1918 – 1939 – yillarda Germaniya.

1918 – 1939 – yillarda Germaniya.

R E J A.

Birinchi jahon urushining Germaniya uchun oqibatlari.

Veymar Respublikasi.

“Daues rejasi”

Fashizmning hokimiyat tepasiga kelishi.

Fashizmning mohiyati.

Fashistlarning ichki siyosati.

         Germaniya va uning ittifoqchilari Birinchi jahon urushida mag’lubiyatga uchradi. Germaniya urushda 2 mln. dan ortiq qurbon berdi.Yarador bo’lganlar, asirlar va berdarak yo’qolganlarni qoshganda, jami yo’qotish 7,5 mln. kishini tashkil etdi.

         Germaniya inqilobi 1918 – yil 3 – noyabr kuni boshlandi. Shu kuni Kil shahrida joylashgan harbiy dengizchilar urush davom etishiga qarshi qo’zg’olon ko’tardilar. Kil ishchilari esa qo’zg’olonni qo’llab quvvatladilar va umuniy ish tashlash e`lon qildilar. Shaharda ishchilar va soldatlar Sovetlari tashkil etildi.  Inqilob to’lqini 9 – noyabrda Berlingacha yetib keldi va u butun Germaniyaga yoyildi.

         10 – noyabrda tuzigan yangi hukumatga Germaniya sotsial – demokratik partiyasining yirik arboblaridan biri – F. Ebert rahbarlik qilgan. Bu hukumat Germaniyani Respublika deb e`lon qildi va u 11 – niyabr kuni Antanta bilan dastlabki yarash bitimi imzoladi.

         Ta`sis majlisi osoyishta Veymar shahrida o’z ishini boshladi. Shuning uchun ham Ta`sis Majlisida qabul qilingan Konstitutsiya va uning asosida tuzilgan Respublika Germaniya tarixiga Veymar Konstitutsiyasi va Veymer Respublikasi nomi bilan kirdi.

         Konstitutsiya germaniyani kuchli Prezidentlik hokimiyatiga ega bo’lgan federativ respublika deb e`lon qildi. Ayni paytda hukumatning president oldida emas, parlament oldida javobgar ekanligi belgilab qo’yildi. Fridrix Ebert Germaniyaning birinchi prezidenti etib saylandi. Konstitutsiyada xususiy mulkning muqaddas va daxlsiz ekanligi qayd etildi hamda 20 yoshdan boshlab erkak va ayollar uchun yalpi saylov huquqi berildi.

         Bosh vazir (kansler) Prezident tomonidan tayinlansa-da, u reyxstagga hisob berardi. Ikki palatadan iborat qonun chiqaruvchi hokimiyat ta`sis etildi. Quyi palata butun Germaniya bo’yicha yalpi ovoz berish yo’li bilan saylanar edi. Yuqori palata esa belgilangan normalarda o’lka va viloyatlar vakillaridan iborat bo’lardi. Reyxsrat veto huquqiga ega edi.

         AQSH Germaniyaning butunlay zaiflashtirib qo’yishini also istamas edi. Chunki Germaniyaning butunlay zaiflashuvi AQSH ning doimiy raqiblari Buyuk Britaniya va Fransiyani yanada kuchaytirgan bo’lardi. Bundan tashqari, AQSHga yangi raqibi – Sovet davlatini jilovlashda qudratli Germaniya zarur edi.

         AQSH Germaniyaga iqtisodiy va moliyaviy yordam ko’rsatishga qaror qildi. Bu yordam rejasi tarixga “Daues rejasi” nomi bilan kirgan. Oxir – oqibatda esa, bu reja Germaniya iqtisodiyotining gurkirab rivojlanishiga, uning harbiy qudrati qayta tiklanishiga asos bo’lib xizmat qildi.

         “Daues rejasi” ning qabul qilinishiga Fransiya rozi bo’lsa, AQSH Fransiyaning qarzlarini kechib yuborish majburiyatini olgan edi. Shuning uchun ham u “DAUES rejasi”ni qabul qildi va 1925 – yilda Rur viloyatidan o’z qo’shinlarini olib chiqib ketdi.

         Germaniya iqtisodiy taraqqiyotida katta muvaffaqiyatlarga erishdi va 1927 – 1928 – yillarga kelib bu davlat sanoat ishlab chiqarish va tashqi savdo hajmi bo’yicha urushdan oldingi darajaga chiqib oldi. 1929 – yil esa undan oshib ham ketdi. Sanoat taraqqiyotida u Buyuk Britaniya va Fransiyani orqada qoldirdi. 1929 – yilda “Daues rejasi’ “Yung rejasi” bilan almashtirildi.

