CHEOPS teleskopi Subneptunda ikkita ekzosayyora topilganini tasdiqladi

Astronomlar yer ustida joylashgan va CHEOPS kosmik teleskopi yordamida Quyoshga yaqin boʻlgan “Toʻq sariq pakana” yulduzi atrofida ikkita ekzosayyora topilganligini tasdiqladi. Sayyoralardan biri “Super Yer” boʻlib, yaxshi oʻrganilmagan Subneptunlar vodiysi hududiga kiradi, ikkinchisi esa Subneptunlar qatorida joylashgan. Tadqiqotning dastlabki nashri arXiv.org veb-saytida eʼlon qilingan.


Ekzosayyora radius massalari diagrammasida TOI-836b (toʻq sariq), TOI836c (koʻk) va boshqa ekzosayyoralarning (kulrang) joylashuvi. F. Hotorn va boshqalar / arXiv.org, 2022-yil

1995-yilda quyoshga oʻxshash yulduzlar atrofida birinchi ekzosayyora topilganidan beri olimlar besh mingdan ortiq ekzosayyoralar mavjudligini aniqladi va tasdiqladi. Agar topilgan jismlarning xususiyatlariga nazar tashlaydigan boʻlsangiz, siz bir nechta qiziqarli, ammo haligacha yaxshi izohlab berilmagan holatlarga guvoh boʻlasiz. Shunday holatlardan biri, Subneptun vodiysi (yoki Fulton boʻshligʻi) hisoblanadi. Bu hudud qisqa orbital davrli (yuz kundan kam) va taxminan 1,5–2 Yer radiusiga teng oʻlcham bilan tavsiflanadigan ekzosayyoralarning yetishmasligini anglatadi. Bu hudud toshli “Super yerlar”ni uchuvchi moddalarga boy kichik Neptunlardan ajratib turadi. Subneptun vodiysining kelib chiqishini tushuntiruvchi bir nechta nazariyalar mavjud, ammo ularni tasdiqlash yoki takomillashtirish uchun vodiyga tegishli sayyoralar boʻyicha koʻp miqdordagi ishonchli kuzatuv maʼlumotlari kerak. Ayniqsa, bir nechta sayyoralar mavjud boʻlgan yulduz tizimlari uchun bu narsa juda muhim.


Uoriks universitetidan Feyt Xotorn boshchiligidagi astronomlar guruhi Quyoshdan 90 yorugʻlik yili uzoqlikda joylashgan “Toʻq sariq pakana” TOI-836 atrofida ikkita ekzosayyora topilganini eʼlon qildi. Fazoviy jismlar dastlab TESS kosmik teleskopi yordamida tranzit usuli bilan topilgan. CHEOPS kosmik teleskopidan olingan sayyoralar tranziti hodisalarini kuzatish ma’lumotlari kashfiyotni tasdiqlashga yordam berdi, shuningdek, LCOGT, WASP-South va NGTS kabi bir nechta yer ustida joylashgan teleskoplar, HARPS, PFS va HIRES spektrograflari yordamida radial tezlik usulidan foydalanilgan.


TOI-836 yulduzining oʻgʻirligi 0,678 Quyosh ogʻirligiga, radiusi 0,665 Quyosh radiusiga, yoshi esa 5,4 milliard yilga teng. Unga eng yaqin TOI-836b radiusi 1,7 Yer radiusiga, ogʻirligi 4,5 Yer ogʻirligiga va orbital davri 3,82 Yer kuniga teng. U “Super Yerlar” qatoriga kirib, toʻgʻridan toʻgʻri Fulton boʻshligʻida joylashgan. Modellashtirish maʼlumotlarini kuzatuv maʼlumotlari bilan taqqoslash shuni koʻrsatadiki, uning tarkibidagi gazlar (H / He) ulushi kichikdir.


TOI-836c holatida esa sayyoraning ogʻirligi 9,6 Yer ogʻirligiga, radiusi 2,59 Yer radiusiga, orbital davri esa 8,6 Yer kuniga teng deb hisoblangan. U tarkibida koʻp miqdorda gaz yoki suyuq suv boʻlgan Sepneptun sifatida tasniflangan hamda Fulton boʻshligʻi yaqinida joylashgan. Olimlarning taʼkidlashicha, ekzosayyoralar “Jeyms Uebb” infraqizil kosmik observatoriyasi NIRSPEC uskunasidan foydalangan holda topilgan va ularning gaz qobigʻi spektroskopik oʻrganish uchun juda qiziqarli manbadir.


Muallif: Aleksandr Voytyuk. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Телескоп CHEOPS подтвердил открытие двух экзопланет у «долины субнептунов»” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: CHEOPS teleskopi / wikipedia.org