Bundan 1400 yil oldin roʻza musulmonlarga farz qilinganda odamlar uning shifo xususiyatlari haqida ilmiy maʼlumotlarga ega boʻlmagan. Hatto uni azob-uqubat va tanaga nisbatan haqoratdan oʻzga narsa emas deb hisoblaganlar ham uchrab turgan. Bugun turli ilmiy tadqiqotlar roʻza butun tanaga shifobaxsh taʼsir koʻrsatishini tasdiqlayapti. Shu bois ham ochlik bilan davolash boʻyicha juda koʻp kitoblar yozilyapti, bu usul tibbiyotda keng qoʻllanyapti. Hozir ochlik bilan davolash urf boʻldi. Hatto Gʻarb mamlakatlarida shu usulda xizmat koʻrsatuvchi maxsus shifoxonalar bor.
Odam vujudi shunday qurilgan: oziq-ovqat yetkazish toʻxtagan paytda butun kuch-quvvat organizmni zararli mikroblar, xasta toʻqimalar, oʻsma va xiltlardan tozalashga kirishadi.
Tadqiqotchi, tibbiyot fanlari doktori Robert Bartlou ilmiy izlanishlari, tajribalari bilan roʻza organizmni tozalashda juda katta kuchga ega ekani va hatto boshlangʻich bosqichdagi oʻsmalarni yoʻqota olishi mumkinligini isbotladi.
Ochlik bilan davolanayotganlarni kuzatgan olimlar ularning sogʻayib, turli kasalliklardan tamoman qutulib ketganlariga guvoh boʻlishdi. Tajribalar roʻza qonda xolesterin miqdorining kamayishiga, natijada yurakda qon laxtasi (tromb) tiqilishining oldi olinishiga sabab boʻlishini koʻrsatdi. AQShda olib borilgan tadqiqotlar esa roʻza qondagi qand moddasi va meʼda shirasi kislotasini hech qanday dori vositalarisiz meʼyorda saqlab turishini isbotladi.
Ochlik taʼsirlarini oʻrgangan germaniyalik olimlar kamida uch yoki toʻrt hafta mobaynida 10–15 soat hech narsa isteʼmol qilmay yengil ish bilan shugʻullanish sogʻlik uchun juda foydali degan xulosaga keldilar. Doktor Bill Shernber har yili bir oy roʻza tutish tetiklik va yoshlik asosi ekanini taʼkidlaydi.
Odessa universiteti olimlari oʻtkazgan tajribalar ochlik tanadan zaharlarni har qanday dori-darmondan koʻra yaxshiroq chiqarib tashlashini koʻrsatdi. Masalan, roʻza paytida ammiakning chiqarilishi 100 barobarga kuchayadi.
Yuqoridagi barcha fikrlar ochlik bilan davolash va uning tanaga foydalari haqida. Biroq, roʻzaning asab va ruh sogʻlomligiga taʼsiri ham katta. Bunda eng koʻzga koʻrinadigan foyda insonda iroda mustahkamligi va taqvoning shakllanishidir. Eng kuchli dushman — nafs ustidan gʻalaba qozongan kishi juda mustahkam irodaga ega boʻladi, uning ongi xohish-istaklarni oʻziga boʻysundiradi. Koʻp hollarda xohish-istaklari quli boʻlgan odam endi ularning xoʻjayiniga aylanadi.
Fiziologiya qonunlariga koʻra refleks shakllanishi uchun bir oy kifoya qiladi. Odamlar odatda fan tasdiqlagan, amalda isbotini topgan narsalarga koʻproq ishonadi. Biroq, roʻzaning hali fan aniqlolmagan foydalari boʻlishi shubhasiz. Bu foydalar asta-sekin oʻz isbotini topadi.
Maqola oriftolib.uz saytidan olindi. Original maqola → Roʻzaning tibbiy foydalari.
Muqova surat: pixabay.com