Jamol KAMOL SHE’RLAR

SHE’RIYAT

Ko‘l yotardi tog‘larga tutash,

Mavjlariga shamollar shaydo.

Bir bolakay, nigohi otash,

Bo‘ldi bir kun sohilda paydo.

Ufqlarga talpingan zilol

Ko‘zlariga bo‘larkan payvast,

Bir zum qoldi hayrat ichra lol,

Hayajonda lol qoldi birpas.

Dam bir hadik, dam havas bilan

Moviy ko‘lga boqdi bolajon.

Bir xo‘rsinish uchdi labidan,

Yuragiga tushdi bir armon.

Egildi-yu, sadaf qayroqni

Moviy ko‘lga tashladi asta.

Suv betida yashnab bir oniy,

Paydo bo‘ldi zilol guldasta.

Yana otdi, yana… paydar-pay,

Yulduz bo‘lib sochildi to‘zon.

Ko‘l chayqaldi, toshdi bolakay,

Unut bo‘ldi jumlai jahon.

Shovullagan to‘lqinli dunyo

Xayolini qamradi quchib.

Bir payt boqsa, turar shalabbo,

Ko‘l ichida beldan suv kechib.

Entikdi-yu, o‘zni serg‘uluv

To‘lqinlarga otdi bolajon.

Suzar bo‘lsa, iqbolga yor u,

Cho‘kar bo‘lsa, fidoyi bir jon…

1964

TUN CHORLAYDI

Tun — qora qosh, barno kelinchak,

Ko‘zim to‘ymas boqishlariga.

Tun to‘ldirib qo‘yniga chechak,

Meni chorlar og‘ushlariga.

Nur xandasi mast aylab meni,

Gul nafasi bo‘lib murodim,

Mehri dilim ayon etgali

Asta-asta tashlayman odim.

Oy balqitib, chaqnatib yulduz,

Tun qarshimda kular jilvagar.

Roz etarmi, so‘ylarmi bir so‘z,

Jamoliga sig‘insam agar?..

Men yuraman, qochar zebo tun,

Lekin imlar quchog‘i sari.

Shu’lalardan — chiroyi gulgun,

Ufqlardan — oltin kamari…

Men yuraman, qochar zebo tun,

Lekin ochar sirli bir og‘ush.

Meni chorlab yo‘llarga butun

Soyalardan poyandoz solmish…

Har qadamda yangicha fusun,

Yangi jilo, yangi ifoda.

Tun singari sohibi husn,

Gulshani dil bormi dunyoda?

Oy socharkan ko‘zimga yog‘du,

Mast aylamay kechgan tunim yo‘q.

Yiroqlarga boshlab ketar u,

Sahargacha menda tinim yo‘q.

Tong nuriga tun bo‘lur taslim,

Men go‘yoki sirli sohilda —

Yor izidan boqqan kabi jim,

Termulaman, sog‘inchi dilda.

Egnida gul, boshida samo,

Bir go‘zalki, zebo, surmakash,

Ko‘zlarida ishvayu imo,

Meni chorlar bag‘riga yakkash…

1964

O‘ZBЕKISTON TUNI

Agar o‘ylarimni qoplasa bulut,

Agar umidlarim qolsa beqanot,

Agarda qalbimni qurshasa sukut,

Agar ado bo‘lsa ruhimda sabot;

Borlig‘im band etib yashash ozori,

Sovuq tumaniga meni o‘rasa,

Qizisa afsusning achchiq bozori,

Xayol o‘kinchlarga meni sudrasa,

Shu zamon shafqat-la boshimga kelib,

Qaddimni suyamoq aslo shart emas,

O‘zbekiston tuni boshing uzra, deb —

Mening qulog‘imga shivirlangiz, bas…

Qomatim chinordek rostlanar shu on,

Ko‘nglim tipirchilar ko‘kka umtilib.

Bolalikdan oshno, firuza osmon

Charx urar boshimda shafqatga to‘lib.

Ajib surur bo‘lar jonimga hamroh,

Menga panoh bo‘lar mo‘jiza bir tun.

Men unga mahliyo, maftunman, ammo,

U kimga mahliyo? U kimga maftun?

