Rux — antioksidant

Kishi organizmida rux (tsink) moddasi tanqis boʼlsa avvalo koʼrish, hidlash, taʼm bilish, sezish qobiliyatlari izdan chiqadi. Bu esa oʼz navbatida ishtaha yoʼqolishiga, ovqat hazm qilishning buzilishiga, shapkoʼrlik va boshqa kasalliklarga olib kelishi mumkin. Tushkun kayfiyat, charchoq, hayotga boʼlgan qiziqishning soʼnishi rux yetishmasligining asosiy belgilaridir. Soch toʼkilishi, tirnoqlarda oq dogʼlar paydo boʼlishi, dermatit va yaralarning sekin bitishi, suyaklarning moʼrt boʼlib, revmatizm va artrit kasalliklari kelib chiqishi ham rux yetishmasligi tufaylidir.


Homiladorlik davrida rux yetishmovchiligi 13-18 foiz hollarda homila va chaqaloqda gidrotsefaliya, tanglay nuqsoni, umurtqa egriligi, churralar hosil boʼlishi, yurak nuqsonlari va boshqa oʼzgarishlarni keltirib chiqarishi tajribada aniqlangan. Shuningdek, rux yetishmaganda yangi hujayralar hosil boʼlishi kechikadi, shikastlangan hujayralar qayta tiklanmaydi. Yoshi katta odamlarda qarish tezlashadi, bolalar va oʼsmirlar organizmi yaxshi rivojlanmaydi, yaralar sekin bitadi.

Immunitetimiz holati shu mineralga bogʼliq: shamollash va grippning dastlabki belgilari namoyon boʼlganda vitamin S bilan birga rux tavsiya etiladi. Bemorlarga jarrohlik operatsiyasidan bir necha kun oldin va to tuzalib ketguncha rux preparatlari buyuriladi. Oʼsmirlarga tarkibida rux koʼp boʼlgan oziq-ovqatlar tavsiya qilinadi. Chunki bu mikroelement boʼy oʼsishi va vazn oshishini taʼminlovchi gormonlar ishlab chiqarilishini kuchaytiradi. Shu bois, boʼyning jadal oʼsishi va jinsiy balogʼatga yetishi davrida rux juda muhim. Faol turmush tarzini kechirayotganlar uchun esa ruxning yana bir xususiyati muhim: u antioksidant sifatida taʼsir qiladi. Yaʼni mushak xujayralarini jismoniy zoʼriqish vaqtida haddan ortiq kislorod sarf qilish tufayli paydo boʼladigan radikallar taʼsiridan himoya qiladi.


Noyob modda hisoblangan rux (tsink) qonda doimiy kislotali-ishqorli muhitni saqlaydi, toʼqima regeneratsiyasi uchun masʼ ul , insulin hosil boʼlishini va mushaklar qisqarishini boshqaradi, prostata va koʼpayish aʼzolari faoliyatini meʼyorlashtiradi, erkaklik xususiyatini va qonning yalligʼlanishga qarshi xususiyatini oshiradi. Nega baʼzi odamlarda rux yetishmaydi? Maʼlum boʼlishicha, gap faqat oziq-ovqatlar tarkibida ruxning kamligida emas ekan. Muammo shundaki, baʼzi sabablar tufayli rux organizmda yaxshi soʼrilmaydi. Masalan, shirinlik va shoʼr narsalarga oʼch kishilar bunday taomlar organizmda ruxning kamayishiga olib kelishini bilib qoʼyishlari lozim.

Erkaklarda spirtli ichimliklarni koʼp isteʼmol qilish, ayollarda homiladorlikdan saqlaydigan dorilarni tartibsiz qabul qilish koʼpincha organizmda rux yetishmasligini keltirib chiqarishi mumkin. Jigar sirrozida rux elementining yomon soʼrilishi, siydik bilan koʼp ajralishi yoki toksik(zaharli) taʼsirlar natijasida qonda rux miqdori kamayishiga sabab boʼladi. Rux tanqisligini davolashda kompleks chora-tadbirlar qoʼllanadi. Dastlab asosiy kasallik davolanadi. Tarkibida rux elementi koʼp boʼlgan tabiiy meva-sabzavotlar, koʼkatlar, ziravorlar, dukkakli don mahsulotlari hamda ulardan tayyorlangan milliy taomlarni isteʼmol qilishga odatlanish kerak. Uzum va tut shinnisi, oʼrik va achchiq bodom danagi, qora mayiz, turshak, yongʼoq, kepakli non, sumalak, kartoshka, pomidor, noʼxat, sut va goʼsht mahsulotlari hamda tuxum sarigʼining tarkibida rux moddasi koʼp.

Sohibjamol АBDULLАEVА,

mutaxassis, pedagog.