1918 –1939 –yillarda ROSSIYA

1918 –1939 –yillarda ROSSIYA

R E J A.

Bolsheviklarning kommunistik jamiyati.

Fuqarolar urushi va chet el intervensiyasi.

SSSRning tashkil etilishi.

Industrlashtirish va qishloq xo’jaligini kollektivlashtirish.

20 – 30 yillarda SSSRning tashqi siyosati.


         Bolsheviklar o’zlari qurmoqchi bo’lgan yangi jamiyatni kommunistik jamiyat deb ataganlar. Ularning fikricha: bu jamiyat o’z taraqqiyotida ikki bosqichni bosib o’tishi kerak edi. Birinchi bosqichni sotsializm, ikkinchi bosqichni esa kommunizm deb ataganlar.

         Sotsializm – kommunistik jamiyatning quyi bosqichi, kommunizm esa yuqori bosqichi edi. U sotsializmning yuksak tarixiy taraqqiyoti natijasida vujudga kelar edi.

         1917 – yilning 14 – noyabrida Sovet hukumati xususiy zavod va fabrikalarda ishchi nazoratini o’rnatish to’g’risida qaror chiqardi.

         Xalq xo’jaligi davlat sektorini boshqarish maqsadida 1917 – yilning 1 – dekabrida Xalq xo’jaligi Oliy kengashi tuzildi. Bu Kengashga juda katta vakoltlar berildi. Jumladan, u istagan korxonani musodara qila olar, egallab olar, shuningdek yopib qo’yar edi.

         1918 – yilning bahoridan boshlab “Yer to’g’risida”gi dekretni amalga oshirish boshlandi. Barcha yer davlat mulki deb e`lon qilindi. Pomeshchik yer egaligi tugatildi. Yerni dehqonlarga taqsimlab berish boshlandi. Yerga ishlov berishda yollanma mehnatdan foydalanish taqiqlandi.

         Bu esa o’rta hol (o’ziga to’q) va boy dehqonlar (quloqlar – yerga ishlov berishda yollanma mehnatdan foydalanuvchilar) ning keskin noroziligiga sabab bo’ldi.

         Sovet hukumati siyosatdan norozi bo’lgan quloqlar o’z g’allalarini davlat belgilagan narxda davlatga sotishdan bosh tortdilar. Natijada, mamlakatda oziq – ovqat tanqisligi ro’y berdi.

         1918 – yilning mayidan boshlab mamlakatda oziq – ovqat komissarligiga (vazirligiga) favqulotda vakolatlar berildi. Mamlakatda don bilan erkin savdo qilish taqiqlandi.

         1918 yilning o’zidayoq quloqlardan 13 mln. pud don va 50 mln. gektar yer tortib olindi. Davlat, ayni paytda, dehqonlarga bo’lib berilganidan ortibqolgan yerda sovet xo’jaligi (sovxoz), yani sovet davlatining qishloq xo’jalik korxonasini tuza boshladi. Sovxozda ishlovchilar qishloq xo’jaligi ishchilari xisoblanardi. 1918 – yilning oxiriga kelganda sovxozlar soni 3 mingdan ortiq bo’lib, ularning yer maydoni 2 mln. desyatinaga yaqin edi.

         Umumiy ko’lamdagi fuqarolar urushi 1918 – yilning yozidan boshlandi va 1920 – yilning oxirigacha davom etdi. Ayni shu yillar davomida Antanta davlatlari bosqinchilik yurishlari ham uyushtirildi. Shuning uchun. 1918 – yilning yozidan 1920 – yilning oxirigacha bo’lgan davr Sovet davlati tarixiga fuqarolar urushi va chet el interferensiyasi davri sifatida kirdi.

         1918 – yilning yanvar oyida Ruminiya Sovet hokimiyatining og’rir ahvolidan foydalanib,  Bessarabiyani bosib oldi. Mart – aprel oylarida Buyuk Britaniya, Fransiya va AQSH Murmansk va Arxangelskka, Yaponiya, AQSH, Buyuk Britaniya Uzoq sharqqa qo’shin tashladi. Turkiya esa Armanistonni va Ozarbayjonni katta qismini bosib oldi. Buyuk Britaniya qo’shinlari esa Turkmanistonning bir qismini egalladi.

         Sovet hukumati 1919 – yildan boshlab mamlakatda “harbiy kommunizm” siyosatini joriy etdi. Uning mazmunini oziq – ovqat razvyorstkast deb atalgan tartib joriy etilganligi tashkil etdi. Oziq – ovqat razvyorstkasi – bu dehqonlarning o’zlaridan ortiqcha qishloq xo’jalik mahsulotlarining hammasini davlatga majburiy tartibda topshirishdir. Davlatga g’alla och qolayotgan shahar aholisini (Sovet hokimiyatining asosiy tayanchi bo’lgan ishchilarni) va qizil armiyani non bilan ta`minlash uchun zarur edi)

         1918 – yilning 18 – noyabrida Sibirda hokimiyat oq gvardiyachi admiral A. V. Kolchak qo’liga o’tdi. U o’zini Rossiyaning Oliy hukmdori deb e`lon qildi. 1919 – yilning yanvarida Shimolda general Ye. K. Miller, shimoli – g’arbda general N. N. Yudenich, janubida A. I. Denikin duktaturasi o’rnatildi.