Bu yurtda shukuhi, ko‘rkini bir-bir

Tunlarga bag‘ishlar qaynoq kunduzlar.

Elimning behisob armonlaridir

Samoga sochilgan million yulduzlar.

Xayolday cheki yo‘q, oydin ufqlar

Xalqimning ufqday xayolin aytur.

To‘lin oy taratib ufqlarga zar,

O‘zbek tuyg‘usining timsolin aytur.

Dohiy tabiatdan elimga ehson

Sehru sinoatni bo‘lurmu o‘lchab?

Bu tunlar jamolin bir ko‘rgan inson

Yurtiga ketolmay qolsa, ne ajab.

Muhabbat solarkan boshiga savdo,

Hayot solar ekan ruhiga junun,

Dardini tunlarga so‘ylamish Laylo,

Baxtini tunlardan izlamish Majnun…

Rohatda mudraydi xazina tuproq,

Har lahza depsinib mo‘tabar joni.

Bog‘ aro epkinning mavjida shu chog‘

Alisher qalbining shirin javloni…

Bu qadam sharpasi… aziz onaga

Umrbod tolening yulduziday nek.

Yulduzlarga yondosh rasadxonaga

Mag‘rur chiqib borar sulton Ulug‘bek…

Ufqdan ufqqa yoyilgan falak,

Daryolarni quchib, mudragan voha…

O‘zbekiston tuni, o‘zingsan beshak

Beruniy topingan buyuk iloha!

Ulug‘ bobolarning ruhiga xitob

Tog‘larning tun aro yarqiroq boshi.

Huv, tanho buloqda toshadi shu tob

Bechora Furqatning haqir ko‘z yoshi…

Shirin bir xo‘rsinish kezar havoda,

Ba’zan qanot yozar alamli bir oh.

O‘tmish va istiqbol misli shabboda

Nozli tun sochini silaydi, ammo —

Sokin bir darchada titraydi chiroq,

Onajon bag‘rida do‘mboq kenjasi.

Shirin tushlar ko‘rib tamshanar shu choq

O‘zbek tuprog‘ining go‘dak xo‘jasi…

Ona kabi olib boshi uzra tin,

Hattoki tun qilar unga tabassum.

Mening ham xayolim yozib qanotin,

Shu go‘dak boshidan aylanar har zum.

Yarqirab ko‘rinar qadim Buxoro,

Yarqirab ko‘rinar go‘zal Farg‘ona.

Eh, shu shirin fursat, shu go‘zal asno

Ma’sum yulduzingni uyg‘otgil, ona!

Uyg‘ot, barqut tunga termilsin to‘yib,

So‘ngsiz surur bilan simirsin nafas.

O‘zbekiston tuni boshing uzra, deb

Uning qulog‘iga shivirlasang, bas…

1965

SUVAYDO

Buyuk Navoiyning bosh lug‘atida

Ne-ne tushunchalar pinhonu paydo.

O‘sha olam-jahon so‘zlar qatida

Alomat bir so‘z ham kelur — suvaydo…

Yurak o‘rtasida nuqta emish u,

Qora nuqta emish, kuyik bir nuqta.

Xattotlar xatidek puxta emish u,

Kimlarda jizg‘anak, kimlarda so‘xta.

Marazdan tug‘ilsa — xunuk emish u,

G‘arazdan tug‘ilsa— umrning sho‘ri.

Havasdan tug‘ilsa — tuynuk emish u,

Hasaddan tug‘ilsa — qora bir mo‘ri…

Hijrondan tug‘ilsa — qonli bo‘larmish,

Armondan tug‘ilsa — dardli qorachiq.

Hamisha ko‘z kabi jonli bo‘larmish,

Hamisha ko‘z kabi olamga ochiq…

Haqiqat o‘shandan mo‘ralar emish,

Imon ham o‘shanga bog‘li emish bot.

Diyonat o‘shandan yaralar emish,

O‘shandan yog‘armish elga e’tiqod…

Odamlar birovni buyuk deganda,

Balki shu jihatni nazarga ilgan.

«Xusrav ko‘ksidagi kuyik» deganda —

Sa’diy suvaydoni sharaf deb bilgan*.

Hoy, inson, yo‘lingda yor bo‘lsin omad,

Yor bo‘lsin azaldan adamgacha to.

