Ushbu she’rimni ona tilimizning qutlug‘ bayramiga bag‘ishladim. 21 Oktabr—O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun barchaga muborak bo‘lsin!
Ona tilim, beg‘ubor tilim
Ona tilim, beg‘ubor tilim,
Kamolingdan yayraydi dilim.
Nur sochgansan yorug‘ olamga,
Saodatingdan yashnadi ilm.
Ma’noga boy, Navoiy tilim,
Qutlug‘ aziz yoshing muborak.
Kuch bo‘lgansan murg‘ak dillarga,
Ulg‘ayishgan tinglashib ertak.
Sen kimlarni aylamading shod,
Sen-la go‘zal fusunkor hayot.
Alpomishdek pahlavonlarga,
Suyanch bo‘lding, yurt bo‘ldi ozod.
Yurtda mana quvonch tantana,
Qayerda bor bunday baxt yana?
Dildan o‘chmas muborak kuzim,
Nur taratgan bu qutlug‘ sana.
BMTda Yurtboshim nutqin,
Sof tilimda tingladi dunyo.
Saxiy elim beg‘ubor tili,
Taratgaydir go‘zallik ziyo.
Jahonni lol qoldirgan buyuk,
Ne-ne ulug‘ zotlar tili bu,
Ardoqlaylik yetib qadriga,
Qadr topsin dunyoda mangu,
Oktabr—qanday go‘zal oy,
Til bayrami bag‘ishlar chiroy.
Bo‘lar hali dunyoga mashhur,
Aziz tilim ma’nolarga boy.
Baxtiyor Yo‘ldoshev
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.