S. Kamenev va M. V. Frunze qo’mondonligidagi sovet armiyasi 1920 – yil boshida A. V. Kolchak armiyasini tor – mor etdi. Uning o’zi asir olindi va otib tashlandi. A. V. Kolchak armiyasi tor – mor etilgach, Qizil Armiya 1920 – yilning bahorida Uzoq Sharq tomon yurish boshladi. Uzoq Sharqni bu davrda Yaponiya egallab olgan edi. 1922 – yilda Qizil Armiya Vladivastok shahrini egalladi va Uzoq Sharq oq gvardiyachilar hamda interventlardan to’la tozalandi.

         Fuqarolar urushi va chet el interferensiyasi natijasida Sovet Rossiyasi katta talofat ko’rdi. Chunonchi, xalq xo’jaligiga yetkazilgan zarar 50 mlrd. oltin so’mni tashkil etdi. Sanoat ishlab chiqarishi 1920 – yilda 1913 – yilga nisbatan 7 baravar, qishloq xo’jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish esa 3 foizga kamaydi. Urush maydonlarida, shuningdek, ochlik va kasallik, oq va qizil terror natijasida 8 mln. kishi halok bo’ldi. 2 mln. kishi siyosiy boshpana izlab mamlakatdan chiqib ketdi. Ularning 75 mingdan ortig’I ilg’or va talantli ziyolilar edi.

         Sovet hukumati “harbiy kommunizm” siyosatini bekor qilishga, 1921 – yil bahorida uning o’rniga yangi iqtisodiy siyosatni joriy etish yo’lini tutishga majbur bo’ldi. Yangi iqtisodiy siyosatning asosiy yo’nalishlarini mashhur iqtisodchi M. A. Lorin ishlab chiqqan.

Razvyorstka o’rniga oziq – ovqat solig’i joriy etildi. Bu soliq, birinchidan, razvyorstkadan 2 baravar kam edi.

         Sovet hokimiyatining dastlabki yillarida milliylashtirilgan mayda va o’rta korxonalar egalariga qaytarib berildi. Xususiy shaxslarga bunday Korxonalarni ochishga ruxsat etildi. Bundan tashqari, ishlab chiqarish vositalari ijarasi joriy etildi.

         Chet el kapitali kirib kelishiga ruxsat etildi. Ular Sovet davlati korxonalarini ijaraga ola boshladilar.

         Korxonalarning xo’jalik hisobi asosida ishlashi joriy etildi. Bu esa, o’z navbatida, korxonalarning asta – sekin o’z xarajatlarini o’zi qoplash, o’zini – o’zi pul bilan ta`minlash imkonini berar edi.

         Mehnatga qarab ish haqi to’lash qayta tklandi.

         1922 – yilning 30 – dekabrida to’rtda respublika yagona davlat – SSS ga – Sovet Sotsialistik Respublikalari Ittifoqiga birlashdilar. Bular: RSFSR, Ukraina, Belorussiya va Zavkavkazye Sovet Federativ Sotsilaistik Respublikasi (Ozarbayjon,  Armaniston va Gruziyani birlashtirgan) edi. Ularning vakolatli vakillari syezdi (SSSR sovetlarining  I syezdi) 1922 – yilning 30 – dekabrida SSSR tuzilganligi haqida Deklaratsiya va Shartnoma qabul qildi. 1924 – yilda esa bu yangi davlatning Konstitutsiyasi qabul qilindi.

         Bu imperiya 1940 – yilgacha boshqa millatlar haq – huquqlarini poymol qilish hisobiga kengaya bordi. Ular Turkistonni 5 ta “davlat” ga bo’lib yubordilar. Bu yerda O’zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg’iziston va Qozog’istonni tuzdilar. 1925 – 1936 – yillar oralig’ida ular birin – ketin “ixtiyoriy ravishda” qizil imperiya tarkibiga kiritdi. Bu imperiya 15 ta “mustaqil”, “tenglar ichida teng” respublikalardan iborat edi. Aslida esa ular Rossiya tarkibidagi mustamlakalar edi.

         Sovet hukumati 20 – yillarda sotsializm qurish deb nomlangan rejani amalga oshirishga kirishdi.

         Sobiq Sovet davri tarix kitoblarida bu reja “sotsializm qurishning Lenincha plani” deb ataladi va uch qismdan, ya`ni mamlakatni industriallashtirish, qishloq xo’jaligini kollektivlashtirish va madaniy inqilobni amalga oshirishdan iborat edi.

         Bolsheviklar (kommunistlar) patiyasining 1925 – yilda bo’lib o’tgan XIV syezdi industriallashtirish yo’lini e`lon qildi. Industriallashtirish, yirik mashinalashgan ishlab chiqarishni yaratish jarayoni degani edi.