Endigi hamma gap shundadir faqat:

Qalbingdan joy olmish qaysi suvaydo?

Kuygansan sham kabi yo mash’almisol,

Kuyikdir ko‘ksingga «dard» deb uyganing.

Lekin sen o‘rtanib-kuyganda alhol,

Yurtim, vatanim, deb bormi kuyganing?

Yongansan, yondirgan qancha muammo,

Muammo yechgansan yonib erta-kech.

Yashamoq azmida yonarkan ammo,

Elim deb, tilim deb, yonganmisan hech?

Yoningdan beparvo o‘to bilmadim.

Benasib emasman dardingdan, bashar.

Mening ham yuragim jazillar, balkim

Mening ham qalbimda suvaydo yashar…

Bag‘rimga dog‘ qo‘ymish qaysi bir alam?

Bu qaysi alamning muhri, kasrati?

O‘g‘lini tuproqqa qo‘ygandi og‘am,

Balki bu o‘shaning dog‘i-hasrati.

Do‘st ham yig‘lar emish habib oldida,

Yuzimda ko‘z yoshim izi shashqator.

Yurtidan ayrilgan g‘arib oldida

Mening ham bosh egib yig‘laganim bor…

Suvaydo jonlarda yashaydi mutlaq,

Biz bilan kelgandir, biz bilan ketar.

Suvaydoda mardlik aks etadi — haq,

Lekin nomardlik ham unda aks etar.

Oqshomlar yuraman xayolga to‘lib,

Boshimda yulduzim bo‘lur huvaydo.

Men unga har safar boqsam termilib,

Shaffof siynasida — qora suvaydo…

1979

* Shayx Sa’diy: «Har kim u dunyoda bir narsa bilan faxrlanishi kerak. Men mana shu turk (shoir Xusrav Dehlaviy)ning ko‘ksidagi kuyik bilan faxrlanaman»,— degan.

MЕNING UVOQ SHE’RIM — MЕNING DILPORAM

Turkumdan

* * *

Qarshimda turibdi umrim bir kuni,

Mening uvoq she’rim — mening dilporam

Tong siylagan, oqshom opichgan uni,

Bir satrida sevinch, bir satrida g‘am.

Agar g‘amgin bo‘lsang, sevinchim — najot,

Shod bo‘lsang, ol mana, g‘amimni berdim.

Qanoting bo‘layin, sen ham bo‘l qanot,

Hamdarding bo‘layin, bo‘lgan hamdardim.

* * *

Ko‘kka boqib sukut saqlaydi zamin,

Yerga boqib osmon saqlaydi sukut.

Ko‘kning sukutida qanchalar mazmun,

Yerning sukutida qanchalar o‘git…

Ko‘kday bo‘lsa hamki yuksak, barkamol,

Yerday sukut saqlab turadi oqil.

Birpas sukut saqlab, holingga ko‘z sol,

Birpas sukut saqlab, olamga boqgil…

* * *

Ko‘zda yoshi bilan kuladi bola,

Ilhom asir etgan shoirga monand.

Shoir ham boqarmish yorug‘ olamga

Bolaning musaffo ko‘zlari bilan.

Ajab sehrlidir bu ikki dunyo:

Birpasda sevinchu birpasda qayg‘u

Biri ermak izlab, topadi ma’no,

Biri ertak so‘ylab, aytadi orzu…

* * *

— Taqdir, meni nega inson yaratding,

Ko‘ksimda shodligu g‘amdan yuz nishon.

— Men senga qalb ila shuur baxsh etdim,

Bilgin deb hirs nima, nimadir hayvon.

— Taqdir, nega meni mehmon yaratding,

Yarq etgan chaqindek ketgum begumon.

— Men senga o‘lchovli umr baxsh etdim,

Bilgin deb ishq nima, nimadir inson…

* * *

Seni yondirdilar, seni sotdilar,

Necha bor qatlingga ichdilar qasam.

Va lekin o‘zlari qonga botdilar,

Va lekin o‘zlari topdilar barham.

Sen esa jahonda sobitsan hamon,

Sobitsan, vatanlik sharafing oqlab.

