XAYR BOGʻCHAM (sher)

XAYR BOGʻCHAM



Yetti yoshga toʻldim men,


Rosa oʻynab-kuldim men.


Endi navbat oʻqishga,


“Alifbe” oʻrganishga.



Xayr sevimli bogʻcham,


Xayr oʻyinchoqlarim.


Men maktabga boraman,


Xayr qoʻgʻirchoqlarim.



Ertaklarni oʻrgatgan,


Uxlasak alla aytgan,


Xayr bogʻcha opajon,


Sogʻ boʻlingiz har qachon.



Biz bilan qoʻshiq kuylab,


Biz bilan sheʼr yod olgan.


Xayr, musiqa ustoz,


Sogʻinamiz sizni rost



Sport maydonchasida


Chiniqib kuchga toʻldik.


Bir-birimizni quvlab


Oʻyinga ham xoʻp toʻydik.



Axil-inoq boʻlgancha


Oʻynadik bekinmachoq,


Nogoh topib olganda,


Sevindik birga shu choq.



Vatan, ona soʻzining


Maʼnosini bildik biz.


Hur oʻlkam madhiyasin


Quloqlarga ildik biz.



Davlatim bayrogʻini,


Shon-shuhrat mayogʻini,


Ranglar maʼnosin anglab


Tushundim yarim oyini.



Xumo qushi qanotin


Yozib turgan baralla,


Yurtim gerbi haqida


Soʻzlab beray jaranglab.



Xayr qoʻgʻirchoqlarim,


Xayr oʻyinchoqlarim,


Xayr bogʻcham, jon bogʻcham,


Menga qadrdon bogʻcham.