“Jeyms Uebb” infraqizil kosmik teleskopi juda yosh IRAS 15398−3359 protoyulduzining yadrosidagi muz zarralari tarkibida bir qator organik molekulalarni, jumladan, murakkab molekulalarni aniqladi. Bundan tashqari, teleskop toʻrt qobiqdan iborat boʻlgan protoyulduzdan chiqadigan materiyalardan birining tuzilishini oʻrganib chiqdi. Tadqiqotning dastlabki nashri arXiv.org veb-saytida eʼlon qilingan.
“Jeyms Uebb”ning MIRI (F560W, F770W va F1000W filtrlari bilan) va “Spitser” teleskopining IRAC kamerasi yordamida olingan IRAS 15398−3359 rasmlari. Klaus Pontoppidan va boshqalar / arXiv.org, 2022-yil
Yosh protoyulduzlardagi murakkab organik molekulalarning tabiati astrokimyo va yulduzlarning paydo boʻlish mexanizmlarini tavsiflovchi nazariyalarda muhim savollardan biri boʻlib qolmoqda. Olti yoki undan ortiq atomdan tashkil topgan bu molekulalar prebiotik molekulalarning ajdodlari boʻlishi mumkin. Ilgari ular katta va kichik ogʻirlikdagi protoyulduzlarning yadrolarida gaz fazasida topilgan. Bundan tashqari, molekulalar Quyosh tizimining kichik jismlarida, masalan, kometalarda ham topilgan va baʼzi hollarda murakkab organik molekulalarning tarkibi protoyulduzlarning yadrolaridagi tarkibiga toʻgʻri keladi. Ushbu birikmalar protoyulduzlar ichidagi muzli chang donalarining sirt qatlamida hosil boʻlgan deb ishoniladi. Shunday qilib, protoyulduzlar ichidagi kimyoviy tarkib va jarayonlarni oʻrganish yosh yulduzlar atrofida hosil boʻlgan va tarkibida sayyoralar vujudga keladigan protosayyoraviy disklarning kimyoviy tarkibini tavsiflash imkonini beradi.
Merilenddagi Kosmik teleskopi ilmiy instituti xodimi Klaus Pontoppidan boshchiligidagi astronomlar guruhi “Jeyms Uebb” kosmik observatoriyaning CORINOS dasturi doirasidagi birinchi spektroskopik kuzatuvlari natijalarini taqdim etdi. Ularning maqsadi, Yerdan 505,5 yorugʻlik yili uzoqlikda joylashgan Lupus 1 molekulyar bulutida joylashgan IRAS 15398−3359 sinfidagi juda yosh protoyulduzni tadqiq qilish edi. Yulduz boʻyicha oldingi kuzatuvlar protosayyoraviy disk mavjudligini aniqladi. 0-sinfga doir yulduz juda sovuq (bolometrik harorati taxminan 43,2 Kelvinga teng) hamda gaz va chang buluti bilan oʻralganligini anglatadi. Kuzatishlar 2022-yil 20-iyulda MIRI – oʻrta infraqizil diapazonda ishlovchi uskuna yordamida amalga oshirildi.
Tadqiqotchilar tomonidan issiq suv bugʻi va gazsimon uglerod oksidi emissiyasi qayd etildi. Bu esa yulduz atrofida disk mavjudligini koʻrsatadi. Ular suv, metan, ammiak, karbonat angidrid, CH3OH, H2CO va HCOOH boʻlgan bir necha turdagi muz zarralarini muvaffaqiyatli aniqladi. Bundan tashqari, spektrlar zarrachalarda NH+4 , HCOO-, C2H5OH, CH3CHO va HCOOCH3 mavjud boʻlishi mumkinligini koʻrsatadi va olingan tasvirlar toʻrtta qobiqdan iborat bipolyar tuzilmani, bu esa protoyulduz moddiyatidan chiqadigan moddalardan biri ekanini koʻrsatadi. Olimlarning qayd etishicha, natijalar protosayyoraviy disklar tarkibi va protoyulduzlar yadrosini oʻrganishda MIRI uskunasining ulkan imkoniyatini namoyon etadi.
Muallif: Aleksandr Voytyuk. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “«Джеймс Уэбб» отыскал органические молекулы в ледяных частицах вокруг очень молодой протозвезды” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: wikipedia.org