Plazma

Plazma bu koʻp sonli ion va elektronlardan tashkil topgan, kuchli ionlashgan gazdir. Plazma hosil qilish uchun energiyaning turli shakllaridan — issiqlik energiyasi, elektr yoki nurlanish energiyalaridan foydalanish mumkin. Masalan, gaz shunchalik kuchli qizisa, unda atomlarning oʻzaro toʻqnashishi natijasida bir-biridan elektronlarni urib chiqarib yuborsa, ushbu gaz plazma holatiga oʻtadi.


Gazning oʻzi singari plazma ham oʻzi turgan idish shakliga kiradi. Oddiy gazlardan farqli oʻlaroq, plazma magnit maydoni taʼsirida turli xil strukturalar hosil qiladi va ularning koʻrinishi xuddi naqshlar singari turli katakcha, qatlam va chiziqlar koʻrinishida boʻladi. Shuningdek, oddiy gazlarda uchramaydigan yana bir holat — uning muhitida tarqaladigan toʻlqinlar xilma-xilligi bilan ham plazma gazdan farqlanadi.


Moddaning plazma holatini ilk marta payqab qolgan olim britaniyalik mashhur fizik Uilyam Kruks (1832—1919-yillar) boʻlib, u keyinchalik oʻz nomi bilan atalgan (Kruks trubkasi) gaz razryadli vakuum trubkasi bilan tajriba oʻtkazayotgan paytda ushbu fizik fenomenni sezib qoladi. Aslida plazma — moddaning agregat holatlari ichida koinotda eng keng tarqalgan koʻrinishi. Xususan, deyarli barcha charaqlab turgan yulduzlar asosan plazmadan tashkil topgan boʻladi.


Yer sharoitidagi plazma manbalariga oddiy misollar tariqasida fluoressent lampa, plazmali televizor, neon reklama va chaqmoqlarni keltirish mumkin. Yer atmosferasining yuqori qatlamlaridan biri — ionosfera ham Quyosh nurlanishlari tufayli yuzaga kelgan plazmadan iborat. Olis masofalarga radioaloqa signallarini uzatish sohasida aynan ionosfera juda katta ahamiyat kasb etadi.


Plazma xossalarini oʻrganishda turli tuman gazlardan va juda keng harorat diapazonlaridan foydalaniladi. Shuningdek, plazma xususiyatlarini tadqiq qilishda, gazlarga nisbatan qoʻllaniladigan tashqi maydon intensivligi ham baʼzan juda katta darajalarga olib chiqiladi. Ayrim tajribalarda plazmaning oʻzini qanday tutishini oʻrganish maqsadida gazga shunchalik katta maydon kuchlanganligi berilganki, bunday maydon intensivligi tabiatda faqat astrofizikadagi termoyadroviy reaksiyalarda boʻladi.


Plazmadagi zaryadlangan zarralar bir-biriga nisbatan juda yaqin joylashadi va shu sababli undagi har bir zaryadlangan zarraga oʻz yaqinidagi boshqa koʻplab zarrachalar taʼsir koʻrsatadi. Plazmali televizorlarda ksenon va neon gazlari atomlarining kuchli qoʻzgʻalishi natijasida, ular yorugʻlik kvantlarini — fotonlarni chiqara boshlaydi. Ushbu kvantlarning baʼzilari yorugʻlikning biz koʻra olmaydigan ultrabinafsha spektriga taalluqli boʻladi.


Aynan oʻsha kvantlar ekrandagi lyuminoforga taʼsir koʻrsatib, oʻz navbatida lyuminoforni biz koʻra oladigan spektrdagi yorugʻlik chiqarishga majbur qiladi. Displeyning har bir pikseli yanada kichikroq boʻlgan pikselchalardan iborat boʻlib, undagi lyuminofor turli rangdagi yorugʻlik nurlarini — yashil, koʻk va qizil nurlarni chiqaradi.


Rasmda: plazma lampada murakkab fizik hodisalar kuzatiladi. Masalan, filamentatsiya (tolalar yuzaga kelishi) jarayoni shular jumlasidandir. Ajoyib, goʻzal rangli manzaralarning hosil boʻlishi esa plazmada elektronlarning kuchli qoʻzgʻalgan holatdan nisbatan past energiyali holatga oʻtishi natijasidan vujudga keladi.

Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Plazma
Muqova surat: freepik.com