Kelganlar holiga boqarsan hayron,

Ketganlar yodini yodingda saqlab…

* * *

Bir boqqa o‘t ketdi qo‘rqinch, beayov,

Chinorlar gursillab yiqildi behol.

Shamol izg‘ib, yong‘in solarkan talov,

Olovga burkandi yoshgina nihol…

Yonarkan, jonlandi shirin tushlari…

Yetuk daraxt emish… o go‘zal ro‘yo!

Boshida charx urib jannat qushlari

Oltin mevalarin cho‘qirmish go‘yo…

* * *

Olamning husni, deb atalgan inson

Olamga kelarmish faqat fard bo‘lib.

Lekin sochilarmish bir kun gard bo‘lib,

Yurakni yoqarmish keyin dard bo‘lib…

Olamning husni, deb atalgan inson,

Mard bo‘lib yashagin, faqat mard bo‘lib.

Keyin sochilsang ham mayli gard bo‘lib,

Keyin yondirsang ham mayli dard bo‘lib…

* * *

Ko‘hna uy buzildi… to‘kildi jarga,

Tosh poralar xuddi yaralangan qush.

Quyuq to‘zon aro yangradi shunda

«Hoy, beparvo inson!»— degan bir tovush.

Qechmishing, hasrating har toshimga jo,

Kimliging so‘ylaydi mendagi kukun.

Bugun-ku, bepisand ko‘masan, ammo,

Ammo yana qazib olasai bir kun…

* * *

Bir qushcha yig‘laydi bo‘g‘ot tagida,

Uvoqqina qalbi qayg‘uga to‘lib.

Ne ajab, bir qatra yosh pardasidan

Olam ko‘rinadi yoshga g‘arq bo‘lib…

Bir qushcha quvnaydi bo‘g‘ot tagida,

Uvoqqina qalbi quvonchga to‘lib.

Ne ajab, bir qatra nur pardasidan

Olam ko‘riiadi nurga g‘arq bo‘lib…

* * *

Sening ishqing menga bir kosa suvdir,

Lablarim qovjirab, boqaman tashna.

Ichmasam — sharbatdir, ichsam — og‘udir,

O‘zing najot ko‘rsat, o‘zing yo‘l boshla.

Ishqing — tog‘lar aro go‘zal ohudir,

Otsam — dilporaman, otmasam — dilxun.

Jonim, ishqing menga ajab qayg‘udir.

Tortsam — savdoyiman, tortmasam — majnun…

BIR KЕCHA

Bir kecha ko‘nglim uyi shodon edi,

Bulbul o‘qib, qumri g‘azalxon edi,

Shul kecha mahvash menga mehmon edi,

Voy, uni mahvash demakim, jon edi.

Voy, uni mahvash demakim, jon edi…

Tog‘ edi, tog‘ boshida orzu kabi

Nash’ali bo‘ston edi, bo‘ston edi,

So‘ylar edim, so‘ylar edim men to‘lib,

Ul esa xandon edi, xandon edi.

Bir kecha mahvash menga mehmon edi.

Voy, uni mahvash demakim, jon edi.

Boshida yulduzli, musaffo falak,

Poyida to‘lqinli Zarafshon edi.

Oy bo‘lib olamga boqarkan malak,

Ko‘zlari cho‘lpon edi, cho‘lpon edi.

Bir kecha mahvash menga mehmon edi,

Voy, uni mahvash demakim, jon edi.

Maskan edi bizga samo, behazil,

O‘ylarimiz — orzuyu armon edi,

Nur ila otashda yonib ikki dil,

Nur to‘la, otash to‘la davron edi.

Bir kecha mahvash menga mehmon edi,

Voy, uni mahvash demakim, jon edi…

QOLDI UMRIM KO‘KLAMI…

Qoldi umrim ko‘klami kechmish yo‘lim so‘qmog‘ida,

Qatra nuru katra ko‘z yoshim yonar yaprog‘ida…

Qatra-qatra shabnamida shodligimdir yoshirin,

Yoshirindir hasratim ham qatra-qatra dog‘ida.

Qatra-qatra nur to‘kib, boshimda yondi yulduzi,

O‘pdim ilhom qatrasini g‘unchayi titrog‘ida.

