Qirilib ketgan ulkan marabu qushlari ucha olganmi?

Flores orolidan uchib keta olmaydigan deb taxmin qilingan, qirilib ketgan ulkan marabu faol parvoz qilishga qodir boʻlgan ekan. Bunday xulosa paleontologlarning soʻnggi oʻn ikki yil ichida topilgan ushbu qushlarga tegishli suyak qoldiqlarini tahlil qilganidan soʻng aniq bo‘ldi. Bundan tashqari, tadqiqotchilar Flores marabusi orol gigantizmi tufayli ajoyib hajmga ega boʻlgan degan fikrdan voz kechishi kerak boʻldi. Royal Society Open Science jurnalidagi maqolada qayd etilganidek, ular bu xususiyatni qitʼadagi ajdodlaridan meros qilib olgan. Ushbu farazga koʻra, Flores marabusi ulkan marabu rivojlanish ketma-ketligining soʻnggi vakillaridan biri boʻlgan.


Pleystotsen davrining oxirlarida Indoneziyaning Flores orolida noyob fauna shakllangan. Uning koʻplab vakillari dunyoning boshqa joylarida uchramagan. Bu yerda yashagan turlarning eng mashhuri, mitti odam — Homo floresiensis hisoblanadi. Uni koʻpincha xobbit deb atashgan. Orolning tashqi dunyodan uzilganlik sharoitida Homo erectus’ning ushbu avlodi boʻyi bir metrgacha qisqargan va miya hajmi shimpanzenikiga teng boʻlib qolgan.


Hobbitlar bilan yonma-yon trigonoseplar turkumidagi pakana xartumlilar oilasi vakili Stegodon florensis insularis kalxatlari, shuningdek, ulkan Papagomys armandvillei kalamushlari va Komodo kaltakesaklari (Varanus komodoensis) istiqomat qilgan. Kalamushlar va kaltakesaklardan tashqari bu turlarning barchasi, taxminan 50 ming yil oldin yoʻq boʻlib ketgan. Ular, ehtimol, oʻsha vaqtning oʻzida Floresga joylashgan “aqlli odam”ning (Homo sapiens) qurboni boʻlgan.


2010-yilda Leydendagi Naturalis muzeyi xodimi Hanneke Meyer boshchiligidagi paleontologlar jamoasi Floresning qazilma faunasiga yangi tur qoʻshdi. Liang Bua gʻorining choʻkindilarida tadqiqotchilar katta qushning qanoti va oyog‘ining toʻrtta suyagini topdi. Tahlillar suyaklar boʻyi 1,8 metr, vazni 16 kilogramm boʻlgan ulkan marabu laylagiga tegishli ekanini koʻrsatdi. Taqqoslash uchun, zamonaviy Afrika marabusi (Leptoptilos crumenifer) 1,5 metrgacha oʻsadi va toʻqqiz kilogrammgacha tosh bosadi.


Yoʻq boʻlib ketgan marabu L.robustus nomini oldi. U Janubi-sharqiy Osiyodagi kichikroq ajdodidan tarqagan deb taxmin qilinmoqda. Orol izolyatsiyasi sharoitida qush kattalashgan va tizza suyaklarining qalin devoriga qaraganda uchishni unutib qoʻygan. Bundan tashqari, tadqiqotchilar Flores marabusining mayda oʻljalarni ovlab, yer boʻylab ortidan quvadigan yirtqich boʻlganiga ishonadi.


Keyingi yillarda L.robustus’ning 60–120 ming yillik qoldiqlari Liang Buada bir necha marta topildi. Natijada ularga tegishli boʻlgan skelet elementlarining umumiy soni 43 taga yetdi. Meyer oʻz hammualliflari bilan birga yoʻq boʻlib ketgan marabuning tana tuzilishi va biologik xususiyatlari haqida koʻproq maʼlumot olish uchun ushbu topilmalarni batafsilroq oʻrganishga qaror qildi.


