Fiziklar yangi Spritecular loyihasini ishga tushirdi. Uning doirasida har bir kishi Yer atmosferasida sodir boʻladigan spraytlar (mezosfera va termosferadagi elektr razryadlarining turi) va boshqa yuqori balandlikdagi razryadlarning havaskor kuzatuvlari maʼlumotlar bazasini yaratishga yordam berishi mumkin. Ishtirokchilardan faqat surat vaqti va joyini koʻrsatgan holda oʻzining rasmlari bilan boʻlishish talab qilinadi.
Spraytlar yuqori balandlikdagi atmosfera chaqnashlarining bir turi boʻlib, ular toʻq sariq-qizil rangdagi, qisqa muddatli chaqmoqlarga oʻxshab ketadi. Spraytlar momaqaldiroq yoki yomgʻir bulutlari ustida, 50 dan 130 kilometrgacha balandlikda paydo boʻladi hamda bulutdan yuqoriga qarab tarqaladi. Ular birinchi marta 1989-yilda kuzatilganiga qaramay, olimlarda haligacha spraytning qanday va qachon paydo boʻlishi boʻyicha koʻplab savollar mavjud.
Yuqori balandlikdagi atmosfera razryadlarining turlari. DTU Space, NASA
NASAʼning Grinbeltdagi Goddard kosmik parvozlar markazi xodimi Burku Kosar boshchiligidagi bir guruh fiziklar spraytlar va boshqa balandlikdagi chaqnashlar boʻyicha kuzatuvlarni toʻplashga yoʻnaltirilgan yangi Spritecular loyihasini ishga tushirdi.
Loyihada har kim ishtirok etishi mumkin. Ishtirokchi loyiha veb-saytida roʻyxatdan oʻtishi, maxsus treningda oʻqishi va chaqnash turi, vaqti va joyini koʻrsatgan holda rasmlarni joylashtirishni boshlashi mumkin. Yigʻilgan rasmlardan tadqiqotchilar boshqa olimlar uchun ushbu hodisalarni batafsilroq oʻrganishga imkon beradigan havaskor kuzatuvlarning keng maʼlumotlar bazasini shakllantiradi.
Agar sizda spraytlarni suratga olish imkoni boʻlmasa, kayfiyatingiz buzilmasin. Siz Churyumov-Gerasimenko kometasining yadrosida harakatlanuvchi tosh jinslarni, Yupiterdagi girdoblarni yoki Quyoshdagi chaqnashlarni qidirib topishingiz, yuqori balandlikdagi razryadlarning boshqa tur suratlaridan esa bizning galereyamiz orqali bahramand boʻlishingiz mumkin.
Muallif: Aleksandr Voytyuk. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Добровольцам предложили поделиться снимками атмосферных высотных разрядов” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: ESO