«Temurbeklar maktabi»: Buyuk siymoga munosib avlodni tarbiyalovchi maskan
O‘zbekiston rahbariyati barcha sohalarda bo‘lgani kabi harbiy yo‘nalishda ham keng qamrovli islohotlarni o‘tkazishga e’tibor qaratmoqda. Xususan, kuni kecha 28 avgust kuni Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Kattaqo‘rg‘on” poligonida o‘tkazilgan harbiy o‘quv mashqlarini bevosita kuzatdi. Shundan so‘ng, Samarqandda mamlakat Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari va bu boradagi dolzarb vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan videoselektor ham bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 5 iyuldagi «Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi PF-5106-sonli Farmoniga muvofiq, Buyuk davlat arbobi va sarkarda Sohibqiron Amir Temurning Vatanga sadoqat, el-yurtni ardoqlash, mardlik, fidoyilik va adolatparvarlik kabi yuksak fazilatlari yosh avlod uchun o‘rnak bo‘lib xizmat qilishini inobatga olgan holda Respublikaning barcha harbiy akademik litseylariga «Temurbeklar maktabi» nomi berilishi ham shu sohada olib borilayotgan islohotlarning uzviy qismidir.
Foto: Toshkent Temurbeklar maktabi
Mazkur Farmon zamirida bugungi va kelajak avlodlarga Amir Temur hazratlarining harbiy, ma’naviy merosini yetkazish, eng muhimi, ajdodlarimiz amalga oshirgan buyuk ishlar to‘g‘risidagi bilimlarimizni chuqurlashtirish va rivojlantirish, zamonaviy ilmiy tafakkurni yanada jonlantirish va olingan bilimlarni kelajak avlodlarga yetkazish borasida muhim qadam bo‘lishi shubhasiz. Albatta, bu jarayonda o‘quvchi-yoshlarimizga buyuk sohibqiron bobomizni ibrat qilib ko‘rsatish, u kishining harbiy sarkardalik mahorati, o‘z ona Vatani ozodligi va ravnaqi yo‘lidagi olamshumul ishlarini, davlatchilik kuch-qudratini o‘rgatish, ulardek mard, qat’iyatli, bir so‘zli, adolatparvar, teran fikrli avlodni tarbiyalash kabi mas’uliyatli vazifa «Temurbeklar maktabi» jamoasi oldiga qo‘yildi.
Foto: Toshkent Temurbeklar maktabi
Shu bois Toshkent shahridagi harbiy litsey jamoasi mazkur sharafli vazifalarni sidqidildan amalga oshirishga kirishdi. O‘quv va tarbiyaviy rejalar tanqidiy ko‘rib chiqilib, qaytadan tuzildi. Yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonida barcha o‘quv va laboratoriya xonalari, o‘quvchilarning turar joylari hamda mashg‘ulotlar olib boriladigan barcha bino va inshootlar, harbiy va jismoniy tayyorgarlik maydonchalari shay holatga keltirildi. Zero, «Temurbeklar maktabi», hech shubhasiz, mardlik, qat’iyatlilik maktabi sifatida yoshlarimiz o‘rtasida o‘quv yurtining obro‘-e’tiborini, harbiylikning qadr-qimmatini yanada yuksaklikka ko‘taradi, o‘quvchi-yoshlarimiz faxr-iftixor bilan ta’lim oladigan, buyuk siymoga munosib avlod bo‘lib kamol topadigan ziyo maskaniga aylanadi.
Foto: Toshkent Temurbeklar maktabi
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: Xo‘sh, «Temurbeklar maktabi»ga o‘quvchilarni qabul qilish tartibi qanday?
Mazkur maktabga o‘quvchilarni qabul qilish ham O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 21 apreldagi 227-son qarori bilan tasdiqlangan “Harbiy akademik litseylarga hamda oliy harbiy ta’lim muassasalariga kirish uchun nomzodlarni tayyorlash bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar yuklangan akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining maxsus guruhlariga o‘quvchilarni qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
Foto: Toshkent Temurbeklar maktabi
Unga ko‘ra, umumta’lim maktablarining 9-sinflarini bitirgan, umumiy o‘rta ma’lumot to‘g‘risidagi attestatga ega bo‘lgan, tibbiy ko‘rikda sog‘ligi harbiy o‘qishga yaroqli deb e’tirof etilgan, dastlabki, harbiy-kasbiy tanlov va test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan O‘zbekiston Respublikasining yoshlari (o‘g‘il bolalar) qabul qilinadi.
Dastlabki tanlov o‘qish istagini bildirgan nomzodlarning yashash joyidagi tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limi tomonidan har yili aprel oyida o‘tkaziladi.
Foto: Toshkent Temurbeklar maktabi
Harbiy-kasbiy tanlov esa dastlabki tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar bilan viloyat mudofaa ishlari boshqarmalarida may-iyun oylarida amalga oshiriladi. Harbiy-kasbiy tanlov o‘z ichiga: nomzodlarni yakuniy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, savodxonlik darajasini (diktant) baholash, nomzodlarning psixofiziologik darajasini aniqlash, nomzodlarning jismoniy tayyorlanganlik darajasini aniqlash va yakka tartibda suhbat o‘tkazishni qamrab oladi.
Foto: Toshkent Temurbeklar maktabi
Test sinovlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan har yili iyul oyida: ona tili (rus tili) va adabiyoti, matematika va fizika fanlari bo‘yicha o‘tkaziladi.