Kuzatuvlar stansiyaning sunʼiy yoʻldosh yonidan oʻtayotgan vaqtida amalga oshirildi. “Yunona” avtomatik sayyoralararo stansiyasi jamoasi Yupiterning Yevropa yoʻldoshi yaqinidagi muhitda tovushga aylantirilgan plazma toʻlqinlarining “qo‘shig‘ini” omma eʼtiboriga havola qildi. Missiya veb-saytidagi maʼlumotlarga koʻra, ovozli yozuv stansiyaning Yevropa yaqinidagi parvozi paytida olingan maʼlumotlar asosida yaratilgan.
2022-yil 29-sentabrda “Yunona” Yupiterning muzli yoʻldoshi boʻlmish Yevropadan juda yaqin masofada uchib oʻtdi va eng kichik masofa taxminan 352 kilometrni tashkil etdi. Shu bilan u “Galileo” zondi tomonidan oʻrnatilgan rekordni deyarli yangiladi. Yevropa bilan “uchrashuv” bir necha daqiqa davom etganiga qaramay, stansiya sunʼiy yoʻldosh yuzasining juda batafsil tasvirlarini va boshqa ilmiy maʼlumotlarni olishga muvaffaq boʻldi.
Sunʼiy yoʻldosh yaqinida amalga oshirilgan parvoz paytida stansiya yaqin-atrofdagi elektr va magnit maydonlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Waves uskunasi yordamida qoʻlga kiritdi. Ular olimlarga Yevropa tevaragidagi muhitda zaryadlangan zarralar bilan bogʻliq jarayonlarni tushunishga yordam beradi. Yoʻldosh Yupiter magnitosferasi ichida joylashgan va u bilan faol munosabatda boʻladi.
Olimlar 21 soniyalik audioyozuvni qurilma yordamida qayd etilgan nurlanish chastotalarini audio diapazonga oʻtkazish orqali shakllantirgan. Waves Yevropa yaqinidagi plazma toʻlqinlarini 50 dan 150 kilogersgacha boʻlgan chastota diapazonida qayd etgan. Hisob-kitoblar shuni koʻrsatadiki, yoʻldosh yaqinidagi plazma zichligi har bir kub santimetr uchun 60 dan 120 elektrongacha boʻlgan va “Yunona” unga eng yaqin vaqtda zichlik eng yuqori choʻqqiga — har bir kub santimetr uchun 300 elektrongacha koʻtarilgan. Ushbu maʼlumotlar 1996 va 2000-yillar oraligʻida “Galileo” zondi tomonidan olingan maʼlumotlar bilan bir xil.
Muallif: Aleksandr Voytyuk. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “«Юнона» записала «пение» плазменных волн вблизи спутника Юпитера Европы” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: “NASA / JPL-Caltech / SwRI / MSSS, Byorn Jonson