Xursand uyg‘onardim bahor chog‘lari,
Tongdan bo‘lar edi ko‘zim osmonda.
Shamol silkitganda terak shoxlarin,
Quvonchimning cheki bo‘lmasdi manda.
Yangi kelin kabi tomda chuchmoma,
Yal-yal yonar edi lolaqizg‘aldoq.
Lojuvard dengizdek bepoyon samo,
U ne bahor edi! U ne go‘zal chog‘!
Varraklar kuylardi shamolda jo‘shib,
Men tomda tinglardim chalqancha tushib.
VARRAKLAR QUVONCHI – Dilshod Rajab
O’tib ketdi badqovoq
Qishning achchiq ayozi,
Tabiat kiymoqda shod
Bayramona libosin.
Guldirab kular osmon
Chaqnab chaqmoq toshlari,
Kulgisining zo’ridan
Chiqib ketar yoshlari.
Ichga sig’may sevinchi
Qaynab toshar buloqlar,
O’zaniga sig’masdan
Toshar soyu irmoqlar.
HADEMAY – Dilshod Rajab
Yurmas achchiq izg’irin
Dalalarda izillab.
Kelar yoqimtoy shirin
Shabadalar g’izillab.
Oq varaqday osmonda
Turna rasmi chiziiar,
Simlarda qaldirg’ochlar
Askarlarday tizilar.
Viz-viz uchgan o’q kabi
Bolarilar vizillar,
Miq etmay uxlab yotgan
Borliq tinchi buzilar.
BAHOR SHAMOLI – Abdulla Oripov
Bahor kelayotir,
Toza, musaffo.
Moviy kengliklarda o‘ynaydi shamol.
Daralar qo‘ynida zangor bir havo,
Tumanli shaharda yotmoqlik malol.
Qoyalar ko‘ksida shodmon, beqayg‘u,
Oniy umri bilan sollanar chechak.
Bahor, bu — eng toza shabbodadir bu,
Bahor, bu — eng toza shamoldir, demak.
Kengliklar bag‘riga uraman o‘zni,
Ko‘zimga ko‘ringay dilbar diyorim.
Go‘dak nafasidek yupatar yuzni
Qish bo‘yi intizor kutgan bahorim.
Bahor-ku o‘tadi shamoldek shitob,
Mayli, o‘tajak u va o‘tar bo‘lsin.
Azizim, umringda havo bo‘lsin sof,
Umring shamollari muattar bo‘lsin.
ERTA BAHOR – Oybek
Ko‘k, moviy… Unda-bunda
Bulutlar asta yozar
Kumush qanotlarini.
Iliq, yoqimli kunda
Erkin o‘ynaydi qushlar
Chizib sirli xatlarni.
Ariq yoqalaridan
Yashil ko‘zli boychechak
Jimgina mo‘ralaydi.
Go‘zal bog‘chamda har yon
Ko’klamning mayin, ipak
Nafasi tarqaladi…
BAHORIM – Dilafroʻz Zayniyeva
Tabiat qoʻli gul sanʼatkor,
Tuhfasi, husni ham betakror,
Yasharish, uygʻonish senda bor,
Oʻlkamga xush kelding, bahorim.
Daraxtlar shoda dur taqibdi.
Bu ziynat dillarga yoqibdi,
Qizgʻaldoq jilmayib boqibdi,
Oʻlkamga xush kelding, bahorim.
Shoir sheʼridagi gʻuluvsan,
Oy yuzli qizlardek suluvsan,
Bunchalar betakror boʻlursan,
Oʻlkamga xush kelding, bahorim.
Har yilgi tashrifing hikmatdir,
Shifobaxsh giyohlar himmatdir,
Navroʻziy taomlar neʼmatdir,
Oʻlkamga xush kelding, bahorim!
SENGA OʻXSHAGIM KELADI, BAHOR – Nilufar Jabborova
Qalbimda ochildi goʻyo bir tilsim,
Sirlaring mahzani ado boʻlmasdek.
Oppoq orzularga toʻldi bu koʻksim
Ruhimni osmonga olib uchgandek.
Bunchalar fusunkor boʻlmasang, bahor,
Men senga oʻxshagim keladi takror!
Meni ham sen kabi kutisharmikin,
Yoʻllarimga boʻlib zor-zor, intizor.
Qani goʻzal boʻlsa sheʼrlarim sendek,
Ildizlari teran, sehrli gulzor.
Bunchalar fusunkor boʻlmasang, bahor,
Men senga oʻxshagim keladi takror!
Xushboʻy gullaringga bagʻrimni tutdim,
O, mavjlanib ketdi hislar ziloli.
Dilbar kunlar aro oʻzni unutdim,
Allalading meni goʻdak misoli.
Bunchalar fusunkor boʻlmasang, bahor,
Men senga oʻxshagim keladi takror!
BAHOR – Zulfiya,
Inson ko‘zlarida jon olar bahor,
Barcha tomirida uning to‘lqini.
O‘tmishning behuda oni kabi qor,
Beiz, bedard erib ketar uchquni.
Inson ko‘zlarida jon olar bahor,
O‘yinqaroq go‘dak singari bulut.
