Har qanday kelin yangi uy ostonasidan qadam qo‘yar ekan, o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatishga, o‘zidagi bor-yo‘q fazilatlarni yuzaga chiqarishga harakat qiladi. Qaynona bilan til topishishda quyidagi maslahatlarimizga amal qilsangiz, ishlaringiz «besh» bo‘ladi.
Kamchiliklar uchun o‘zingizni aybdor his qilmang
Shu paytgacha siz umuman boshqacha muhitda, mutlaqo begona tartibda yashagansiz. Yangi xonadonning to‘laqonli a’zosi bo‘lishingiz uchun yana shuncha yashashingiz kerak. Shunday ekan, qaynonangiz ovqat tayyorlash, dazmol qilish, hatto hovli supurish kabi yumushlaringizdan ayb topadigan bo‘lsa, buning uchun qattiq iztirob chekib yurmang. Shunchaki bu uyda tartib, taomillar boshqacharoq. Bilmagan yumushlaringiz uchun ham aslo xijolat bo‘lmang. Shunda qaynonangizdan u yoki bu narsa haqida so‘rashingiz osonlashadi.
Tavakkal qilmang! Aytaylik, siz kelin bo‘lib tushgan xonadonda xush ko‘riladigan biror taomni pishirishni umuman bilmaysiz. O‘z holingizcha undan-bundan so‘rab, reseptlar asosida tayyorladingiz. O‘xshasa-ku xo‘p-xo‘p, aytganday chiqmasa, ming qo‘rquv ichida qilgan ovqatingizdan o‘zingizning ham ko‘nglingiz to‘lmay qoladi. Yaxshi chiqdi deganingizda ham «onamnikiday bo‘lmabdi», degan gapni eshitgandan ko‘ra qanday qilinishini bir og‘iz so‘rasangiz, qaynonangiz ham ichida «kelinim bilmaganini so‘rashdan og‘rinmaydi» degan xulosaga kelib, jon deb tajriba almashadi.
Vaqtingizni va kuchingizni behuda sarflamang
Uydagi yumushlar bo‘ladimi, biror joyga mehmondorchilikka borasizmi, hamma ishni mukammal reja asosida olib boring. Iloji bo‘lsa, bir haftalik ishlar rejasini tuzib, ko‘rinadigan joyga osib qo‘ying. Hammasini bir kunda uddalayman, degan xomxayoldan voz keching. Bir yumushni qayta-qayta qilmaslik uchun ishga unnashdan oldin eng oson yo‘li haqida o‘ylab ko‘ring.
Hurmatga sazovor bo‘lish uchun «men»ingizni saqlang! Sizga bo‘lgan munosabatlarda yuqoridan gapiriladigan, inkorsiz qabul qilishingiz kerakday bo‘ladigan vaziyatlar tug‘iladi. Yo‘lini qilib, ko‘nglini og‘ritmasdan u yoki bu narsa sizga ma’qul emasligini bildira oling. Indamay ichga yutib yuraversangiz, keyingi safar undan ham og‘irroq holat yuzaga kelsa, dilingiz xufton bo‘ladi. Izoh talab qilmaydigan maslahatimiz: yuzingizdan tabassum arimasin!