Hodisalar gorizonti teleskopi olis blazar jeti egriligini qayd etdi

Hodisalar gorizonti teleskopi (EHT) nuri Yerga 3,5 milliard yil davomida yetib kelgan J1924—2914 nisbiy blazar (yuqori yorqinlikdagi galaktikadan tashqaridagi fazoviy jismlar sinfi) ichki qismining eng batafsil tasvirini olishga muvaffaq boʻldi. Maʼlum boʻlishicha, u yadrodan uzoqlashganda, nur oqimi egila boshlaydi va toroidal (teshikkulcha shaklidagi oqimlar harakati) magnit maydonlar yadroning oʻzida harakat qilishi mumkin boʻladi. Kuzatishlar natijasi nur oqimlarining tabiatini yaxshiroq tushunish imkonini beradi. Maqola The Astrophysical Journal nashrida chop etilgan.


Loyiha ustida EHT (Event Horizon Telescope) besh yil davomida ishlamoqda va u 1,3 millimetr toʻlqin uzunligida faoliyat olib boradigan juda uzoq asosiy radiointerferometrni oʻz ichiga oladi. Tadqiqot turli qitʼalarda joylashgan va atom soatlari yordamida bir-biri bilan sinxronlashtirilgan sakkizta observatoriya teleskopidan iborat boʻlib, olingan katta hajmdagi maʼlumotlarni qayta ishlashda superkompyuterlar ishtirok etadi. Bu teleskopning asosiy vazifasi oʻta ulkan qora tuynuklar va ular tomonidan yaratilgan nisbiy plazma oqimlarini oʻrganish va tahlillar uchun zarur boʻlgan rekord darajadagi burchak oʻlchamlariga erishish imkonini beradi. Loyiha tufayli olimlar M87 galaktikasi markazidagi juda katta qora tuynuk soyasi tasvirini oldi, uning tebranishlarini qayd etdi va tuynuk yaqinidagi magnit maydon hajmini oʻlchadi, shuningdek, Somon yoʻli markazidagi supermassiv qora tuynuk — Oʻqotar A soyasini koʻrishga muvaffaq boʻldi.


Garvard-Smitson astrofizika markazi xodimi Sara Issaun boshchiligidagi astronomlar guruhi J1924—2914 blazar oqimining EHT teleskopi kuzatuvlari natijasini eʼlon qildi. Bu radiodiapazondagi yorqin kvazar (uzoqdagi faol galaktikaning yadrosi) va optik diapazonda juda oʻzgaruvchan chaqnashdan iborat boʻlib, uning oqimi Yerdagi kuzatuvchi tomon yoʻnaltirilgan. Blazar uchun qizil nishablik qiymati z=0,353 ni tashkil qiladi va Oʻqotar A kuzatuvlaridan oldin EHT uchun asosiy kalibrlash maqsadi sifatida tanlangan. Ushbu maqolada olimlar EHT teleskopining J1924—2914 (2017-yil 5—11-aprel), Global Millimeter VLBI Array interferometrlari (2017-yil 3-aprel) va juda uzoq asosiy kuzatuv maʼlumotlari (2017-yil 28-aprel) tahlilini taqdim etdi.


EHT va ikki xil maʼlumotlarni qayta ishlash usullari bilan olingan J1924–2914 nur oqimi tasvirlari. Sara Issaun va boshqalar / The Astrophysical Journal, 2022-yil
J1924–2914 blazar reaktivining polarimetrik tasvirlari. Sara Issaun va boshqalar / The Astrophysical Journal, 2022-yil

EHT tufayli J1924—2914 nur oqimi tasvirlarini olishda 20 mikrosekundlik yoy rekord darajadagi yuqori burchak oʻlchamlariga erishish mumkin boʻldi (chiziqli shkala boʻyicha bu taxminan 0,1 parsekni beradi) va chaqnashning tuzilishini subparsekdan 100 parsekkacha boʻlgan miqyosda kuzatishga erishildi. Yadroga qoʻshimcha ravishda shimoli-gʻarbiy yoʻnalishda yana ikkita yorqin tarkibiy qism koʻrinib turdi. Shu bilan birga, nurning qayrilishi va uning markazdan masofa ortib borishi bilan soat harakatiga qarshi ravishda aylanishi ham kuzatildi. Buni qora tuynukda materiyaning toʻplanish xususiyatlari bilan bogʻliq boʻlgan aylanma tuzilish, ikkinchi qora tuynukning mavjudligi yoki jamlanma diskning oldinga harakati, shuningdek, zich bulut bilan nurning toʻqnashuvi yoki undagi beqarorliklar bilan izohlash mumkin. Olimlar, shuningdek, chaqnash asosi joylashgan yadro hududida toroidal magnit maydonlar mavjudligini ilgari surmoqda.


Muallif: Aleksandr Voytyuk. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Телескоп горизонта событий увидел изгиб джета далекого блазара” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: turli interferometrlar bilan olingan J1924–2914 blazarining rasmlari / VLBA, GMVA, EHT