L.robustus’ning ucha olmasligi haqidagi dastlabki farazdan farqli oʻlaroq, 2010-yildan keyin kashf etilgan ushbu tur vakillarining qanoti va yuqori yelka suyaklari yaxshi rivojlangan boʻlib chiqdi. Ular uchadigan qushlar uchun meʼyordagi nisbatlarga va osteologik tuzilishga ega edi. Shunday qilib, Floresdagi ulkan marabu, ehtimol, faol parvozga qodir boʻlgan. Yangi maʼlumotlardan kelib chiqqan holda, mualliflar L.robustus quruqlikda yashovchi yirtqich hayvon emas, balki zamonaviy marabu kabi oʻlaksa goʻsht bilan oziqlangan deb taxmin qilmoqda. Ehtimol, u havo oqimi yordamida osmonga koʻtarilgan va oʻlaksalar yoki kaltakesaklar tomonidan oʻldirilgan stegodonlarning jasadini qidirgan.


Flores marabusi uchishi mumkinligi sababli uning ulkan oʻlchamini oroldagi gigantizm bilan izohlash maqsadga muvofiq emas. Marabu oʻz oʻlchamini qitʼadagi ajdodlardan meros qilib olgan boʻlishi ehtimoli yuqori. Meyer va hamkasblarining yangi gipotezasiga koʻra, bu tur kechki Pleystotsen davrigacha mavjud boʻlgan boshqa yirik marabu turlari bilan bogʻliq boʻlgan.


Xususan, L.robustus hajmi va tuzilishi boʻyicha Pliotsen va erta Pleystotsen davrida Afrika va Yevrosiyoda yashagan L.falconeri’ga juda oʻxshab ketadi. Flores marabusi hatto L.falconeri’ning bevosita avlodi boʻlishi ham mumkin. L.robustus’ning yana bir yaqin qarindoshi Yava orolining oʻrta va kech Pleystotsen davrida yashab, yoʻq boʻlib ketgan ulkan L.titan marabusi boʻlishi ham taxmin qilinmoqda.


Mualliflarning taʼkidlashicha, ulkan marabu savanna faunasi jamoasining bir qismi boʻlgan. Faunada xartumlilar, gominidlar va griflar uchragan. Bu guruhlarning barcha vakillari Janubi-sharqiy Osiyo orollariga Pleystotsen davrida, bu yerlarni quruq oʻtloqli landshaftlar qoplagan paytda kirib kelgan. Xuddi shu orollar oxirgi yirik marabu uchun ham boshpana vazifasini bajargan. Floresdagi L.robustus va Yavadagi L.titan oʻrta Pleystotsen davrida allaqachon yoʻq boʻlib ketgan qitʼadagi qarindoshlaridan uzoqroq yashashga muvaffaq boʻlgan. Biroq oroldagi marabu ham Pleystotsen davri oxirida Homo sapiens yoki iqlim oʻzgarishlari qurboniga aylangan.


Ornitologlarning aniqlashicha, agar odamlar boʻlmaganida, yerda ucholmaydigan qushlarning kamida 226 turi mavjud boʻlardi. Bu son hozirgidan deyarli toʻrt baravar koʻp. Ular Pleystotsenning soʻnggi davridan beri yoʻqolib ketgan 581 turdagi qushlar haqidagi maʼlumotlarni tahlil qilib, shunday xulosaga keldi. Garchi inson faoliyati qushlarning umumiy xilma-xilligini atigi besh foizga kamaytirgan boʻlsa-da, yoʻqolib ketgan turlarning katta qismini uchishni unutganlar tashkil qilardi.


Muallif: Sergey Kolenov. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Палеонтологи разрешили вымершим гигантским марабу с острова Флорес летать” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: Ulkan marabular (Leptoptilos robustus) yosh Komodo kaltakesagini (Varanus komodoensis) Stegodon (Stegodon florensis insularis) goʻshtidan haydab yuborishga harakat qilmoqda. Rasmda, shuningdek, Trigonoceps turiga mansub kalxatlarni koʻrish mumkin. Kaltakesakdan tashqari bu turlarning barchasi Flores orolida “aqlli odam” (Homo sapiens) paydo boʻlganidan koʻp oʻtmay yoʻq boʻlib ketdi. Hanneke J.M. Meyer va boshqalar / Royal Society Open Science jurnali, 2022-yil