Adabiy janrlar
Adabiy janrlar
Adabiyot o‘z ichiga uch adabiy tur-epos, drama va lirikani olishini siz, aziz o‘quvchilar, yaxshi bilasiz. Bu adabiy turlar ham, o‘z navbatida, turli shoxobchalarga ajraladi. Ana shu bir adabiy tur doirasidagi asarlar guruhi janr deb ataladi. Binobarin, epos turi doirasida roman, qissa, hikoya; drama turi doirasida drama, tragediya, komediya; lirika turi doirasida esa she’r, ballada, qasida, lirik doston, shuningdek, g‘azal, tuyuq, ruboiy, muxammas va hokazo janrlari mavjud. Epos va lirika turlarining tutashgan nuqtasida esa doston janri rivojlanib bormoqda.
Bir qancha adabiy janrlar borki, ular o‘z ildizlari bilan xalq og‘zaki ijodiga borib taqaladi. Yana bir qator janrlar yozma adabiyot namoyandalarining ijodiy tajribalari natijasida maydonga kelgan va bu namoyandalarning izdoshlari tufayli yana ham shakllanib bormoqda.
Umuman, jahon xalqlari o‘rtasidagi adabiy aloqalarning kuchayishi va o‘zaro adabiy ta’sir natijasida qator yangi janrlar paydo bo‘lgan va bundan keyin ham paydo bo‘lib turadi.
Ma’lumki, eposning hozirgi jahon, jumladan, o‘zbek adabiyotidagi asosiy ko‘rinishi romandir. Roman o‘zbek adabiyotida ilk bor XX asrning 20-yillarida Abdulla Qodiriyning ,,O‘tgan kunlar» romani bilan paydo bo‘lgan. Keyinchalik bu janrning taraqqiy etishiga S. Ayniy va Oybek singari adiblar katta hissa qo‘shdilar. 60-80-yillarda O. Yoqubov va P. Qodirov, shuningdek, Asqad Muxtor, Shuhrat, Hamid G‘ulom, Mirmuhsin, 90-yillarda esa Omon Matjon, Tog‘ay Murod singari yozuvchilarning shu janr doirasidagi badiiy izlanishlari bilan roman janrining yangi shoxobchalari yuzaga keldi.
Hozirgi kunda roman yoki doston janrlarining bu shoxobchalari ham shartli ravishda tarixiy-biografik roman janri yoki siyosiy roman janri va hokazo deb yuritilmoqda.