         1929 – 1937 – yillar oralig’ida jami 6 mingga yaqin yirik sanost korxonasi (yiliga 600 – 700) qurildi. 1937 – yilga kelib Sovet davlati sanoat mahsuloti ishlab chiqarish bo’yicha dunyoda AQSHdan so’ng ikkinchi o’ringa chiqib oldi.

         Bolsheviklar partiyasining XV syezdi 1927 – yilda qishloq xo’jaligini to’la kollektivlashtirish to’g’risida qaror qabul qildi.

         Kollektivlashtirish natijasida qishloqda yakka tartibda faoliyat yurituvchi o’rta hol dehqon xo’jaliklarini tugatib, ularning o’rnida qishloq xo’jaligi mahsulotlarini kollektiv (jamoa) mehnat asosida yetishtiruvchi xo’jalik (kolxoz deb atagan) vujudga keltirildi.

         Kolxoz o’z ixtiyori bilan mahsulon yetishtira olmagan. O’z ixtiyori bilan mahsulot sota olmagan. Shuning uchun ham sobiq qizil imperiya o’z aholisini sifatli, zarur qishloq xo’jaligi mahsulotlari bilan to’la ta`minlay olmadi va chetdan sotib olishga majbur bo’ldi. Kollektivlashirish shafqatsiz jazo qo’llash yo’li bilan olib borildi.

         Majburiy kollektivlashtirish oqibatida qishloq xo’jaligi mahsulotlari yetishtirish keskin ravishda kamayib ketdi. Natijada 1932 – 1933 – yillarda ocharchilik bo’ldi va 5 mln. dan ortiq kishi ochlikdan qirilib ketdi.

         Madaniy inqilobning asosiy vazifasi eski tuzumdan meros qolgan madaniy qoloqlikni tugatish, sotsialistik ziyolilarni shakllantirish, madaniyatni partiya siyosatiga bo’ysundirish va jamiyatda yagona mafkura – kommunistik mafkura hukmronligini qaror tiptirishdan iborat bo’ldi.

Sovet davlati 30 – yillarning oxiriga kelib xalq xo’jaligi uchun o’zining sof mutaxassislarini kerakli miqdorda tayyorlashga muvaffaq bo’ldi va 1930 yilda umumiy majburiy boshlang’ich ta`lim joriy etildi. 1932 – yilda 8 – 11 yoshli bolalarning 98 foizi maktablarga qatnay boshladi. 1934 – yilda esa 10 yillik ta`lim joriy etildi. 1939 – yilga kelib, SSSR aholisining 81,2 foizi savodli edi.

         1922 – yilda Germaniya amalda sovet davlatini tan oldi va ikki davlat o’rtasida savdo – iqtisodiy aloqalar rivojlana boshladi.

         1924 – yilda Buyuk Britaniya Sovet davlatini tan oldi. Buyuk davlatl;ardan faqat AQSH qizil imperiyani tan olishni paysalga sola boshladi.

         1925 – 1927 – yillarda Sovet hukumati Turkiya, Litva, Eron va Afg’oniston bilan betaraflik va bir – biriga hujum qilmaslik haqida shartnomalarni imzolashga muvaffaq bo’ldi.

         Sovet hukumati 1935 – yilda Italiyaning Efiopiyaga qarshi agressiyasini qoraladi. General F. Frankoning Ispaniyada fashistik diktaturasini o’rnatishiga qarshi kurashayotgan kuchlarga harbiy va moliyaviy yordam ko’rsatdi.

         1933 – yilda AQSH Sovet davlatini tan oldi va u bilan diplomatic aloqa o’rnatdi. 1934 – yilda esa Qizil imperiya Millatlar Ligasiga qabul qilindi.

         1939 – yilning 23 – avgustida Sovet davlati bilan germaniya o’rtasida 10 – yil muddatga o’zaro hujum qilmaslik to’g’risida shartnoma izmzolandi.

         Shunday qilib, ikki jahon urushi oralig’ida Sovet davlati tashkil topdi, mustahkamlandi. Bolsheviklar yangi jamiyat qurdilar. Lekin bu jamiyat qilich va qon bilan qurildi. Dunyoda inqilob qilmoqchi bo’ldi. Qatog’onlarni amalga oshirdi. Ma`naviy tubanlikka ketib, fashizm bilan til biriktirdi.


Nazorat savollari.

Rossiyada fuqarolar urushi va chet el intervensiyasining boshlanishiga nimalar sabab bo’ldi?

“Harbiy kommunizm” siyosatining mazmunini ta`riflab bering.

Sovet hukumati nega “harbiy kommunizm” siyosatini bekor qilishga majbur bo’ldi?

Yangi iqtisodiy siyosatning mazmunini tushuntirib bering.

SSSR qachon tashkil topdi?

Industriallshtirish nima?

Qishloq xo’jaligini kollektivlashtirishning fojiaviy oqibatlarini so’zlang.

SSSRni Fransiya, Angliya va AQSH qachon tan oldi?


Tayanch iboralar.

         — Fuqarolar urushi,

         — “Sotsialistik” va “Kommunistik”jamiyat.

         — “Harbiy kommunizm”

         — Yangi iqtisodiy siyosat.

         — Industriallashtirish, kollektivlashtirish, madaniy inqilob.