R136 klasteri markaziy hududining tasviri. Tasvirning markazida R136a1 yulduzi koʻrinib turibdi, R136a2 undan biroz yuqorida va chaproqda, R136a3 esa pastroqda va oʻngda joylashgan.
Astronomlar Yerda joylashgan “Janubiy Jemini” teleskopi yordamida koinotdagi eng ogʻir R136a1 yulduzi joylashgan R136 klasterining markaziy hududini batafsil tasvirga olishga erishdi. Kuzatuv maʼlumotlari klasterdagi eng ulkan yulduzlarning ogʻirligini aniqlashtirishga imkon berdi. Oʻlchamlar 150–200 ta Quyosh ogʻirligiga teng boʻlgan avvalgi hisob-kitoblarga qaraganda ancha kichikroq boʻlib chiqdi. Tadqiqot dastlab arXiv.org saytida nashr etildi.
Juda ulkan (ogʻirligi Quyoshning yuzdan ortiq massasiga teng boʻlgan yulduzlar) yulduzlarning paydo boʻlish mexanizmlari zamonaviy astrofizikaning hal qilinmagan muammolaridan biri boʻlib qolmoqda. Nazariy modellarni sinab koʻrish uchun olimlar yakka yulduzlar yoki ikkilik tizimlardagi katta ogʻirlik oʻlchamlari boʻyicha kuzatuv chegaralariga muhtoj. Ammo eng ogʻir samoviy yoritkichlar yosh va ulkan yulduz klasterlarining zich yadrolarida joylashgan va qisqa “umr”ga ega boʻlib, ularni alohida ajratib olish qiyin. Bu esa kuzatuvlarni ham qiyinlashtiradi.
R136a1 yulduzi hozirgi kunga qadar fanga maʼlum boʻlgan eng ogʻir yulduz hisoblanadi va Somon yoʻlining yoʻldosh galaktikasi — Katta Magellan bulutida joylashgan Tarantula yulduz hosil qiluvchi mintaqasining markaziy qismidagi R136 klasterida makon topgan. Fazoviy yoritkich Volf-Raye yulduzlari turkumiga tegishli boʻlib, yulduz Yerdagi va samoviy teleskoplar yordamida optik hamda infraqizil diapazonlarda kuzatilgan. Biroq kuzatuv natijalari yulduzning boshlangʻich ogʻirligini turlicha baholagan. Oʻlchamlar 250 dan 320 tagacha Quyosh ogʻirligiga teng kelgan. Aniqroq hisob-kitob qilish uchun olimlar yuqori burchak oʻlchamlari vositasida kuzatuv maʼlumotlariga muhtoj edi.
NOIRLab markazi va Chili universiteti xodimi Venu Kalari boshchiligidagi astronomlar jamoasi R136 klasteridagi R136a markaziy qismini tashqi optik diapazonda mumkin boʻlgan eng yuqori burchak oʻlchamlari 30–40 yoy millisekundni tashkil etadigan kuzatuv maʼlumotlarini tahlil qilish natijalarini eʼlon qildi. Kuzatuvlar 2021-yil oktabr oyida Yerdagi 8,1 metrli “Janubiy Jemini” teleskopiga oʻrnatilgan Zorro qabul qiluvchisi vositasida va olingan maʼlumotlarga atmosfera turbulentligining taʼsirining sezilarli darajada kamaytirishi mumkin boʻlgan spekl tasvirlash usuli yordamida olib borildi.
Zorro yordamida olingan R136 markazi tasvirini Hubble kosmik teleskopi tasviri bilan taqqoslash. Xalqaro “Jemini” observatoriyasi, NOIRLab, NSF, AURA, T.A. Rektor M. Zamani, D. de Martin
Tadqiqotchilar klasterning markaziy hududida 16 yulduz oʻlchamidan yorqinroq boʻlgan barcha maʼlum yulduzlarni aniqlashga, shuningdek, R136a1 va R136a3ʼlarning faraziy yoʻldoshlari boʻlgan hamda yulduzlardan taxminan 2–3 ming astronomik birlik uzoqlikda joylashgan yulduzlarni aniqlashga muvaffaq boʻldi. Maʼlum boʻlishicha, R136a2 yulduzining ogʻirligi 151 ta Quyosh ogʻirligiga, R136a3ʼniki 155 ta Quyosh ogʻirligi va R136a1 yulduzining ogʻirligi esa 196 ta Quyosh ogʻirligiga teng ekan.
Bu qiymatlar oldingi hisob-kitoblardan sezilarli darajada kichikroq, ammo R136a1 yulduzi rekord darajadagi ulkan yulduzligicha qolmoqda. Olimlar yulduzlarning boshlangʻich ogʻirligi uchun empirik yuqori chegara 150–200 ta Quyosh ogʻirligi boʻlishi kerak, degan xulosaga keldi va bu raqam avval taxmin qilinganidan kamroq. Biroq tadqiqotchilar ushbu xulosaga ehtiyotkorlik bilan yondashish kerakligini aytmoqda. Aniqroq hisob-kitoblar ulkan yulduzlar ustida olib boriladigan kelajakdagi kuzatuvlar, shu jumladan, “Jeyms Uebb” fazoviy observatoriyasi maʼlumotlari yordamida taqdim qilinadi.
Muallif: Aleksandr Voytyuk. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Телескоп «Джемини» уменьшил массу самой тяжелой известной звезды” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: R136 klasteri markaziy hududining tasviri. Tasvirning markazida R136a1 yulduzi koʻrinib turibdi, R136a2 undan biroz yuqorida va chaproqda, R136a3 esa pastroqda va oʻngda joylashgan. Xalqaro “Jemini” observatoriyasi, NOIRLab, NSF, AURA, T.A. Rektor M. Zamani, D. de Martin