Super kontrakt narxlari qachon tasdiqlanishi ma’lum qilindi

2020 yilda super kontrakt narxi kunduzgi ta’limda 8,6 mln so‘mdan 279,4 mln so‘mgacha edi. Abituriyent to‘plagan ball qancha past bo‘lsa, yo‘nalish qanchalik nufuzli bo‘lsa, super kontrakt narxi ham ko‘tarilib boraveradi.


Super kontrakt narxlari shu hafta oxirida e’lon qilinadi. Jarayon bo‘yicha barcha hujjatlar tayyor bo‘ldi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev bilan tashkil etilgan ovozli chatda ma’lum qildi.

Boshqarma boshlig‘ining qo‘shimcha qilishicha, o‘qishga kirolmagan abituriyentlar super kontrakt narxlarini bilish uchun ayni vaqtda oliy ta’lim muassasasiga borishlari shart emas.

Chunki birinchi navbatda talabalikka tavsiya etilganlar, keyin o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha o‘tish balli va undan yuqorisini olgan toifadagi talabalar bilan ishlanadi. O‘qishini ko‘chirgan talabalar masalasi to‘liq yakunlangandan keyin tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt (super kontrakt) asosida o‘qimoqchi bo‘lganlar o‘zlari hujjat topshirgan oliy ta’lim muassasalariga murojaat qilishlari mumkin.

O‘qishni ko‘chirishda yetarli ball to‘play olmaganlar toifasi bilan ishlash esa 15 sentyabrdan keyin boshlanadi, deya ma’lum qildi Abduvali Xoliqov.