara, to’ldi soy,

Nur yog’ildi qorong’i jarga.


Kezar edim, meni tinmayin

Ta’qib etar bir uzun soya,

Bilmadimkim, bormidir ishi,

Yo istarmi aytmoq hikoya.


Ko’zlarimda yonar uchqunlar,

Zilol suvga oy edi sirdosh,

Yaltirardi, doim tovlanar,

Oy nuriga cho’miluvchi tosh.


Ko’zni tikdim, parquv bulutlar,

Ko’char edi zilol va toza.

Lochin kabi samolyot uchar,

Uchar edi solib ovoza.


Tikilgandi ko’zim qog’ozga,

Qo’llarimda yugurar qalam.

Qurshamishdi uni hayajon,

Bir intilish, bir orzu bu dam.


Shag’irlardi osmon va havo.

Shag’irlardi butun koinot,

Shag’irlardi betinim daryo,

Shag’irlardi daryoda hayot…


Holbuki, tun…



Bo’lsam
Na bo’lg’ay bir nafas men ham yonog’ing uzra xol bo’lsam,

Labing yaprog’idan tomganki go’yo qatra bol bo’lsam.


Butog’ingga qo’nib bulbul kabi xonish qilib tunlar,

O’pib g’unchangni ochmoqliqqa tong chog’i shamol bo’lsam.


Bo’yingni tarqatib olamni qilsam mastu mustag’riq,

O’zimning san’atimga so’ng o’zim hayratda lol bo’lsam.


Sening birla qolib bu mastu lol olamda men yolg’iz,

O’zimni ham topolmay,mayliga,oxir xayol bo’lsam.


Agar bog’ingda gul bo’lmoq mening-chun noravo bo’lsa —

Ki, ming bor roziman qasringga hattokim duvol bo’lsam.


Boshim hech chiqmasa mayli malomat birla bo’htondin,

Raqiblar rashkiga ko’krak keray,mayli,qamol bo’lsam.


Kezib sahroyu vodiylar yetishsam bir visolingga,

Fido jonimni qildim yo’lingga,mayli,uvol bo’lsam.



Har yurakning bir bahori bor
Muhabbat-ul o’zi eski narsa,

Lekin har bir yurak

Oni yong’orta…

Hodi Toqtosh


Har yurakning bir bahori bor,

Har bir qalbga

ishq bo’lar mehmon.

Har yurakda gullar muhabbat,

Bo’ston etar uni begumon.


Lekin Layli boshiga kelgan

Qora kunlar bizga yot bugun;

Bizga yotdir shirin baxtini

Poymol etgan u qop-qora tun.



Eng gullagan yoshlik chog’imda…
Eng gullagan yoshlik chog’imda,

Sen ochilding ko’ngil bog’imda.


Shunda ko’rdi ko’zim bahorni,

Shunda qalbim tanidi yorni.


Qushlar sayrar jonimga payvast,

Men sevgining bo’yi bilan mast.


Kuni bilan dalada qoldim,

Lolazorlar ichra yo’qoldim.


Quchoq-quchoq gullar terganim

Va keltirib senga berganim


Kechagiday hamon esimda,

Har soniya, har on esimda.


Shundan beri tilimda oting,

Shundan beri dilimda oting.


Eng gullagan yoshlik chog’imda,

Sen ochilding ko’ngil bog’imda.