Shamsharov Yo‘ldosh
Tavallud topgan sana:
1907 yil
Vafot etgan sana:
1987 yil
Tug'ilgan joy:Namangan viloyati
Yo'nalishlar: Yozuvchilar
Tarjimai hol
Mohir jurnalist va nosir Yo‘ldosh Shamsharovning adabiy faoliyati asosan 30-yillardan boshlangan bo‘lib, dastlab ocherknavis sifatida taniladi. So‘ng hikoyanavis, publitsist, qolaversa, romannavis sifatida keng kitobxonlar ommasi e’tiborini qozongan. Uning ocherk va hikoyalaridan tarkib topgan to‘plamlari mehnatkash va bunyodkor xalqimizning orzu-armonlari ifodasi sifatida ma’lumdir.
Yo‘ldosh Shamsharov romannavis sifatida ham qalam tebratgan.
Mohir jurnalist va nosir Yo‘ldosh Shamsharov 1907-yilda Namangan viloyati Chust tumaniga qarashli Olmos qishlog‘ida tavallud topgan. Avval eski maktabda, so‘ngra yangi maktabda hamda qisqa pedagogik kurslarda ta’lim olgan.
20-yillarning o‘rtalaridan boshlab yoshlar tashkilotlarida rahbar va tashkilotchi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 1933-yilda Farg‘ona davlat instituti (hozirgi universitet) qoshidagi til va adabiyot fakultetini tamomlagan. Xuddi shu davrdan boshlab uning Toshkentdagi ijodiy faoliyati boshlangan.
Avval “Yosh leninchi” (hozirgi “Turkiston”) gazetasida mas’ul kotib, so‘ng esa “Lenin uchquni” (hozirgi “Tong yulduzi”) gazetasining mas’ul muharriri vazifasida ishlagan. Ma’lum muddat O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasida nashr ishlari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i, “Qizil O‘zbekiston” (hozirgi “O‘zbekiston ovozi”) gazetasida mas’ul kotib vazifalarini ishlagan.
Adib 1987-yilda vafot etgan.
Uning ocherk va hikoyalaridan tarkib topgan “Orzigul”, “Jasorat yo‘li”, “Inson qalbi”, “G‘urumsaroyliklar”, “Paxta manbai”, “Mashhurlik” va “Daryo” kabi to‘plamlari mehnatkash va bunyodkor xalqimizning orzu-armonlari ifodasi sifatida ma’lumdir. Yo‘ldosh Shamsharov romannavis sifatida ham qalam tebratgan. Uning “Chiroq” (1973) romani Yo‘ldosh Oxunboboyev hayotiga bag‘ishlangan.
Adib mohir tarjimon sifatida samarali faoliyat ko‘rsatgan. Xususan, I.Turgenevning “Arafa”, “Dvoryanlar uyasi”, “Mumu”, D.Defoning “Robinzon Kruzo” hamda G.Nikolayevaning “O‘rim” kabi romanlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Yo‘ldosh Shamsharov o‘zbek adabiyoti oldidagi xizmatlari uchun “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi”, “O‘zbekiston xalq yozuvchisi” faxriy unvonlariga sazovor bo‘lgan.