         Germaniya qurolli kuchlarining bosh qo’mondoni feldmarshal P. Gindenburg edi (1874 – 1934). U 1925 – yilda mamlakat prezidenti lavozimiga saylandi. Uning prezidentligi davrida Germaniya armiyasi qayta qurollantirila boshlandi.

         Germaniya endi Versal shartnomasini ochiqdan – ochiq inkor etish yo’liga o’tdi. Xususan, armiya soni 350 ming kishiga yetkazildi.

         1925 – yilda Germaniya Lokarno shahrida Reyn paktini imzolashga erishdi. Unga ko’ra, Germaniyaning Farnsiya va Belgiya bilan mavjud chegarasi tan olindi. Ayni paytda Farnsiya va Germaniya bir – biriga hech qachon hujum qilmaslik majburiyatini oldilar. Buyuk Britaniya va Italiya esa bu paktning xalqaro kafillari deb belgilanadi.

         1929 – yilda yuz bergan jahon iqtisodiy inqirozi Germaniyani ayanchli ahvolga solib qo’ydi. Uch yil davomida ishlab chiqarish tinimsiz pasayib bordi. Iqtisodiyotning chet el moliyaviy yordamiga qaramligi, ayni paytda inqiroz davrida chet el sarmoyasining qaytarib olina boshlashi, ichki bozorning torligi, sobiq Antanta davlatlariga tovon to’lash, moddiy resurslar manbai bo’lish, mustamlakalarning yo’qligi kabi omillar buning sababi edi.

         Iqtisodiyotning keskin beqarorlashuvi siyosiy inqirozni ham muqarrar qilib qo’ydi. 1928 – yilda reyxstagga o’tkazilgan saylovda hech bir siyosiy partiya mutlaq ko’pchilik ovoz ola olmagan edi. Shuning uchun GSDP, Katolik Markaz partiyasi (78 o’ringa ega edi) hamda Nemis milliy partiyasi (73 o’ringa ega edi) vakillaridan iborat koalitsion hukumat tuzilgan va katta koalitsiya homi bilan faoliyat yurita boshlagan edi. Biroq koalitsiya 1930 – yilning martida tarqalib ketdi. G. Myuller hukumati iste`fo berishga majbur bo’ldi.

         Prezident Gindenburg Katolik markazi partiyasi arbobi G. Bryuningni kansler etib tayinladi. Biroq CSDP oppozitsiyaga o’tgach, G. Bryuning hukumati faol harakat qila olmay qoldi. Natijada mamlakat Prezidentining favqulotda dekretlari kuch bilan boshqarila boshlandi. Bu hol, o’z navbatida, reyxstagni obro’sizlantirdi. 1932 – yilda u faqat 5 tagina qonun qabul qildi, xolos.

         Aholining akjsariyat qismi boshqaruvning respublika tartibiga barcha kulfatlarning manbai, deb qaray boshladi. Ayni paytda ular ongida kuchlai tartib o’rnatishga qodir totalitar rejim tomon xayrixoxlik kuchaya bordi. Ularning ko’z o’ngida A. Gitler boshchiligidagi fashistik partiya shunday tartib o’rnatishga qodir kuch sifatida gavdalana boshladi.

         Ayni paytda fashistlar hukmron millat, irqiy ustunlik, antisemitizm, kuch oldida sajda qilish g’oyalarini omma ongiga zo’r berib singdira boshladilar. Ularning fikricha, dunyoga hukmronlikka faqat nemis millati loyiq edi.

         Sarmoyadorlar Gitler timsolida o’z niyatlarini amalga oshiruvchi shaxsni ko’rdilar. Shundan so’ng ular A. Gitlerni fyurer, ya`ni dohiy, deb atab, Gitlerning hokimiyat tepasiga kelishi uchun juda qattiq kurash boshladilar.

         1933 – yilning 30 – yanvarida Gindenburg A. Gitlerni Germaniyaning reyxkansleri etib tayinladi. Aslida esa, 1933 – yilda Germaniyada davlat boshqaruvining bir (burjua demokratik) shaklining boshqa bir shakli, ya`ni totalitar diktatura bilan almashinuvi yuz berdi.

         Fashizm – bu, davlat boshqaruvining terrorchi totalitar shakli, hukmron doiralarning eng eaksion va agressiv kuchlari manfaatini ifodolovchi oqim. U dastlab Yevropada (Italiyada) vujudga kelgan. “Fashizm” atamasi “fashio” so’zidan olingan bo’lib, “to’da”, “yuyshma”, degan ma`nolarnianglatadi.

         Fashizmning mohiyatini unig quyidagi belgilari yaqqol tasvirlab beradi. Uning birinchi belgisini o’ta millatchilik tashkil etadi. Fashizmning yana bir belgisi uning o’ta agressivligidir.