Mast etib ko‘nglimni bir dam, yashnadi armonlarim,

Aks etib jonon faslning chaqnagan chaqmog‘ida.

Hislarim sellarga qo‘shdim, oqdi anhori azim,

O, o‘zim sargashta qoldim termulib qirg‘og‘ida.

Ey Jamol, yozing yetishdi, bitdi umring ko‘klami,

Bir parining bir nafaslik bo‘sayi qaynog‘ida…

Q A D A H

Qatra-qatra yosh to‘karda misli bir laylo qadah,

Ham chekar mehri—vafodin ohi vovaylo qadah…

Bas, hayot bazmidadirsan, mayparastsan, o‘ylakim,

Umri inson ham misoli — nur to‘la paymo kadah.

Tong — labo-lab jom esa, oqshom — to‘la paymonadir.

Kun — yana tanho qadahdir, tun yana tanho qadah.

Lahza-lahza har nafas ham bir qadahdir, ey rafiq,

Sipqorurmiz gohi shodon, gohi g‘amoso qadah…

Kimga shavkat — bir qadahdir, shon—qadahdir kim uchun.

Manga dilbar she’ru ilhom, Savti Nasrullo — qadah!

Bas, hayot bazmida mast — ersam-da, ammo, yo‘q, demam,

Nogahon yashnab uzatsa ul ko‘zi shahlo qadah.

Nozi dildor — bir qadahdir, bir qadahdir — rozi dil,

Lekin ustozlar kalomi — chin qadah, a’lo qadah.

Ul qadahkim, kimki hushyor — erdi, hushyor ayladi,

Xudnisand mastlarni ammo ayladi rasvo qadah.

Do‘st kadah sundi Jamolga, tarki istig‘no kerak,

Teng bo‘lurmu bunga, yo rab, tutsa gar dunyo qadah!..

NAVOIY G‘AZALIGA MUXAMMAS

Yo‘q, chaqindin ermas ul, osmon qizil, sorig‘, yashil,

Yo shafaqdin har taraf raxshon qizil, sorig‘, yashil,

Yo chamanda lolayu rayhon qizil, sorig‘, yashil,

Xil’atin to aylamish jonon qizil, sorig‘, yashil,

Shu’layi ohim chiqar har yon qizil, sorig‘, yashil.

Zarra shafqat deb o‘tindim men munavvar mohdin,

Bir ishorat deb kutindim boz o‘shal dargohdin,

Vohkim, dodimga imdod yetmadi dilxohdin,

Gulshan ettim ishq sahrosin samumi ohdin,

Kim esar ul dasht aro har yon qizil, sorig‘, yashil.

Nolishim tonglarda, dardimning qamolidin erur,

Kiprigim changi hujumlarning shamolidin erur,

Barchasi savdoyi ishqimning kamolidin erur,

Orazi, xoling bila xatting xayolidin erur,

Ko‘zlarimning oldida davron qizil, sorig‘, yashil.

Topmadim hargiz omonlik lablaring bedodidin,

Yosh to‘karman kecha-kunduzlar ko‘zing jallodidin,

Voy, ishondim, sencha zolim yo‘q bashar avlodidin,

Shishadek ko‘nglimdadir gulzori husning yodidin,

Tobadoning aksidek alvon qizil, sorig‘, yashil.

Lahzada otashmenu, suvmen hamono lahzada,

Lahza-lahza jismu jonim, boqki, bundoq larzada,

Soqiyo, qarshingda turgan bir g‘aribu g‘amzada

Lolagun may tutqil oltin jom birlan sabzada,

Kim bulardan yaxshi yo‘q imkon qizil, sorig‘, yashil,

Garchi chin sabru qanoat yor erur behad, valek,

Ham necha do‘stu anis g‘amxor erur behad, valek,

Chorai karvonda garchi nor erur behad, valek,

Faqraro beranglik dushvor erur behad, valek,

Hirqada tikmak erur oson qizil, sorig‘, yashil.

Ey qalam, surgin raqam, rohatni zinhor istama,

Ey ko‘ngil, ilhoming ista, o‘zga dildor istama,

Ey Jamol, she’r ziynatiga shamsi anvor istama,

Ey Navoiy oltinu, shingarfu, zangor istama,

Bo‘ldi nazming rangidin devon qizil, sorig‘, yashil.

