Xurrak tovushini eshitmagan inson boʻlmasa kerak. Undan bezovta boʻlmagan insonni ham uchratish qiyin. Ammo xurrak otgani sabab xijolat boʻlgan odamlar ham yoʻq emas. Aslida xurrak otish kasallikmi? Agar savolning javobi “ha” boʻlsa, u qanchalik xavfli? Nima sababdan insonlar xurrak otadi? Bu noxushlik yoki xastalikni davolash choralari bormi? Maqolada aynan mana shu savollarga javob izlaymiz.
Statistika nima deydi?
Tadqiqotlarga koʻra, xurrakning tarqalishi erkaklarda 24, ayollarda 14 foizgacha va umumiy koʻrsatkich esa taxminan 17 foizni tashkil qilmoqda. Har kechada, faqat kamroq, doimiy boʻlmagan xurrak otuvchilar koʻrsatkichi esa umumiy aholi sonida 60 foizgacha boʻlgan miqdorni tashkil etadi. Epizodik xurrak esa uyqudan oldin alkogol, uyqu tabletkalari, bezovtalikka qarshi dorilarni qabul qilish orqali paydo boʻlishi mumkin. Yana boshqa bir qiziq statistikaga koʻra, xurrak otgan odam hamrohining uyqu vaqtidan deyarli bir soatni oʻgʻirlar ekan.
Raqamlardan kelib chiqib xulosa qiladigan boʻlsak, erkaklarda xurrak otish koʻrsatkichi ayollarga qaraganda birmuncha yuqori. Umumiy sonlar dunyo aholisining yarmidan koʻpi doimiy boʻlmasa-da, xurrak otib turishini koʻrsatmoqda. Qolaversa, xurrak yuqumli boʻlmasa ham atrofdagilarga boshqa koʻrinishlarda salbiy taʼsir etadi.
Somnologiya va xurrak
Wikipedia bizga taqdim etgan maʼlumotlarga qaraganda, somnologiya uyquni ilmiy oʻrganuvchi fan hisoblanadi. U uyqu buzilishi va uyqudagi tartibsizliklarni klinik oʻrganish va davolashni oʻz ichiga oladi. Demak, somnolog aynan shu fan bilan shugʻullanuvchi olim, uyqu va unda kechuvchi jarayonlar, uyqu buzilishi, uyqusizlik, qolaversa, xurrak mavzusi ham uning tadqiqot obyekti hisoblanadi. Uyqu dori-darmonlari ham somnologiyaning bir qismidir.
Demak, “Insonlar nega xurrak otadi?” degan savolga javob qidirgan somnolog-olim Mixail Poluektov taʼrifiga tayansak ayni muddao. Unga koʻra, xurrak bu — yuqori nafas yo‘llarida paydo bo‘ladigan tovush. Bu tovushning manbai tilcha — yumshoq tanglay oxirida, til ildiziga osilib turuvchi rudiment hosila tebranishi. Yumshoq tanglay ovqat yutilganda uning yuqoriga ko‘tarilmasdan qizilo‘ngachga o‘tishini ta’minlaydi, yaʼni burun bo‘shlig‘ining kirish qismini ichkaridan to‘sib turadi. Yumshoq tanglayning oxiri — tilcha uzun bo‘lishi mumkin, xurrak tovushi tilchaning havo oqimida xuddi bayroq kabi tebranishi tufayli paydo bo‘ladi. Og‘izning boshqa qismlari ham xurrak paydo bo‘lishida ishtirok etadi. Xullas, havo tanglay yoylaridan yuqori tezlikda o‘tishi sabab ular jaranglaydi.
Mana xurrak oʻzi nima degan savolga ilmiy javobni ham bilib oldik. Xoʻsh xurrak otish qandaydir kasallik belgisimi yoki uning oʻzi alohida xastalikmi?
Xurrak otish kasallikmi?
Maʼlumotlarga qaraganda, xurrak otish xastalik emas, ammo… Koʻrib chiqilishi kerak boʻlgan tibbiy holat bu — odam har kecha baland ovozda xurrak otishi. Bundan tashqari, agar odam uyqu vaqtida nafas olishda pauzalarni boshdan kechirsa, uxlay olmasdan uygʻonsa yoki kun davomida uyqu kelishidan shikoyat qilsa, u imkon qadar tezroq mutaxassis shifokorga murojaat qilishi kerak.
Ha, har narsada meʼyor bor deb bekorga aytishmaydi, axir. Tinimsiz davom etayotgan noxushlik chindan ham kattaroq muammolarning darakchisi boʻlishi mumkin. Qolaversa, juda koʻp manbalarda taʼkidlanishicha, xurrak otish uyqu paytida nafas olish toʻxtashining alomati boʻlishi ham mumkin. Nafas olish toʻxtashi nimaga olib kelishini esa hamma biladi… Albatta, hech kimni qoʻrqitmoqchi emasmiz. Ammo har qanday yomon oqibatning oldini olish har tomonlama munosib usul hisoblanadi.