         Fashizm hokimiyat tepasiga kelgach, A. Gitler hukumati birinchi navbatda siyosiy demokratiyani yo’q qilishga kirishdi. Siyosiy partiyalar faoliyatiga barham berish uchun 1933 – yil 23 – fevralda Reyxstag binosiga o’t qo’yishni uyushtirdi va aybni kommunistlarga ag’darib bolgariyalik G. Dimitrovni sud qildi.

Fashistlar partiyasidan boshqa barcha siyosiy partiyalar faoliyati taqiqlandi. A. Gitler sotsial – demokratlarni Birinchi jahon urushida Germaniya taqdiri hal bo’layotgan kezlarda hoyabr inqilobini keltirib chiqarganlikda, kommunistlarni esa “qizil diktaturani” o’rnatmoqchi bo’lganlikda va sovetlarning josuslari sifatida aybladi.

         1934 – yil 2 – avgust kuni prezident Gindenberg vafot etdi. A. Gitler prezidentlik lavozimini ham egalladi. Shu tariqa, butun hokimiyat A. Gitler qo’lida to’plandi. Endi u Germaniyaning federativ davlat maqomini bekor qildi, barcha darajadagi ma`muriy organlar rahbarlari tayinlanadigan bo’ldi. Reyxstagga saylov bekor qilindi hamda qonun chiqaruvchi hokimiyat funksiyasi hukumatga topshirildi.

         Fashizmning kelajagini tarbiyalash maqsadida “Gitleryugen” deb ataluvchi yoshlar tashkiloti tuzildi.

Gitler germaniyaning yagona hukmdori, partiya rahbari, fyurer, ya`ni Germaniya xalqining cheksiz huquqiga ega bo’lgan dohiysiga aylandi. Tez orada natsistlar bosh jazo idorasi – xavfsizlik otryadlarini (qo’riqlash qo’shini) – Ssni tuzdilar. Unga A. Gitlerning ishongan odami G. Gimmler rahbarlik qildi.

SS otryadlarining vazifasi – o’zgacha fikrlovchi odamlarni taqib qilish, ommaviy qirg’in uyushtirish, pechlarda yoqib yuborish, gaz kameralarida zaharlab o’ldirishdan iborat edi.

         SSning tarkibiy qismini Gestapo (maxfiy politsiya) va SD (razvedka va kontrrazvedka) tashkil etgan. Ularning asosiy vazifasi mavjud tuzumga qarshi paydo bo’lgan har qanday muxolifatni joyida yo’q qilishdan iborat edi. Ayni paytda ular zimmasiga yahudiylarni ommaviy qirg’in qilish vazifasi ham yuklatilgan.

Fashistlar o’zgacha fikrlovchilar, demokratik tashkilotlar vakillari va harbiy asirlarni ommaviy qirg’in qilish maqsadida 15 ta o’lim lagerlari barpo etdilar, bu lagerlarda 10 mln. ga yaqin kishi yo’q qilindi.

Davlatda oziq – ovqat tanqisligi ro’kach qilinib, yaratuvchilik mehnatiga noqobil bo’lgan barcha kishilar, qariyalar, telbalar, ruhiy bemorlar, tutqanoq kasali bilan og’rigan bemorlarni qirib yuborishga buyruq berilgan. Germaniyaning 275 ming aholisi o’ldirilgan.

1936 – yilning yozida iqtisdiyotni harbiy yo’nalishga o’tkazishning 4 yillik rejai rasman tasdiqlandi. Shu 4 yil ichida dunyoda eng qudratli zamonaviy armiya tashkil etilishi lozim edi. Shu yillar davomida harbiy xarajat 10 baravar oshdi. 1939 – yilga kelib Buyuk Britaniya harbiy xarajati 5 mlrd. Fransiyaniki 2,3 mlrd markani tashkil etgani holda Germaniya harbiy xarajatlari 18 mlrd. markani tashkil etdi.

Shunday qilib, Germaniya ikki jahon urushi oralig’ida vayranalikdan g’arb mamlakatlari yordamida tiklandi, taraqqiy qildi. Dunyoni bo’ysundirishga intilgan Germaniya urush olib borishga tayyorgarlikni nihoyasiga yetkazdi.

Nazorat savollari.

1918 yildagi inqilobning oqibati nima bo’ldi?

“Daues rejasi” dan kuzatilgan maqsad nima edi?

Fashizmning ma`nosi nima?

A. Gitler qachon hokimiyat tepasiga keldi?

Ikkinchi jahon urushiga Germaniya qanday tayyorlandi?


Tayanch iboralar.

Veymar Respublikasi, Daues rejasi, “Fashizm” natsislar, “Gestapo”