Amerikalik neyrobiologlar tomonidan sichqonlarda bosh holatini nazorat qilishda ishtirok etuvchi talamusning oldingi dorsal yadrosida joylashgan neyronlar faolligi o‘lchanib, ular uyg‘oq holdagi, keyin esa uyqu vaqtidagi ko‘z harakatlari bilan solishtirildi. Maʼlum boʻlishicha, uxlayotgan va uygʻoq hayvonlarning elektr faolligi, koʻz harakatlari deyarli bir xil boʻlib, koʻz va bosh harakatlaridan sichqonlar qanday tush koʻrayotganini tushunib olish mumkin. Maqola Science jurnalida chop etildi.
Tez uyqu fazasidagi sichqonning koʻz harakati. Muhokama qilinayotgan maqolaga biriktirilgan videoning bir qismi. Yuta Senzay va Massimo Skanzani / Science jurnali, 2022-yil
Sichqonlarda koʻpchilik sutemizuvchilar singari uyqu vaqtining taxminan 10 foizini tashkil etadigan tez uyqu bosqichi (yoki REM uyqusi) mavjud. Shunga oʻxshash bosqichda odam ham tush koʻradi. Odamdan tushning mazmuni haqida soʻrash mumkin boʻlsa, bu yondashuv sichqonga nisbatan ish bermaydi.
Tushlarning tabiatini uyqudagi harakatlar, birinchi navbatda koʻz harakati yordamida izohlashga urinib koʻrish mumkin. Ammo ushbu jarayonda oʻziga yarasha qiyinchiliklar boshlanadi. Koʻz harakatidan, ularning turli tomonga qarashidan kelib chiqib, odam tush koʻryapti degan xulosa chiqarib boʻlmaydi. Maʼlumki, REM bosqichidagi koʻz harakatlari hatto tugʻma koʻr odamlarda ham kuzatiladi. Koʻrish qobiliyatiga ega odamlarni oʻrganish shuni koʻrsatmoqdaki, tush mazmuni va koʻz harakati oʻrtasidagi bogʻliqlik juda zaif. Tushlarning ogʻzaki taʼrifi elektrookulografiya maʼlumotlari bilan faqatgina juda oddiy tushlardagina mos keladi.
San-Fransiskodagi Kaliforniya universiteti xodimlari Yuta Senzay va Massimo Skanzanilar “REM uyqu bosqichidagi sichqonning koʻz harakatlari orqali u koʻrayotgan tush mazmunini taxmin qilish va sichqon tushida qayerga yugurib ketayotganini aniqlash mumkinmi?” degan savolga javob berishga harakat qilib koʻrdi.
Buning uchun ular oltita sichqonning koʻz harakatlari va elektrofiziologik maʼlumotlarini bir-biriga bogʻlashga harakat qildi. Bosh harakatini tartibga soluvchi neyronlar guruhlaridan biri (bosh aylanishining turli burchaklarida turli neyronlar faollashadi) joylashgan talamusning oldingi dorsal yadrosiga uning faoliyatini uzoq muddat davomida qayd etib borish uchun elektrod oʻrnatildi (nashrdan oldin uyqu paytida kemiruvchilarda bosh yoʻnalishini nazorat qiluvchi neyronlar faol ekani maʼlum edi. Ammo bu maʼlumotlar tush prizmasi orqali talqin qilinmadi). Boshning oʻngga va chapga harakatlari bilan bogʻliq boʻlgan jami 72 ta neyron faolligini qayd etishga muvaffaq boʻlindi.