Xurrak nimasi bilan xavfli?
Kun.uz saytida eʼlon qilingan “Notinch tun. Xurrakning qanday xavfli tomoni bor va uni qay tariqa davolash mumkin?” nomli suhbatda tungi xurrak xavflimi va u bilan qanday kurashish kerakligi to‘g‘risida yuqori kategoriyali shifokor-somnolog Klara Zeynullovna Iskakova so‘zlab bergan.
Maqolada xurrakning bir qancha xavflari haqida soʻz boradi. Masalan, xurrak nafas olish buzilishiga olib kelishi, organizmga yetarli miqdorda kislorod kelib tushmasligi tufayli kislorod yetishmovchiligi yuzaga kelishi, shu sabab inson to‘yib uxlay olmay, bosh og‘rig‘i hamda baland qon bosimi bilan uyg‘onishi, qolaversa, diqqatni jamlash va xotira susayishiga sabab boʻlishi aytiladi. Bu yurak ishemiyasi, miokard infarkti, aritmiya va insultga olib kelishi mumkinligi taʼkidlanadi. Ammo bu hali hammasi emas. Uning eng katta xavfi borasidagi fikr quyidagicha jaranglaydi: “Xurrakning eng asosiy xavfi – nafas olishning to‘xtab qolishi, ilmiy nomi “apnoe”. Agar bu holat 10 soniyadan ortiq bo‘lsa, bir soat ichida 5–10 marta ro‘y bersa, demak organizm kislorod yetishmovchiligidan aziyat chekmoqda. Bu birinchi navbatda yurak va miyaga taalluqli. Shunday odamlar borki, 2 daqiqagacha nafas olmay qo‘yishadi. Shu vaqt ichida kutilmagan o‘limga olib keluvchi patalogiya yoki buzilish sodir bo‘lishi mumkin”.
Shunday ekan, muntazam xurrak otadigan insonlar mutaxassis koʻrigidan oʻtishlari eng toʻgʻri qaror boʻladi.
Xurrak va uning oqibatlarini oldini olish mumkinmi?
Yuqorida manba sifatida keltirilgan suhbatda xurrakning davosi, hatto uyqu laboratoriyasi ham borligi aytiladi. Qolaversa, xurrakdan qutulish uchun mashqlar ham ilova qilinadi.
Daryo.uz sayti keltirgan “Xurrak otishning sababi nima va undan qanday qutulish mumkin?” nomli maqolada xurrakdan qutulish yoʻllari sifatida quyidagilar keltiriladi: “…xurrakdan muntazam ravishda maxsus gimnastika yordamida mushaklarning tonusini oshirish orqali qutulish mumkin. Halqum mushaklarini kuchaytirish uchun qo‘shimcha vositalar mavjud. Bundan tashqari, chekish va spirtli ichimliklar xurrakning asosiy sababchilari hisoblanadi. Chekish nafas yo‘llarining surunkali yallig‘lanishiga olib keladi, natijada shilliq qavat shishi paydo boʻladi. Somnologlar bu yomon odatdan butunlay voz kechishni tavsiya qiladi. Butunlay voz kechishning imkoni bo‘lmasa, yotishdan kamida ikki soat oldin chekmaslikka harakat qilish lozim. Spirtli ichimliklar mushaklarning bo‘shashishiga olib keladi, bu esa halqum to‘qimalarining tebranishini oshirib, xurrak otishni kuchaytiradi.
Demak, yechimi yoʻq muammoning oʻzi yoʻq. Faqat manzilga yetish uchun bizdan biroz qunt, sabr, harakat talab qilinadi, xolos. Spirtli ichimliklar, chekish kabilarni unuting. Xurrak otadigan hamrohlari bor insonlarga ham kichik tavsiyamiz bor – yaqingizni xurrak otgani uchun xijolat qilish oʻrniga Sinapsʼdagi ushbu maqolani oʻqishni tavsiya qiling. Shunda oʻzingiz uchun ham, hamrohingiz uchun foydali yoʻlni tanlagan boʻlasiz.
Maqoladagi surat lormoskva.ru saytidan olindi.
Manbalar:
→ probolezny.ru/hrap
→ uz.wikipedia.org/wiki/Somnologiya
→ postnauka.ru/faq/72160
→ meltemhastanesi.com/haber/horlama-hastalik-midir_50.html
→ kun.uz/132408
→ daryo.uz/k/2022/02/03/xurrak-otishning-sababi-nima-va-undan-qanday-qutulish-mumkin