Ko‘k qovog‘i uyuq, yorqin bir viqor
Kishilar qalbidan boqar bo‘lib o‘t.
Bahorning sehrgar boqiy chiroyi
Yosh-u keksa ko‘nglin ovlaydi birdek.
Ko‘zguni sindirib tashlar. Kiroyi
Har kishining yoshi bu fasl dildak.
Har nurga, har qushga, har kurtakka shod
Benihoya yaqin bo‘ladi yiroq.
Go‘yo sensiz hosil bo‘ladi barbod,
Har tikilgan chigit ko‘ksing etar tog‘.
Bahor bo‘lmasaydi, odamzod albat,
O‘zi kashf etardi, kashf etganday baxt…
BUNCHA YAXSHISAN, BAHOR – Zamira Ro‘ziyeva
Sunbul-sunbul bir quloch,
Tolbargakdan taqib soch.
Gul tersam, guloyim deb,
Qo‘shiq aytdi qaldirg‘och.
Olam go‘zal, beg‘ubor,
Buncha yaxshisan, bahor.
Gulzorlar bo‘y taratar,
Bulbullarni sayratar.
Halinchagim hayyo-hu-uv,
Uchsam jonni yayratar.
Ko‘ngil naqshisan, bahor,
Buncha yaxshisan, bahor.
Chehralarga chiroy sen,
Sehrga, sirga boy sen.
Osmoni tinch elimda,
Qanot yozgan Xumoy sen.
Hofiz – baxshisan bahor,
Buncha yaxshisan, bahor.
BAHOR – RAMAZON Baqoyev,
Bahor keldi kulib noz bilan,
Turfa gullar qo‘lda soz bilan,
Kutdik uni zo‘r e’zoz bilan,
Quvonchimsan, go‘zal bahorim.
Varrak bo‘lib aylasin parvoz,
Satrlarim tushgan oq qog‘oz,
Madhing kuylay qo‘lga olib soz,
Ilhomchimsan, o‘zing, bahorim.
Daraxtlaring gullasin o‘lkam,
Olam ichra o‘zingsan olam,
Jannatlarday bebaho, ko‘rkam,
Bog‘bonimsan, naqqosh bahorim.
BIZNING BAHOR – Dilshod Rajab
Bahor doim bahor-da,
Kimligini bildirar.
Qotib yotgan toshdan ham
Gul-chechaklar undirar.
Qir-adirga loladan
To‘shar alvon poyandoz.
Hatto jarlik, daraga
Gul taqib berar pardoz.
Haydab kelar cho‘ponday
Turfa qushlar “poda”sin.
Tizar simga marjonday
Qaldirg‘ochlar shodasin.
Sayratvorar qish bo‘yi
Churq etmagan borliqni.
Sharaqlatib kuldirar
Shashti past soy, ariqni.
…Bahor shunday hunarlar
Ko‘rsatar biz yoqlarda.
Og‘zining suvi oqib
Qarar ulkan tog‘lar ham.
YANA YUZ OCHMOQDA YURTIM BAHORI – Murod Rahmon,
Yurtim bahori
Xush ifor taralar qir, adirlardan,
Dalalar bag‘ridan… barqut yerlardan…
Dilni ogoh etib ajib sirlardan,
Yana yuz ochmoqda yurtim bahori…
Bog‘larda boshlanar go‘zallik bahsi,
Rayhonlar shiviri, lolalar raqsi…
Ko‘lda oy, yulduzlar, nihollar aksi…
Yana yuz ochmoqda yurtim bahori…
Majnuntol, jiydadan taqishar sirg‘a,
Jildirab oqadi sohilga jilg‘a…
Yalpizlar, maysalar qiladi jilva,
Yana yuz ochmoqda yurtim bahori…
Yana dilni tortar qushlar navosi,
Binafsha imosi, jasmin ibosi…
Yuzlarga urilar tonglar sabosi,
Yana yuz ochmoqda yurtim bahori…
O, yam-yashil, ko‘rkam hayot uyg‘onar,
Olamni kuylovchi ijod uyg‘onar,
Ezgulik uyg‘onar, murod uyg‘onar,
Yana yuz ochmoqda yurtim bahori…
BAHOR – Bahodir Bahrom
Shodlanadi O‘zbekistonim
Quyoshni toj qilib boshiga.
Peshvoz chiqar ona bo‘stonim,
Bahor kelsa uning qoshiga.
Har bir giyoh, har maysa, kurtak
Yangi fasl mehridan qongay.
Binafshalar taratib ifor
Jilg‘alarda hayot uyg‘ongay.
Sho‘x boladek erka shamollar
Olib uchar yalpiz bo‘yini.
Adirlarda surib xayollar,
Qizg‘aldoqlar chalar kuyini.
Chaqaloqning ko‘z yoshlariga
G‘uborini yuvgaydir osmon.
Shu osmonning toza bag‘rida
Qushlar raqsga tushadi shodon.
Shodlanadi ona bo‘stonim
Bahor kelsa uning qoshiga.
Peshvoz chiqar O‘zbekistonim
Quyoshni toj qilib boshiga.
baxtiyor.uz