Samsung, Xiaomi, Apple smartfonlari qayerda ishlab chiqariladi?

Samsung, Xiaomi, Apple smartfonlari qayerda ishlab chiqariladi?

Bugungi kunda texnologik kompaniyalar qaysi mamlakatlarda o‘z smartfonlarini yig‘ayotgani haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? So‘nggi bir necha yil ichida ko‘p narsa o‘zgardi. Agar ilgari deyarli har qanday smartfon haqida «Made in China» (Xitoyda ishlab chiqarilgan) deb ishonch bilan aytish mumkin bo‘lsa, endi vaziyat o‘zgacha tus olmoqda.

Har qanday qurilma ishlab chiqarilishining boshlang‘ich nuqtasi: g‘oya, loyiha, maketlarni ishlab chiqish, dizayni va dasturiy ta’minot kompaniyalarning bosh ofislarida yaratilsa, yakuniy nuqtasi: yig‘ishilishi, kompaniya zavodlari joylashgan hududlarda amalga oshiriladi.

Zavodlarda smartfonlarni yig‘ish avtomatlashtirilgan liniyalarda amalga oshiriladi. Zamonaviy texnologiyalar qo‘l mehnatidan deyarli foydalanmaslikka imkon beradi. Yig‘ish jarayonini qatnashadigan odam faqat qurilmani qutiga solib, uni kerakli aksessuarlar bilan ta’minlashi kerak bo‘ladi. Ya’ni, smartfonlar yig‘ilishining joylashuvi muhim emas, ishlab chiqarish tizimi hamma joyda deyarli bir xil.

Samsung

Kompaniyaning bosh ofisi Janubiy Koreyada, smartfonlarni yig‘ish zavodlari Koreya, Vetnam, Xitoy va Hindistonda joylashgan.

2019 yilning kuzida kompaniya Xitoydagi smartfon fabrikalari yopilishini e’lon qildi. Ammo bir necha oydan so‘ng, turli manbalarda Samsung Xitoydagi ODM  ishlab chiqaruvchilariga telefon ishlab chiqarishining 20% ga yaqinini berishi haqida ma’lumot tarqala boshladi.

Bugungi kunda Samsung smartfonlarining aksariyati Vetnam va Hindistondagi o‘z zavodlarida yig‘iladi (O‘zbekiston bozori uchun smartfonlar asosan Vetnamda yig‘ilgan).

Asosan qimmat va murakkab Galaxy Fold va Z Flip kabi va o‘z ichki bozori uchun smartfonlar ishlab chiqaruvchining mamlakati Janubiy Koreyada yig‘iladi.

Xiaomi

Boshqa Xitoy kompaniyalari (Huawei, Oppo, Vivo, OnePlus va Realme  singari, Xiaomi bosh ofisi Xitoyda joylashgan. Shuningdek, kompaniyaning Hindistonda Xiaomi India deb nomlangan bo‘limi ham mavjud.

Smartfonlarni yig‘ish ishlari asosan Xitoy va Hindistondagi Wistron, Foxconn, Inventec, Wintech kabi hamkor kompaniyalar zavodlarida yig‘iladi. 2021 yil mart oyida Xiaomi kompaniyasining Turkiyada ham zavodi ishga tushgani haqida xabarlar tarqaldi.

Xiaomi qurilmalarini yig‘ish uchun alohida komponentlar Samsung (ekran, tezkor va doimiy xotira modullari, kamera, batareya), Sony (kamera), LG (ekran), Qualcomm (protsessor), OmniVision (kamera), Tianma Microelectronics (ekran), EBBG (ekran)kabi kompaniyalar tomonidan ishlab chiqariladi.

Xitoyning «hktdc.com Sourcing» manbasiga ko‘ra, 40 dan ortiq Xitoy kompaniyalari Xiaomi brendi ostida alohida komponentlar va to‘liq tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Shu sabab, Xiaomi smartfonining bitta rusumida turli xil ekran yoki kamera o‘rnatilish holatlari uchrab turadi.

Qo‘shimcha ma’lumot uchun: Yaqin-yaqingach Apple qurilmalari xususan iPhone ham Xitoydagi hamkor kompaniyalar (Foxconn) zavodlarida yig‘ilardi. So‘nggi yillarda kompaniya Xitoyga bog‘liqligini kamaytira boshladi va ishlab chiqarish liniyalarini Hindiston va Vetnam kabi boshqa qo‘shni mintaqalarga ko‘chirishni boshlagan.

Savol: Turli xil mamlakatlarda yig‘ilgan smartfonlar ishlashi va sifatida farqni sezganmisiz?