Abituriyentlar apellyatsiya berishning oxirgi muddati qachon?

Test sinovlari natijasidan norozi boʻlgan abituriyentlar apellyatsiya komissiyasiga yozma yoki elektron shaklda apellyatsiya shikoyatini berish huquqiga ega.


Apellyatsiya arizalari my.dtm.uz sayti orqali (abituriyentning shaxsiy kabinetida) onlayn tarzda qabul qilinmoqda va 6-sentyabrga qadar davom etadi.


Abituriyent apellyatsiya shikoyati berishi uchun test sinovida ishtirok etgan va undan chetlatilmagan boʻlishi lozim.


Shunga koʻra, apellyatsiya arizasini bergan abituriyentga uni koʻrib chiqish sanasi va vaqti koʻrsatilgan xabarnoma beriladi.


Qonunchilikka koʻra:

Apellyatsiya shikoyatini bergan abituriyent xabarnomada belgilangan kunda oʻzining pasporti va abituriyent ruxsatnomasi bilan kelishi shart.

Apellyatsiya jarayonida abituriyentga uning javoblar varaqasi nusxasi, test topshiriqlari notoʻgʻri bajarilgan javoblar roʻyxati hamda test sinovlarida abituriyentga taqdim etilgan test topshiriqlari kitobi beriladi.

Apellyatsiya shikoyati apellyatsiya komissiyasi tomonidan faqat abituriyent ishtirokida, uning yozma javoblari asosida koʻrib chiqiladi.

Abituriyentga apellyatsiya shikoyati boʻyicha qabul qilingan qarordan koʻchirma beriladi.


Apellyatsiya jarayonida quyidagilarga yoʻl qoʻyilmaydi:

apellyatsiya oʻtkazilayotgan xonaga uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar (lugʻat, jadvallar bundan mustasno) olib kirishga harakat qilish yoki olib kirish;

apellyatsiya jarayonida test materiallarini boshqa abituriyentga uzatish, ularga yordam berish yoki yordam olish;

test topshiriqlari kitobining varagʻini yirtish.


Abituriyentning javoblar varaqasi, test topshiriqlari kitobi DTMga belgilangan tartibda yetkazilmagan, yirtilgan boʻlsa, shuningdek, test sinovlaridan chetlashtirilgan yoki oʻzining javoblarini yozma ravishda bayon qilmagan abituriyentning apellyatsiya shikoyati koʻrib chiqilmaydi.


Apellyatsiya komissiyasining qarori boʻyicha maʼlumot Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasiga apellyatsiya jarayoni toʻliq tugaganidan soʻng 5 ish kuni ichida taqdim etiladi.

Abituriyent apellyatsiya komissiyasining apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha qabul qilgan qarori yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishi mumkin.


Eslatib oʻtamiz, apellyatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish 2022-yil 7-sentyabrdan boshlanadi.