Bu ekzosayyoralar qobigʻida hozirgacha topilgan eng ogʻir element hisoblanadi.
Astronomlar birinchi marta ikkita oʻta qaynoq Yupiterlar (ogʻirligi Yupiter sayyorasiga teng boʻlgan ekzosayyoralar sinfi) atmosferasida bariy moddasi borligini aniqladi. Bu ekzosayyoralarning gazsimon qobiqlarida topilgan eng ogʻir kimyoviy element hisoblanadi. Kashfiyot kutilmaganda yuz berdi va bu qaynoq gaz gigantlarining avval tasavvur qilinganidan ancha murakkab atmosfera xususiyatiga ega ekanini anglatishi mumkin. Maqola dastlab Astronomy&Astrophysics jurnalida chop etilgan.
Juda qaynoq Yupiterlar oʻz yulduzlariga juda yaqin orbitalarda joylashgan yirik gaz gigantlaridir, shuning uchun ularning atmosferasi yuqori haroratgacha qiziydi. Hozirgi vaqtda ular transmissiya spektroskopiyasi usulidan foydalangan holda ekzosayyoralar atmosferasini oʻrganish uchun eng qulay fazoviy jismlar hisoblanadi. Ushbu usul tranzit hodisasi vaqtida ekzosayyora atmosferasidan oʻtadigan “ota-ona yulduz”dan chiquvchi nurlanishni aniqlashdan iborat. Shu bilan birga, yulduz tarqatadigan nurlanishning bir qismi ekzosayyora atmosferasidagi turli xil kimyoviy elementlar tomonidan soʻriladi. Bu esa sayyora atmosferasining taxminiy tuzilishi va tarkibini baholash hamda atmosfera modellarini sinovdan oʻtkazish imkonini beradi.
Porto universiteti xodimi Tomash Azevedo Silva boshchiligidagi astronomlar guruhi ikkita oʻta qaynoq Yupiterlar boʻlmish WASP-76b va WASP-121b atmosferalarida bariy ilk bora Ba+ koʻrinishida aniqlangani haqida xabar berdi. Olimlar VLT teleskoplarining Yerda joylashgan tarmogʻiga oʻrnatilgan ESPRESSO uskunasi yordamida ekzosayyora oʻtish jarayoni boʻyicha kuzatuv maʼlumotlarini tahlil qildi.
WASP-76b va WASP-121b ekzosayyoralarining orbital davrlari ikki kundan kamroq va muvozanat harorati 2,5 ming kelvinga yaqin boʻlib, bu ulardagi gaz qobiqning shishishiga olib keladi.
WASP-76b holatida kuzatuv maʼlumotlari ekzosayyora atmosferasida H, Li, Na, Mg, Ca+, V, Cr, Mn va Fe mavjudligini tasdiqladi, lekin Co, Ni va Sr+ borligini inkor etdi. Juda qaynoq Yupiter WASP-121b holatida esa atmosferada H, Li, Na, Mg, Ca+, V, Cr, Mn, Fe va Fe+ mavjudligi tasdiqlandi va unda Co hamda Sr+, ehtimol Ti+ ham kashf etildi. Olimlar, shuningdek, sayyoraning kun tomonidan tun tomoniga kuchli shamollar esib turishi haqidagi fikrni ham ilgari surmoqda.
Ba+ ga kelsak, u ikkala ekzosayyoraning atmosferasida ham topilgan. Bu ajablanarli holat, chunki nazariy jihatdan ogʻir elementlar sayyora atmosferasining chuqur qatlamlariga tushib qolishi kerak. Tadqiqotchilarning taʼkidlashicha, bu murakkab atmosfera dinamikasi bilan bogʻliq hodisa boʻlishi mumkin va bariy oʻta qaynoq Yupiterlar atmosferasida ilgari taxmin qilinganidan koʻra koʻproq mavjudligi ehtimoli yoʻq emas.
Muallif: Aleksandr Voytyuk. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Астрономы впервые отыскали барий в атмосфере экзопланеты. Это самый тяжелый найденный на сегодня элемент в оболочках экзопланет” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: M. Kornmesser / ESO