“Jeyms Uebb” infraqizil kosmik teleskopi Orion tumanligida joylashgan Orion 294-606ʼning protoplanetar diski tasvirini olishga muvaffaq boʻldi. U Neptun orbitasidan besh baravar kengroq. Uning diskidagi mavjud moddalardan esa sayyoralar tizimi hosil boʻlishi mumkin. Bu haqda observatoriya ilmiy ishchi guruhi xodimi Mark Makkorian Twitterʼda xabar berdi.
NASA, ESA, CSA, M. Makkohrin, Pirson
Buyuk Orion tumanligi yulduz va sayyoralarning shakllanishi bilan bogʻliq fizik jarayonlarni oʻrganish uchun noyob tadqiqot obyektidir. Tumanlik qurollanmagan koʻz bilan koʻrish mumkin boʻlgan, Yerga eng yaqin joylashgan yulduz hosil qiluvchi mintaqa hisoblanadi. U eng yosh yulduz jamlanmasidan birini oʻz ichiga oladi hamda unda turli ogʻirlikdagi jismlarni — yulduzlardan tortib yulduz osti obyektlarini topish mumkin. Bundan tashqari, tumanlikda gaz va changdan iborat disklar bilan oʻralgan koʻplab yosh yulduz jismlari hamda yulduzlarni kuzatsa boʻladi. Tumanlikni oʻrganishda Hubble fazoviy teleskopi muhim oʻrin tutdi. Teleskop ionlangan gazning yorqin hududlaridan nurlanishni yutishi tufayli koʻzga tashlangan, bir qator yulduzga yaqin joylashgan siluet aylana disklarini (yulduz orbitasidagi gaz, chang, sayyora yoki asteroidlarning halqa shaklidagi toʻplami) topishga muvaffaq boʻldi.
Orion 294-606 deb nomlangan olisdagi yakka siluet disklaridan biri “Jeyms Uebb” kosmik teleskopi kuzatuv nishoniga aylandi. U 2000-yilda Hubble teleskopi tomonidan kashf etilgan va Quyoshdan 1400 yorugʻlik yili masofada joylashgan. Disk NIRCam yaqin infraqizil diapazonli kamera va tor diapazonli vodorod filtri yordamida kuzatilgan.
Tizim yon tomondan koʻrinadi va taxminan 1 million yoshli yosh yulduzni oʻz ichiga oladi. Uning atrofida sayyoralar paydo boʻlishi mumkin boʻlgan zich gaz va chang disklari mavjud. Diskning diametri uch yuz astronomik birlikka teng boʻlib, u Neptun orbitasidan besh baravar kengroq hamda yulduzdan chiqadigan nurlanishning katta qismini oʻziga singdiradi. Biroq “Jeyms Uebb” ikkita kichik aks ettiruvchi tumanlikni hosil qilgan yulduzning qutb mintaqalaridan changsimon holda tarqalgan nurlanishni ham aniqladi.
Muallif: Aleksandr Voytyuk. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “«Джеймс Уэбб» разглядел одинокую зарождающуюся планетную систему” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: wikipedia.org