FUZULIY G‘AZALIGA MUXAMMAS

Sehr aylamish to bir ajab nozik-ado mani,

Solmish, ko‘ringkim, ne ajab o‘tlarga, oh, mani,

Yo baxt, ko‘yida oqibat ayla fido mani,

Yo rab, baloyi ishq ila qil oshno mani,

Bir dam baloyi ishqdin etma judo mani.

Yo ishq, hifzu himoyatingni ahli darddin,

Andoq mehri bag‘oyatingni ahli darddin,

Ham ul tariqi oyatingni ahli darddin,

Oz aylama inoyatingni ahli darddin,

Ya’niki, cho‘x balolarga et mubtalo mani.

Otqil mani otashlara, ber bo‘yla rohatim,

Samandardek o‘tlar kechib, yonmoq — saodatim,

Shu ko‘ngil — shohidimdir, shu olam — shahodatim,

Ulguncha ko‘tarma aslo balodan irodatim,

Men istaram baloni, chun istar balo mani.

Tilagimni vaslu hajraro g‘urbatda qilma sust.

Talabimni qalbu qon aro qudratda qilma sust,

Tug‘yonimni toshir-toshir, shiddatda qilma sust,

Tamkinimni baloyi muhabbatda qilma sust,

To do‘st ta’n etib, demaya bevafo mani.

Oshir yurakda shavqini shavqi bahoriming,

Yoygil ovozasin yapa olamda boriming,

Olib rahmatin bu ko‘ngil, oshifta — zoriming,

Getdikcha husnin ayla ziyoda nigoriming,

Galdikcha dardiga batar et mubtalo mani.

Ayla ko‘ngilni shu’lamakon fikratindakim,

Oqsin ko‘zimdin shu’la tamom hasratindakim,

Jonimni tobla andoq hijratindakim,

O‘yla, zaif qil tanimi furhatindakim,

Vaslina mumkin o‘la yeturmak sabo mani.

Yo ishq, bir dam sanamimga yovush, dodim sango,

Shafqat sol ko‘ngliga, yana yetkaz ko‘nglim ango,

Jamolni yor vasliga muyassar etsango,

Nahvat qilib nasib Fuzuliy kabi mango,

Yorab, muhayyad aylama mutlaq mango mani…

MASHRAB G‘AZALIGA MUXAMMAS

Menga mohi tal’ating ko‘rmoqqa endi had emas,

Lab ochib, dardim bayon etmoqqa ham rag‘bat emas,

O‘ltiribman zoru giryon, yurgali holat emas,

Chun qo‘lim birla oyog‘im bog‘lamoq hojat emas,

Men o‘limga roziman, chun turgali toqat emas.

Manglayim sho‘rdir azaldin, sen yana sho‘r aylama,

Ko‘zlarim ham tiyrakomdir, endi sen ko‘r aylama,

Javru bedoding-ku bundoq, shiddating jo‘r aylama.

Muncha shiddat birla boshim kesgali zo‘r aylama,

Baski, odam qoni to‘kmak senga ham toat emas.

Yondi jonim hajr aro, so‘nmoqni bir dam bilmadi,

Kulfatu, ranju alamni o‘zgadin kam bilmadi,

O‘tdi shu hasratda yozim, o‘tdi ko‘klam bilmadi,

Umr chun barqi havodis, g‘ofil odam bilmadi,

Oyu kun oromiga bir lahzai fursat emas.

Yorini yig‘latmagan yori gulandom qayda bor?

Ishq aro ayyomi g‘amdir, o‘zga ayyom qayda bor?

Men kabi oshiqqa ma’shuqdin to‘la jom qayda bor?

Lashkari xunrez bo‘lsa, sabru orom qayda bor?

Majnuni devonalarning shohiga rohat emas.

To‘xta, oshiq, oqibat kor qildi afg‘oning seni —

Kim, qilich sermab,boshingga yetdi jononing seni,

Barakallo, tig‘ aro qoldi, Jamol, joning seni,

Chun muborak bo‘lsin, ey Mashrab, qizil qoning seni,

Xo‘p ish bo‘ldi senga, jon berganing ofat emas.

Manba:kh-davron.uz