Tajriba boshida uygʻoq holdagi harakat paytida bosh va koʻz harakatlari, talamusning faoliyati bir-birlariga muvofiq ekanini aniqlab olish kerak edi. Buning uchun hayvonlarning boshiga oʻrnatilgan koʻz kuzatuvchi uskunalar yordamida koʻzning holati va ularning harakatlari qayd etildi. Yuqoriga oʻrnatilgan kamera esa ochiq maydon boʻylab harakat vaqtidagi boshning oʻng-chap yoʻnalishdagi holati va burilishlarini yozib oldi. Tabiiyki, bosh va koʻzning harakatlari 95 foizdan koʻproq hollarda bir-biriga mos kelishi maʼlum boʻldi: birinchi koʻz harakatlanadi, keyin bosh ular qaragan tomonga buriladi. Talamusning oldingi dorsal yadrosidagi neyron faolligi va sichqonning bosh harakati haqidagi maʼlumotlarni birlashtirib, mualliflar neyron faolligidan kelib chiqib, boshning aylanish burchagini bashorat qilish uchun algoritm sozlashdi. Keyin esa sakkadsimon (koʻzning atrofni oʻrganishdagi juda tez harakati) koʻz harakatlari yoʻnalish algoritmi bashoratlari (r = 0,79, p <10 -6) bilan bogʻliqligi aniqlandi.
Uygʻoq sichqonda bosh holatini boshqarish (HD) tizimida koʻz va bosh harakatlari hamda neyron faolligi grafigi. Muhokama qilinayotgan maqoladan olingan rasm. Yuta Senzay va Massimo Skanzani / Science jurnali, 2022-yil
Sichqonlar uyqu paytida har doim ham koʻzini yummasligi tufayli tadqiqotchilar REM bosqichida koʻz harakatlarini yozib olishga muvaffaq boʻldi. Oʻz tabiatiga koʻra, ular hayvonlar uygʻoq boʻlgan holatda qayd etilgan sakkadsimon harakatlarga yaqin boʻlib chiqdi. Lekin harakatlar tez-tez takrorlanardi va kichikroq hajmda edi. Asosiy koʻz harakati ortidan teskari yoʻnalishga (asosiy burilish burchagining taxminan uchdan bir qismi) toʻgʻrilovchi harakat ergashdi. Sichqonlar (va odamlar) odatda bu harakatlarni boshini aylantirgandan keyin yoki tez harakatlanayotgan obyektni (optokinetik nistagmus, koʻzning tez va sekin harakatlari majmuasi kabi) kuzatayotganda amalga oshiradi. Uyqu va uygʻoqlik paytidagi talamus neyronlari faolligi bir-biriga mos keldi.
Infinity dafn kiyimi (Infinity Burial Suit) komponentlari / coeio.com
Uyqu vaqtidagi yozuvlarni taqqoslash shuni koʻrsatdiki, REM bosqichidagi uyqu koʻz harakatlari hushyorlikda boʻlgani kabi talamus neyronlari faolligidagi oʻzgarishlarni oldindan aytishga imkon beradi. Bu nafaqat boshning aylanish yoʻnalishini, balki uning ogʻish burchagini ham aniqlashga yoʻl ochadi. Maʼlum boʻlishicha, sakkadlar qancha koʻp boʻlsa, boshning burilish burchagi bilan bogʻliq neyronlarning faolligi shuncha yuqori boʻladi. Taʼkidlanishicha, uyquning REM bosqichidagi koʻz harakatlari tabiati uygʻoqlik paytida yuzaga keladigan toʻgʻrilovchi harakatlarga qadar takrorlaydi. Shunday qilib, uxlamagan hayvonning harakatlariga asoslanib aytish mumkinki, sichqon oʻngida boshini qanday burib harakatlansa, tushida ham shunday harakatlanar ekan. Bunday yondashuv hayvonlarning dunyoni idrok etishini tushunishga yordam berishi mumkin.
Tushlarni nafaqat sutemizuvchilar, balki soqolli agamalar ham koʻrar ekan. Ammo ular tushida nimalar koʻrishi hali aniqlangani yoʻq. Insonning tushida nimani koʻrishini esa baʼzida savollarsiz ham bilib olish mumkin. Misol uchun, tushdagi gʻazabni EEG (elektroensefalografiya) orqali bilib olsa boʻladi. Bundan tashqari, tasavvurning boyligiga asoslanib, odamning qanchalik yorqin tush koʻrishga qodirligini oldindan aytish mumkin.
Muallif: Sergey Zadvoriyev.Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Простые детали мышиных сновидений расшифровали по движениям глаз” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: Tez uyqu fazasidagi sichqonning koʻz harakati. Muhokama qilinayotgan maqolaga biriktirilgan videoning bir qismi. Yuta Senzay va Massimo Skanzani / Science jurnali, 2022-yil